MB Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazishda uzilish bo‘lmasligi uchun barcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi

Iqtisodiyot 22:25 / 01.03.2022 34312

Rossiya banklariga qo‘llanilayotgan moliyaviy sanksiyalar ushbu davlatdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari yuborishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. O‘zbekiston Markaziy bankining bayonotida xavotirlarga o‘rin yo‘qligi ta’kidlanadi.

Bayonotda bugungi kunda mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda ayrim xalqaro pul o‘tkazmalari operatorlari faoliyatida vaqtinchalik uzilishlar yoki to‘xtalishlar kuzatilayotgani tan olinadi.

“Qayd etish lozimki, Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi ko‘plab tizimlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ba’zi tizimlarda uzilishlar vujudga kelganda ularning boshqa muqobilidan foydalanish imkoniyati mavjud.

Xalqaro pul o‘tkazmalarining aholi uchun dolzarbligidan kelib chiqib, tijorat banklari tomonidan mamlakatimiz hududida ularning uzluksiz faoliyati uchun zarur choralar ko‘rib borilmoqda”, – deyiladi Markaziy bank bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Yevroittifoq, AQSh, Kanada va Britaniya Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli sanksiyalar ostiga tushgan Rossiya banklarini SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan uzish bo‘yicha kelishib olishgan. Rossiya banklariga qarshi qo‘llangan sanksiyalar hozircha Rossiya markaziy banki, «VTB», «Sberbank», «Alfa-bank», «Otkritiye», «Gazprombank», «Rosselxozbank», «Novikom», «Sovkom», «MKB» banklariga ta’sir qiladi. Zaruratga qarab boshqa banklar ham tizimdan uzilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: