Messi va Mbappe Madridda «Real»ga qarshi, «Inter» Angliyada sensatsiya qayd eta oladimi? YeChL 1/8 final javob o‘yinlari anonsi

Sport 16:05 / 08.03.2022 27808

Ikki haftalik tanaffusdan keyin Chempionlar ligasi 1/8 final javob uchrashuvlariga start beriladi. Seshanba oqshomida «Liverpul» va «Bavariya» chorakfinalga yo‘llanma olishga yaqin bo‘lsa, chorshanba oqshomida final oldi finalda «Real» va «PSJ» o‘zaro to‘qnash kelib, YeChL g‘olibligiga da’vogarlardan biri turnirdagi ishtirokini erta yakunlashiga to‘g‘ri keladi. Muxlislarga yod bo‘lib qolgan madhiya sadolari yangrashidan avval Tribuna.uz hal qiluvchi bahslarning taxminiy tarkiblari va prevyusini taqdim etadi.

«Inter» Liverpulda sensatsiya qayd eta oladimi?

Milanda o‘tgan dastlabki uchrashuvda «Liverpul» Firmino va Salohning gollari evaziga Italiyadan deyarli yo‘llanma bilan qaytdi. Har holda safarda ikki to‘p farqida g‘alaba qozonish Yurgen Klopp jamoasiga «Enfild Road»dagi javob bahsi oldidan yaxshigina ustunlik beradi. Shu kuni Firmino, Matip va Tyago Alkantara mezbonlarga yordam bera olmasa-da, bu yo‘qotishlar nemis murabbiyi uchun boshog‘riq bo‘lmaydi. Ammo milanliklar safidagi birgina Barellaning diskvalifikatsiyasini Simone Indzagi uchun jiddiy yo‘qotish sifatida baholash mumkin.

Foto: Getty Images

«Inter» yevrokuboklar doirasida Angliyada 16 marta mehmon bo‘lib, faqat 4 uchrashuvda g‘alaba bilan qaytgan. «Neradzurrilar» so‘nggi marta 2010 yilda Londonda «Chelsi»ga qarshi saf tortib, Samuel Eto'oning goli evaziga (1:0) YeChL g‘olibligi sari navbatdagi qadamni tashlagandi. Indzagi shogirdlari A Seriya so‘nggi turida «Salernitana»ni mag‘lub (5:0) etib, 5 o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga barham bergan bo‘lsa-da, g‘alabali seriyasini qatorasiga 12taga yetkazgan «Liverpul» muxlislari qarshisida sensatsiya ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymasligi ehtimoli juda yuqori.

Dastlabki o‘yinlar doirasida «Bavariya»ning kamtarona «Zalsburg»ni mag‘lub eta olmagani, aniqroq qilib aytganda, 90-daqiqada mag‘lubiyatdan qutulib qolgani ko‘pchilik uchun kutilmagan natija bo‘ldi – 1:1. Yulian Nagelsmannning sobiq «RB Leypsig» klubiga nomdosh va uslub jihatdan ham o‘xshash bo‘lgan Avstriya klubi Myunxenda ham barchani hayratlantirishi mumkin. O‘z vaqtida Myunxendan «Red Bull Zalsburg»ga ko‘chib o‘tgan Karim Adeyyemi endi avstriyaliklar yetakchisi sifatida «Bavariya»ga qarshi saf tortadi.

Foto: Getty Images

Messi va Mbappe Madridda mehmon

Madridliklar 1/8 finalda yana muammoga duch kelishmoqda. «Real» YeChL so‘nggi uch mavsumida ikki marta turnirdagi ishtirokini aynan nimchorakfinalda yakunlagandi. «Qirollik klubi» Lionel Messi «Santyago Bernabeu»da mehmon bo‘ladigan bu safargi bahsida ham musobaqa bilan xayrlashishni istamasligi aniq.

Argentinalik 34 yoshli hujumchi Chempionlar ligasi tarixida 1/8 final bosqichining eng sermahsul futbolchisi sanaladi. Faoliyati davomida 45ta «El-Klasiko»da to‘p surgan Messining «Bernabeu»da nimalar qilgani madridlik muxlislar yodidan chiqmasa kerak. Jumladan, 2010/11 yilgi mavsumda Leo 1/8 finalda «Real»ga qarshi Madriddagi o‘yinning so‘nggi 15 daqiqasida dubl qayd etib, muhtasham «Bernabeu»ni sukunatga cho‘mdirgandi.

Bu safargi qarama-qarshilikdan oldin Karlo Anchelotti tarkib borasida yetarlicha muammolarga ega. Kazemiro va Mendi diskvalifikatsiya sababli o‘ynamasa, maydon markazidagi Valverde va Kroosning ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.

