Visa va Mastercard Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatmoqda

Iqtisodiyot 11:39 / 07.03.2022 26409

Shundan keyin Rossiyada chiqarilgan Visa va Mastercard kartalaridan chet elda foydalanib bo‘lmaydi, xorijda chiqarilgan kartalar bilan ham Rossiyadagi banklar va terminallarda to‘lov qilib bo‘lmaydi.

Visa bu qarorni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va undan keyin ro‘y bergan voqealar bilan izohlagan. «Mazkur urush hamda tinchlikka va barqarorlikka doimiy tahdidlar bizdan qadriyatlarimizga muvofiq javob berishni talab qiladi», deyiladi bayonotda.

Mastercard bayonotida ham ko‘pchilikka qo‘shilgan holda, barcha uchun yanada ijobiy, samarali va tinch kelajak umidida ushbu qadam tashlangani qayd etilgan.

Shu tariqa, amalda Rossiya moliya tizimi tashqi dunyodan uzilib qoladi.

Shu bilan birga Rossiya banklari tomonidan chiqarilgan Visa va Mastercard kartalari Rossiyada odatdagidek ishlashda davom etadi, chunki ular bo‘yicha operatsiyalar Milliy to‘lov kartalari tizimi orqali amalga oshiriladi - bu tizim «Mir» kartalarini ham chiqargan.

Milliy to‘lov kartalari tizimi Rossiyada 2014 yilda Qrim bosib olinganidan keyin paydo bo‘lgan.

Aynan uning sharofati bilan Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda to‘lov tizimi ishlab keladi: mahalliy banklar tomonidan emissiya qilingan kartalar bilan Rossiya hududida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin, ammo yarimorol aholisi bu kartalar bilan xorijdagi internet-do‘konlarga to‘lov qilolmaydi, shuningdek xorijga chiqqanda bu kartalarni ishlatolmaydi.

«Mir» kartalari ishlaydigan davlatlar:

  • Turkiya
  • Vetnam
  • Armaniston
  • Belarus
  • Qirg‘iziston
  • Tojikiston
  • Qozog‘iston
  • Janubiy Osetiya
  • Abxaziya
  • Kipr
  • BAA

Rossiyaliklar xorijdagi internet do‘konlardan tashqari AppStore va GooglePlay ilovalaridagi do‘konlarda, shuningdek Apple Pay va GooglePay hamyonlarida Visa va MasterCard kartalari orqali to‘lov qilolmaydi.

Markaziy bank aniqlik kiritishicha, kartalarga bog‘langan hisoblardagi mablag‘lar o‘z joyida qoladi.

«Mir» kartalaridan hamon ayrim xorij mamlakatlarida foydalanish mumkin. Bular asosan MDH mamlakatlari, shuningdek Turkiya va Vetnam kabi davlatlar.

Rossiya regulyatori xorijga chiqishda naqd valuta olishni tavsiya etmoqda. Hozircha xorijda chiqarilgan Visa va MasterCard kartalaridan Rossiya banklari kartalariga o‘tkazmalar qanday yo‘l bilan amalga oshirilishi ma’lum emas.

Visa (200 dan ortiq mamlakat va hududlarda iste’molchilar, savdogarlar, moliya institutlari va davlat tuzilmalari o‘rtasida to‘lov tranzaksiyalarini amalga oshiradi) va MasterCard (210 ta davlatdagi 22 000 ta moliya institutlarini birlashtirgan transmilliy moliyaviy korporatsiya) - dunyodagi eng yirik to‘lov tizimlari hisoblanadi, ammo yagonasi emas.

Masalan, Xitoyning Union Pay kompaniyasi bor va u Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishi dargumon. Uni dunyoning 180 mamlakatida, jumladan Yevropa mamlakatlarida qabul qilishadi.

Shuningdek Amerikaning American Express va Yaponiyaning JCB kompaniyalari ham bor, biroq ular ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilishi ehtimoli yuqori.

Ko‘proq yangiliklar: