Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan G‘arb Rossiyani SWIFT’dan uzish masalasini keng muhokama qilmoqda. SWIFT nima o‘zi? Uning ahamiyati qanchalik yuqori? Telegramdagi MacroBS kanali shu haqda yozdi.
SWIFT dunyo bo‘yicha 11 mingdan ortiq moliyaviy institutlarni birlashtiruvchi axborot almashish tizimi hisoblanadi. Belgiyada joylashgan va Yevropa Ittifoqi qonuni bo‘yicha faoliyat yuritadi.
Alohida aytish kerakki, SWIFT to‘lov tizimi emas, balki axborot almashish vositasi. Oddiyroq aytganda, o‘z a’zolariga xabarlar yuborish imkonini beruvchi chat yoki telegramdagi katta bir guruhga o‘xshatish mumkin.
Uning ko‘lami shu darajada kattaki, mazkur kommunikatsiya yordamida kuniga milliardlab davlatlararo tranzaksiyalar amalga oshiriladi.
SWIFT’dan u yoki bu davlatni uzish odatda AQSh yoki Yevropa davlatlari o‘z dushmanlarini qattiqroq jazolamoqchi bo‘lgan payt ko‘tariladi.
Aslida siyosiy bo‘lmagan bu tizim shuning uchun ham ko‘p tanqidga uchraydi. Ya’ni bu tizim G‘arb manfaatlariga yon bosadi deb qaraladi*.
Rossiya qanchalik bu tizimga bog‘liq?
SWIFT ahamiyati shundaki, bu tizim Rossiyaning 30 foiz eksportini tashkil etuvchi neft mahsulotlari uchun to‘lovlar kelib tushishini ta’minlaydi.
Hisob kitoblarga ko‘ra, SWIFT’ga ulangan Rossiyaning 291 a’zosining pul oqimlari jami pul oqimlarining 1,5 foizini tashkil etadi. Mazkur tizimda yuboriluvchi xabarlar soni bo‘yicha Rossiya dunyoda 6-o‘rinda turadi.
Bu juda katta raqam – Rossiyaning yillik o‘tkazma hajmi 800 mlrd dollarga yetishi mumkin. Bu Rossiya Yalpi ichki mahsulotining yarmidan biroz ko‘p degani.
SWIFT muqobili mavjudmi?
Nazariy jihatdan – ha bor. Biroq agar tez, ishonchli va oson pul o‘tkazishni xohlasang, unda yo‘q.
Nima uchun boshqa shunday tizimda buning imkoni past? Bu AQSh dollarining kuchi bilan bog‘liq.
Global to‘lovlarning yarmi, xalqaro savdoning 90 foizi AQSh dollarida amalga oshiriladi. SWIFT orqali yuborilgan xabar bo‘yicha dollardagi to‘lovlar odatda bir-biri bilan o‘zaro hisobraqamga ega bo‘lmagan banklar o‘rtasida amalga oshiriladi. Buning uchun odatda AQSh to‘lov tizimiga ulangan ma’lum bir korrespondent bank ishtirok etadi.
Yuqoridan ko‘rinadiki, AQSh bilvosita bo‘lsa ham davlatlar o‘rtasidagi to‘lovlar amalga oshishiga ta’sir ko‘rsata oladi. SWIFT’siz ham AQSh allaqachon Rossiyaning yirik banklarini AQSh moliya tizimidan uzishga ulgurdi va Rossiya uchun eksport masalasini ancha qiyinlashtirdi.
Shunday bo‘lsa-da, ayrim lazeykalar, ayniqsa asosan dollarda hisob-kitob qilinuvchi energiya mahsulotlari eksporti uchun saqlanib qolgan.
Gaz bo‘yicha Yevropa davlatlarining Rossiyaga yuqori bog‘liqligi tufayli uning ayrim a’zolari (Germaniya) energiya uchun to‘lovlarni to‘xtatishga qarshilik qilishayotgandi. Boshqacha aytganda, joriy qilingan sanksiyalar sanksiya qilish uchun maqsad qilinmagandi.
Ammo vaziyat juda jiddiylashishi ortidan va xalqaro bosim ostida Germaniya ham, Italiya ham Rossiyani SWIFT’dan uzishga qarshilik qilmasligini ma’lum qilishmoqda.
Rossiyaning SWIFT'dan uzilishi Rossiyaning eksport kompaniyalari uchun to‘lov qilishni deyarli imkonsiz qiladi.
*Bu tizim siyosiylashishiga hozir Rossiyadan boshqa deyarli hech kim qarshi emas.
«Iqtisodchi kundaligi» kanali muallifi Behzod Hoshimov Rossiya SWIFT tizimidan uzilishidan ko‘ra, barcha rus banklariga sanksiya qo‘llanishi samaraliroq bo‘lishiga urg‘u qaratgan.
«Aytish joizki, SWIFT tizimidan rus banklarini o‘chirishdan ko‘ra, banklarni o‘zini sanksiya ro‘yxatiga kiritish og‘irroq chora. Ya’ni Rossiya SWIFT tizimidan o‘chirilsa, lekin ayrim banklar sanksiya ro‘yxatiga kiritilmasa, chegaralararo to‘lovlar qimmatlashishi mumkin, lekin imkonsizlik darajasida emas. Lekin agar qolgan rus banklari xuddi VTBdek to‘liq sanksiyalar ostiga tushsa — o‘sha payt, SWIFT o‘chirilmasa ham muammoli holat bo‘lar edi», deydi u.
U hozircha rus bank sektorining bir qismigina sanksiyalar ostida ekanini qayd etgan.
«SWIFT o‘chirilsa, Rossiya banklari telefon orqali aloqa qila olishadi, yoki fax, yoki email - bu imkonsiz emas. Albatta, tranzatsion xarajatlar oshadi, chunki hozircha «qo‘lda» yoki o‘tkazish darajasi ancha zaifroq tizim orqali banklar bilan aloqa qilish kerak bo‘lib qoladi.
Banklarga nisbatan sanksiyalar - o‘sha narsa Rossiya moliyaviy tizimiga katta zarba beradi. Hozirgi vaqtga kelib, banklar to‘liq sanksiyalar ostida emas. Lekin, aytish joizki, xorijiy banklarning o‘zi Rossiya banklari bilan aloqalarni uzishi mumkin, ya’ni kelajakda sanksiyalar kiritilishi xavfi borligi uchun. AQSh sanksiyalarining qiziq tomoni, ikkinchi darajali hamkorlar ham ma’sul bo‘lishi mumkin», deya qayd etadi iqtisodchi.
U Xitoyning eng muhim banklari bu ishni qilishni boshlab yuborishganini keltirgan.