Parijliklardan Ramos maydonga tushmasligi avvaldan ma’lum bo‘lsa, Mbappe dushanba kuni jarohat olgach, Pochettinoda jiddiy muammo yuzaga kelgandi.

Ammo kechga yaqin fransiyalik forvardning jarohati jiddiy emasligi xabar qilinib, uning Madridda to‘p surishi aytildi. Dastlabki bahsda «PSJ»ga g‘alaba keltirgan Kilian yozda Madridga ko‘chib o‘tish oldidan «Santyago Bernabeu»dagi muxlislari qarshisida yana bir marta nimalarga qodirligini ko‘rsatishga intilsa, ajabmas. Har qanaqasiga ham chorshanba oqshomida YeChL asosiy favoritlaridan biri bilan xayrlashadi.

Foto: Getty Images

Tunning ikkinchi o‘yindagi bahsda savolga o‘rin qolmagan - «Manchester Siti» deyarli chorakfinalda. Safardagi 5:0 hisobli g‘alabadan keyin Gvardiola jamoasi o‘z maydonida «Sporting» darvozasiga yana nechta gol uradi – shu savol muxlislarni qiziqtirayotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

YeChL. 1/8 final. Javob uchrashuvlari

8 mart (seshanba)

«LIVeRPUL» - «INTeR»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: Sport

Birinchi o‘yin: 2:0

«Liverpul»: Alisson; Aleksander-Arnold, Konate, van Deyk, Roberson; Henderson, Fabino, Keyta; Dias, Saloh, Mane

So‘roq ostida: Firmino (mushak), Matip (betob), Tyago Alkantara (mushak)

«Inter»: Handanovich; Shkriniar, de Vrey, Bastoni; Dumfris, Vidal, Brozovich, Hoqon Chalxono‘g‘lu, Perishich; Jyeko, Lautaro Martines

O‘ynamaydi: Barella (diskvalifikatsiya)

«BAVARIYa» - «ZALsBURG»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: Mahalla

Birinchi o‘yin: 1:1

«Bavariya»: Noyyer; Pavar, Zyule, Upamekano, Ernandes; Kimmix, Musiala; Sane, Myuller, Koman; Levandovski

O‘ynamaydi: Goretska (tizza), Devis (yurak), Tolisso (son)

Ogohlantirilsa keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi: Ernandes

«Zalsburg»: Ken; Kristensen, Pentkovski, Veber, Ulmer; Kamara; Suchich, Aronson, Zayvald; Adamu, Adeyyemi

O‘ynamaydi: Okox (tizza), Kota (tizza), Ongene (betob)

So‘roq ostida: Sole (son), Okafor (son), Sheshko (son)

Ogohlantirilsa keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi: Adeyyemi, Kamara, Zayvald, Ulmer

9 mart (chorshanba)

«ReAL» - «PSJ»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: Sport

Birinchi o‘yin: 0:1

«Real»: Kurtua; Karvaxal, Eder Militao, Alaba, Nacho; Modrich, Kroos, Valverde; Asensio, Benzema, Vinisius Junior

O‘ynamaydi: Kazemiro (diskvalifikatsiya), Mendi (diskvalifikatsiya)

So‘roq ostida: Kroos (mushak), Valverde (shamolllash)

Ogohlantirilsa keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi: Eder Militao

«PSJ»: Navas; Hakimi, Markinos, Kimpembe, Nunu Mendesh; Guey, Verratti, Danilu; Messi, Mbappe, Neymar

O‘ynamaydi: Ramos (mushak), Kyurzava (bel)

So‘roq ostida: Errera (ko‘z)

Ogohlantirilsa keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi: Danilu, Kimpembe, Paredes, Verratti

«MANCheSTeR SITI» - «SPORTING»

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: Mahalla

Birinchi o‘yin: 5:0

«Manchester Siti»: Ederson; Joau Kanselu, Stounz, Lyaport, Zinchenko; Bernardu Silva, Fernandino, Gundo‘g‘an; Sterling, Jyezus, Grilish

O‘ynamaydi: Ruben Diash (mushak), Uoker (diskvalifikatsiya)

So‘roq ostida: Ake (noma’lum), Palmer (to‘piq)

Ogohlantirilsa keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi: de Breyne, Joau Kanselu

«Sporting»: Adan; Inasiu, Koates, Feddal; Porro, Ugarte, Essugu, Mateus Reys; Sarabiya, Slimani, Nunu Santush

O‘ynamaydi: Mateus Nunes (diskvalifikatsiya), Bragansa (to‘piq), Pedru Gonsalvesh (mushak), Joau Palinya (mushak)

Ogohlantirilsa keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi: Feddal, Joau Palinya, Pedro Porro.

Ko‘proq yangiliklar: