Sardoba toshqinidan jabrlangan fuqaroga yer olib berishini aytib pul olgan mahalla raisiga hukm o‘qildi

Jamiyat 17:47 / 24.02.2022 1694

Oliy sud matbuot kotibining xabar berishicha, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani “Saxovat” MFYda yashovchi B.D.ning yashash xonadoniga Sardoba suv ombori to‘g‘oni yorilishi oqibatida jiddiy zarar yetgan.

U yashashga sharoiti yo‘qligini MFY raisiga kelib ma’lum qilish bilan birga undan uy-joy qurish uchun yer uchastkasi ajratishda ko‘mak so‘raydi.

MFY raisi Sh.B. esa yer uchastkasini ajratish o‘zining vakolati doirasiga kirmasa-da, fuqaroga va’da bergan. Unga tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali yer ajratishda yordam berishini, evaziga pora berish kerakligini ma’lum qilgan.

2020 yil iyul oyida Oqoltin tumani, “Saxovat” MFYda joylashgan dala shiyponida rais B.D.dan 300 dollar pulni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Ammo aytilgan ishni hal qilmay, mablag‘ni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Shundan so‘ng, ikki karra jabrlangan fuqaro bu haqda huquq-tartibot organlariga ma’lum qilgan va raisga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Holat yuzasidan o‘tkazilgan sud majlisida ayblanuvchi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismining “v” bandi, 28, 211-moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topilgan.

Uni Jinoyat kodeksining 45, hamda 59-moddalariga asosan 3 yil muddatga mahalla raisi va mahalla idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 2 yilu 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.

Ko‘proq yangiliklar: