Namangan va Samarqandda anshlag, stadiondagi hokimlar va Bekobod shamoliga mag‘lub bo‘lgan Qosimov. Superliga 1-turi sarhisobi

Sport 16:04 / 05.03.2022 28315

Bahorning ilk kunlaridan mamlakatimizda yangi futbol mavsumiga start berildi. O‘zbekistonning bir qator shaharlarida Superliga 1-turi doirasidagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Bayramona futbol atmosferasi, kutilmagan natijalar va shiddatli o‘yinlar bilan bir qatorda muxlislarni ranjitgan voqealar ham kuzatildi. Tribuna.uz dastlabki tur sarhisobini keltiradi.

Yangi mavsum: Hokimlar va futbol

Superliga 1-tur uchrashuvlarini viloyat futbol assotsiatsiyalari prezidenti sanalmish hokimlar ochib berishi an’ana tusini olgan. Jumladan, Superliga-2022 doirasidagi ilk o‘yin Yaypanda «Neftchi» va «Qo‘qon-1912» o‘rtasida kechib, bahs oldidan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, har ikki jamoaga omad tilagan holda viloyatda futbol mavsumini ochiq deb e’lon qildi. 

Foto: Tribuna.uz

3 mart kuni esa turning markaziy uchrashuvi Namanganda o‘tkazildi. Muxlislar bilan to‘lgan «Markaziy» o‘yingohda «Navbahor» - «Nasaf» uchrashuvidan avval Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov so‘zga chiqib, barchani yangi futbol mavsumi bilan qutlagan holda Namanganda futbol mavsumini ochiq deb e’lon qildi.

Foto: Tribuna.uz

Shuningdek, 3 mart kuni Samarqanddagi «Dinamo» - «Paxtakor» bahsi bilan ko‘hna shaharga Superliga havosi qaytdi. Muxlislar bilan to‘lgan o‘yingohda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov nutq so‘zlashi kutilgandi. Ammo hokim ma’lum sabablarga ko‘ra futbolga kela olmagach, Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshed O‘roqov viloyatda futbol mavsumini ochiq deb e’lon qildi. 

Foto: Tribuna.uz

Tur tashrifi: Namangan va Samarqandda eng ko‘p, Toshkent va Olmaliqda eng kam muxlis

Superliga-2022 ilk turining 7ta uchrashuvida o‘yingohlarda jami 43 393 tomoshabin tashrif buyurdi.

Kutilganidek, eng ko‘p tomoshabin Namanganda kuzatildi. Chempionlikni maqsad qilgan «Navbahor» va «Nasaf» o‘rtasidagi bahsni kuzatish uchun stadionga 19 720 tomoshabin yig‘ildi. Bu natija mavsum rekordi sifatida qolishi ham hech gap emas.

Foto: Tribuna.uz

Samarqanddagi «Dinamo» - «Paxtakor» o‘yinida ham qariyb 13 ming sig‘imli o‘yingoh muxlislar bilan to‘ldi. Shu kuni 10 895ta chipta sotilgan. Ikki yil Pro ligani kuzatgan ko‘hna shaharlik muxlislar Superligani sog‘inib qolgani ko‘rindi.

Foto: Tribuna.uz

Yaypan va Bekobodda 5 mingdan ortiq, Toshkentdagi ikki o‘yin esa jami qariyb 2 ming tomoshabin to‘plagan. Olmaliqda o‘tgan «Qizilqum» - «Lokomotiv» bahsida esa eng kam – 375 nafar tomoshabin to‘plangan.

Superliga. 1-tur tomoshabinlar tashrifi:

NAVBAHOR – NASAF - 0:0

Namangan. «Markaziy» stadion. 19720 tomoshabin.

DINAMO – PAXTAKOR - 0:2

Samarqand. «Dinamo» stadioni. 10895 tomoshabin.

NeFTChI – QO‘QON-1912 - 0:0.

Yaypan. «O‘zbekiston» stadioni. 5250 tomoshabin.

MeTALLURG – OKMK – 1:0

Bekobod. «Metallurg» stadioni. 5200tomoshabin.

BUNYoDKOR – SO‘G‘DIYoNA - 0:0

Toshkent. «Lokomotiv» stadioni. 1001 tomoshabin.

OLIMPIK – SURXON - 0:0.

Toshkent. «Paxtakor» stadioni. 952 tomoshabin.

QIZILQUM – LOKOMOTIV - 2:0

Olmaliq. OTMK sport majmuasi. 375 tomoshabin.

Tur qahramoni - «Navbahor» muxlislari

Tur qahramoni sifatida qaysidir futbolchini emas, namanganlik muxlislarni tanlashni lozim topdik. Namangan ahli Superliga yangi mavsumini shu daraja intiqlik bilan kutdiki, «Navbahor» - «Nasaf» uchrashuvi chiptalari Superliga uchun rekord – 50 va 100 ming so‘mdan sotilganiga qaramay, «Markaziy» o‘yingoh muxlislar bilan deyarli liq to‘ldi – 19 720 tomoshabin.

Foto: Tribuna.uz

O‘yin davomida ham ishqibozlar «lochinlar»ni 90 daqiqa qo‘llab-quvvatlashdi, ammo Samvel Babayan shogirdlari fidoyilik va jonkuyarlik uchun munosib javob qaytara olishmadi – 0:0.

Tur sensatsiyasi: Chempionlikka da’vogar OKMK Bekoboddagi mojaroli o‘yinda mag‘lub bo‘ldi

Dastlabki turning eng kutilmagan va mojaroli uchrashuvi Bekobodda o‘tdi. Toshkent viloyatining ikki jamoasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik qaysidir jamoaning yaqqol ustunligi emas, bosh hakamning qarorlari bilan yodda qoldi. O‘yin referisi Firdavs Norsafarov shu kuni olmaliqliklar tarkibida ikki futbolchini chetlatdi hamda penaltidan kiritilgan gol mezbonlarga g‘alaba keltirdi – 1:0

O‘yindan keyin esa klub matbuot xizmati mag‘lubiyatga ko‘proq kuchli shamol va hakamlik ta’sir qilganiga urg‘u berdi.

«Bekobod shamoli haqiqiy futbol spektaklini chiroyini buzib qo‘ydi. Natijada jamoalar kombinatsion futbol namoyish etish uchun raqibdan tashqari shamol bilan ham bellashdilar. Shamolga qarshi kuchli va keskin kechgan bahsda ob-havo injiqligi oldida futbolchilar ojiz qolishdi. Shamol ta’sirida to‘p yo‘nalishi keskin o‘zgarib ketgach jarima maydonchamiz ichida Rahmonov to‘pni bartaraf etish chog‘ida raqibga nisbatan fol ishlatgani bosh hakam Norsafarov tomonidan qayd etildi va darvoza tomon penalti belgilandi. Qo‘shimchasiga esa Rahmonovga so‘nggi fol chorasi ishlatdi deya qizil kartochka ko‘rsatgan Firdavs Norsafarov jamoamizni 10 kishi qoldirdi», - deyiladi klub sharhida.

Tur mojarosi: Bekobodda bekor qilingan VAR tizimi

PFL Superliga ilk turida hakamlar ro‘yxatini e’lon qilgach, tur doirasidagi «Bunyodkor» – «So‘g‘diyona» hamda «Metallurg» – OKMK o‘yinlarida ham VAR tizimi ishlashi haqida e’lon qilgandi. Biroq o‘yindan bir kun avval VAR texnologiyalari ishlashi uchun televideniye ko‘chma studiyasi zarur bo‘lishi, ayni paytda O‘zMTRKga tegishli telestudiyalar boshqa rasmiy tadbirlarda hozir bo‘lishi ko‘zda tutilgani sababli «Bunyodkor» – «So‘g‘diyona» va «Metallurg» – OKMK uchrashuvlarida VAR tizimi ishlatilmasligini e’lon qildi. Bu esa o‘yindan keyin Olmaliq klubi e’tiroziga sabab bo‘lgan.

«Qizig‘i, mazkur o‘yin rasmiylari e’lon qilingan vaqtda uchrashuvda VAR tizimi ishlashi rejalashtirilgandi. Ammo o‘yinga 2 kun qolganida O‘zPFL rasman Toshkent viloyati derbisida texnik sabablarga ko‘ra VAR tizimi ishlashi bekor bo‘lganini e’lon qilgandi.

Firdavs Norsafarov negadir o‘yin davomida ikki xil standartlar bo‘yicha qaror chiqardi. OKMK foydasiga, «Metallurg» zarariga bo‘lgan vaziyatlarni yumshoqlik bilan, imtiyozlar taqdim etgandek tuyuldi. Aksincha, OKMK zarariga, «Metallurg» foydasiga esa qattiqqo‘l hakam rejimida, hammasini to‘g‘ri qilayotgandek yuqori ishonch bilan qarorlar chiqardi», - deyiladi uchrashuvdan keyin Norsafarovning o‘yindagi bir qator qarorlari bo‘yicha OKMKning O‘FAga yozgan shikoyat xatida.

Turning eng chiroyli goli: Boydullayevdan o‘z uslubidagi gol

Superliga ilk turining 7ta o‘yinida bor yo‘g‘i 6ta gol kiritildi. Ammo shular orasidan ham tur goliga da’vogari bor edi. Olmaliqda 375 nafar tomoshabin ko‘z o‘ngida o‘tgan «Qizilqum» - «Lokomotiv» bahsida navoiyliklarning 37 yoshli yetakchisi Erkin Boydullayev o‘z uslubida – jarima maydoni tashqarisidan «temiryo‘lchilar» darvozasini nishonga oldi. Chindanam, turning eng chiroyli goli.

 

Tur iqtibosi: «Menimcha, biz futbolni tushunmas ekanmiz» – Qosimov

«Fikrim baribir qiziq emas... Nima ham deyman endi? O‘yinga guvoh bo‘ldinglar, futbolni bizlardan ham yaxshi tushunasizlar-ku! Menimcha, biz futbolni tushunmas ekanmiz... Shu narsa bo‘lishi kerak ekan. Bu kunlar ham o‘tadi, bu (mag‘lubiyat) bizni yanada kuchaytiradi. Yaxshi niyatda kelgandik. Chetlatishlar bo‘yicha qanday qaror qabul qilishadi, nechta o‘yinda maydonga tushishmaydi, bilmayman. Biz yanada kuchli bo‘lib qaytamiz», - deydi Qosimov o‘yindan keyin.

Tur ramziy jamoasi: «Paxtakor» va «Qizilqum»dan eng ko‘p nomzod

Tribuna.uz talqiniga ko‘ra, Superliga 1-tur ramziy jamoasi quyidagicha ko‘rinish oldi:

Darvozabon: Milan Mitrovich (So‘g‘diyona)

Himoyachilar: Shahboz Jo‘rabekov (So‘g‘diyona), Boburbek Yo‘ldoshev (Qizilqum), Umarbek Eshmurodov (Nasaf), Farrux Sayfiyev (Paxtakor)

Yarimhimoyachilar: Erkin Boydullayev (Qizilqum), Abror Ismoilov (Neftchi), Hojimat Erkinov (Paxtakor), Aleksandar Stanisavlevich (Qizilqum).

Hujumchilar: Shohnazar Norbekov (Metallurg), Dragan Cheran (Paxtakor)

Foto: Tribuna.uz

1-turdan keyingi turnir jadvali va 2-tur anonci: 

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: