Qiyinchiliklar va oqibatlarni yumshatish - Zafar Hoshimov Rossiya-Ukraina to‘qnashuvining O‘zbekistonga ta’siri haqida

Iqtisodiyot 13:23 / 08.03.2022 66896

Ishbilarmon Zafar Hoshimov Facebook’da Ukrainadagi voqealarning O‘zbekiston iqtisodiyotida keltirib chiqaradigan oqibatlari borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Shu kunlarda mendan Ukrainadagi voqealar bizning iqtisodiyotimizda qanday oqibatlar keltirib chiqaradi, deb ko‘p so‘rashmoqda.

Qisqacha javob beradigan bo‘lsam: yaxshi oqibatlar emas.

Hozirning o‘zidayoq ko‘plab muammolar paydo bo‘lmoqda.

1. Logistika bilan bog‘liq: Ukrainadan, Ukraina hududidan, Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlari portlaridan keyinchalik Rossiya hududi bo‘ylab tranzit holda yetib keladigan barcha narsalar uchun muqobil, ehtimolki, yanada qimmatroq yo‘llar topishga to‘g‘ri keladi. Ayrim tovarlar uchun esa bunday yo‘nalishlarni topib ham bo‘lmaydi. Masalan, biz olmalarni Polshadan, sutlarni Boltiqbo‘yidan import qilar edik, yo‘lni Rossiya, Belarus va Ukraina hududlarini kesib o‘tgan holda olib kelar edik. Bu tovarlar uchun muqobil yo‘nalishni topish iqtisodiy nuqtayi nazardan imkonsiz.

2. Rossiya portlari orqali turli davlatlardan yetkaziladigan yuklarni olish ham muammoga aylanadi: ko‘plab dengiz liniyalari (xalqaro dengiz fraxtovka kompaniyalari kemalari) Rossiya portlariga yuk eltishni rad etishmoqda. Rossiya savdo kemalari esa Yevropa, Shimoliy Amerika, Yaponiya va Janubiy Koreya portlariga kira olmaydi. Shu sababli barcha dengiz yuklarini Bosfor bo‘g‘ozi orqali Qora dengizga faqat Poti (Gurjiston) portiga yoki Fors ko‘rfazidagi Bandar-Abbos (Eron) portiga olib kelish mumkin, xolos. Ayrim tovarlar uchun bu yo‘llar qimmatga tushadi, boshqalar uchun esa narxlar va muddatlar tufayli amalda imkonsiz bo‘ladi. Bu portlarda ham tirbandlik yuzaga kelishi, o‘tkazish quvvati pastligi tufayli to‘lib ketishi ehtimoli ham bor.

3. Banklar bilan bog‘liq: Rossiya va Belarusga import uchun to‘lovlar va bu davlatlarning bizning eksportimiz uchun to‘lovlari Rossiya banklariga joriy etilgan sanksiyalar tufayli murakkablashadi. Lekin tan olish kerak, bu boradagi muammolar qisqa muddatli, chunki to‘lov haqida gap ketar ekan, oluvchi tomon aql bovar qilmas egiluvchanlik va topqirlik bilan to‘lovning ko‘plab variantlarini o‘ylab topadi. Yopiq pul tizimi sharoitida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha bizda, garchi oxirgi yillarda unutilayotgan bo‘lsa-da, boy tajriba mavjud.

4. O‘rta va uzoq istiqbolda Rossiya va Belarus yetkazib beruvchilari bilan bog‘liq yanada murakkabroq muammolar paydo bo‘ladi: Ularni hozir xomashyo, texnologiya, materiallar va butlovchi qismlar bozorlaridan judo qilishmoqda va ular o‘zlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirgunga qadar mahsulot yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Bu esa uzoq davom etishi, ayrim jabhalarda esa hech qachon tiklanmasligi ham mumkin. Binobarin, RFda ishlab chiqariladigan va biz import qiladigan ayrim tovarlarning narxi oshadi, tanqisligi kuzatiladi.

5. Rossiyaning o‘zi ko‘plab tovarlarga cheklov va olib chiqishga taqiq o‘rnatishi mumkin. Taassufki, birinchi navbatda ijtimoiy muhim mahsulotlarga. Tushuntiraman. Rossiya allaqachon bir qator shunday tovarlarga keskin narx cheklovlari joriy etdi. Shuning uchun ijtimoiy muhim tovarlarni ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini ichki bozorda realizatsiya qilgandan ko‘ra, eksport qilishni afzal bilishadi. Eksportning keskin o‘sishi esa RF hukumatida ichki bozorni ta’minlash maqsadida eksportni taqiqlash yo cheklashga rag‘bat uyg‘otishi mumkin.

6. Ukrainadan barcha mahsulot kelishi, tabiiyki, to‘xtab qoldi. Bu mahsulotlarga va bozorlarga hozirning o‘zidayoq muqobilini topish kerak.

7. Xizmatlar bo‘yicha. Ukraina kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan IT, texnologik, dizayn, marketing xizmatlari, ma’lumotlarni saqlash va uzatish xizmatlari, texnik ko‘mak kabi xizmatlar ham vaqtinchalik uzildi. Bu ham yomon, chunki bunday yuqori darajada va arzon narxlarda xizmatlarni ukrainlardan boshqa hech kim taqdim etmaydi. Qo‘shimcha qilish kerakki, ayrim ukrain kompaniyalari harbiy harakatlarga qaramasdan o‘z xizmatlarini onlayn rejimda taqdim etishda davom etishmoqda.

Bu hozirning o‘zidayoq bo‘y ko‘rsatgan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etuvchi va taxmin qilish oson bo‘lgan muammolarning birinchi guruhi edi. Keyinchalik yanada murakkab muammolar paydo bo‘la boshlaydi:

1. Rublning devalvatsiyasi. Bu mehnat migrantlarimiz daromadlariga zarba bo‘ladi. Shuningdek, Rossiyadan naqd pul jo‘natish qiyinlashadi. Rossiya o‘z rezidentlari va norezidentlar uchun valutani olib chiqishga allaqachon cheklovlar o‘rnatib bo‘ldi. Agar vaziyat shu zaylda davom etaversa, cheklovlar yanada qat’iylashishi, rubl kursi yanada tushishi mumkin. Daromadlari rublda belgilangan migrantlarimiz uchun bu to‘g‘ridan to‘g‘ri zararga kirishni anglatadi. Men bu maqolani yozayotgan chog‘imda Rossiya banklari muassasalari tomonidan jismoniy shaxslarga valuta sotish 30 foizlik komissiya bilan amalga oshirilishi belgilangan edi. Keyinchalik komissiya 12 foizga tushirildi, to‘g‘ri. Shunday bo‘lsa-da, bu qadamlar mehnat migrantlari tomonidan mamlakatga pul jo‘natishga juda sezilarli zarba beradi.

2. Misli ko‘rilmagan sanksiyalar ostida Rossiya iqtisodiyoti o‘tkir retsessiya va investitsion yetishmovchilikka mubtalo bo‘ladi. Demak, ish o‘rinlari va aholi daromadlari qisqaradi, shu jumladan va eng avvalo mehnat migrantlari uchun. Migrantlar jo‘natayotgan pul to‘g‘ridan to‘g‘ri aholi qo‘liga kelib tushadi va kundalik iste’molning katta qismini tashkil etadi. Bu esa mamlakatdagi iste’molchilarning keng doirasi daromadlari va xarid qobiliyatiga keskin zarba bo‘ladi.

3. Rublning devalvatsiyasi, o‘zbek so‘miga cheklangan bo‘lsa-da bosim o‘tkazadi. Cheklangan deyilayotganiga sabab, baxtimizga hozirda valuta manbalari 5-6 yil avvalgiga nisbatan yaxshiroq diversifikatsiya qilingan, boz ustiga, bunday noaniqlik va volatillik davrida mamlakatimizga valuta tushumi asosiy manbalaridan biri — oltin narxi jahon bozorlarida oshib boradi. Bu ham albatta valuta tushumi kamayishini kompensatsiyalaydi va ma’lum bir darajada barqarorlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

4. Eksportdan tushumlar kamayadi. Bu O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklarida talab kamayishi va to‘lov qobiliyati pasayishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

5. Bularning barchasi o‘rta istiqbolda inflatsiya ko‘rsatkichlarida o‘z aksini topadi. Bunda, gap ichki bozorda narxlar dinamikasi haqida bormayapti, bu jahon narxlari tufayli sodir bo‘ladi. O‘tgan yilgi dollar inflatsiyasi yuqori emissiya, ishbilarmonlik faolligining keskin oshishi va pandemiyadan keyin tovarlarga bo‘lgan talab oshishi tufayli 6 foizdan yuqoriroq bo‘ldi. Bu yili esa bunga Ukrainadagi vaziyat va Rossiyani ixotalash, energetika, g‘alla, o‘simlik yog‘i va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishdagi ulushi yuqoriligi tufayli dunyo bozorida shu tovarlar narxlari oshishi ham qo‘shiladi. Dollardagi inflatsiya aniq o‘tgan yilgidan kam bo‘lmaydi, ayrim prognozlarga ko‘ra 8–10 foizga yetishi mumkin. So‘m kursini qo‘zg‘almas qilib ushlash juda qiyin bo‘ladi, boz ustiga zararli ham, so‘mni sun’iy mustahkamlasak, biz beixtiyor an’anaviy bozorlarimizga eksportimizni qisqartirib qo‘yamiz. Mana shu vajlar ortidan, qayta moliyalash stavkasi tez orada tushishini ham kutmasak bo‘ladi.

6. Rossiyaning ko‘plab banklari va korxonalari O‘zbekistonda moliyalashtirish yoki investitsion faoliyat bilan shug‘ullanayotgan edi. Aniq ta’kidlab aytish mumkinki, ularning barchasida yaqin yillarda buning uchun likvidligi avvalgi darajada bo‘lmaydi va bu ham mamlakatimiz iqtisodiyotidagi likvidlikka o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Shu bilan birga, boshqa kreditlar qatori, iste’mol krediti hajmi va narxi ham yaxshilanmaydi.

Mana shunday unchalik yoqimli bo‘lmagan yangiliklar bilan bir qatorda yangi va mutlaqo kutilmagan imkoniyatlar ochilayotgan sohalar ham borligini qayd etib o‘tish kerak.

1. Professional va ishbilarmonlarning Rossiya va Belarusdan ko‘chib kelishi. Ushbu mamlakatlarning bu sinfga mansub ko‘plab vakillari o‘z vatanidan tashqarida yangi imkoniyatlarni izlashmoqda. Bular aytishniklar, dasturchilar, kreativ sektor vakillari, konsultantlar, texnologlar, auditorlar, marketing va distrubitsiya bo‘yicha mutaxassislar, ko‘ngilochar biznes vakillari, chakana savdo mutaxassislari, hozir Rossiya va Belarusda yopilayotgan ko‘plab kompaniya va sohalarda ishlagan va loyihalarni boshqargan insonlar. Bu mehnat bozorimiz uchun juda yaxshi imkoniyatlar: aynan mana shunday mutaxassislar juda taqchil edi, kichik va o‘rta biznes uchun ekspertiza ham, bunday xizmatlardan foydalanishning o‘zi ham imkonsiz yo qimmatlik qilar, bu ham o‘sish va rivojlanishni to‘xtatib turuvchi omillardan biri edi.

2. Turizm. Rossiyaliklar va belaruslar uchun hozir juda ko‘plab mamlakatlar yopildi va bu ikki davlatdan mamlakatimizga turizm hajmi, aminmanki, o‘sadi. Kuni kecha, masalan, Betmen haqidagi yangi filmning premerasini ko‘rish uchun Toshkentga ataylab kelgan rossiyalik haqida o‘qib qoldim.

3. Aviatsiyani rivojlantirish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlar ochilmoqda. Rossiyaning jamiki aviatsiyasi qo‘shnilar osmonini yopgani tufayli «qo‘ndirib» qo‘yilgan yoki o‘z mamlakati doirasida cheklangan, bir vaqtning o‘zida ham Rossiya, ham Yevropa osmonida uchish imkoniyatiga ega, Yevropadan O‘rta va Uzoq Sharq, Janubiy-Sharqiy Osiyo tomon o‘tadigan havo yo‘llarining o‘rtasidagi manfaatli joylashuvi bilan aviatsiyamiz uchun qanchalik ko‘p imkoniyat ochilayotganini tasavvur qiling-a?

Nima qilish kerak:

1. Paydo bo‘lgan sharoitlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilish imkoniyati paydo bo‘lishi uchun oziq-ovqat va iste’mol mollariga barcha import bojlari va aksiz soliqlarini bekor qilish kerak. Bu oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bozorda narxlar keskin oshishi va taqchillik yuzaga kelishini yumshatish uchun yagona chora.

2. Ham eksport, ham import uchun bozorlar va nomenklaturani diversifikatsiya qilish lozim.

3. Butunjahon savdo tashkilotiga kirishni imkon qadar tezlashtirish hamda iloji boricha barcha mamlakatlar bilan erkin savdo to‘g‘risida bitim imzolash.

4. Mamlakatimizga va mamlakatimizdan logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, bu holda xalqaro huquq va davlatlararo kelishuvlar asosida yuklarning tranzit davlatlar, eng avvalo Rossiya hududidan to‘siqlarsiz o‘tishini ta’minlash.

5. Imkoni boricha mehnat migrantlarimiz uchun mehnat bozorlarini diversifikatsiya qilish.

6. Rossiya va Belarus hududida bizning mehnat bozorimiz marketingini faollashtirish.

7. Yetuk mutaxassislarning ko‘chib o‘tishini maksimal darajada osonlashtirish: maxsus soddalashtirilgan viza rejimlari joriy etish (gap ishchi vizalar haqida bormoqda), soddalashtirilgan qayd etish tizimi, istiqomat huquqini beruvchi guvohnomalar berish, ishlash uchun ruxsatnomalar berish. Bularning barchasini barcha mutaxassisliklar uchun joriy etish.

8. Havo flotini kengaytirish, reyslar va fuqarolik aviatsiyasi yo‘nalishlari sonini oshirish, jumladan aviatashuvlar bozorini erkinlashtirish orqali. Bizning aviakompaniyalarimiz hozirda jadal o‘sishi uchun unikal imkoniyatga ega bo‘lib turishibdi».

Ko‘proq yangiliklar: