Tadbirda ikki mamlakat iqtisodiyotlari o‘zaro manfaatli tarzda bir-birini to‘ldirib turgani va bu bilan to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika, elektrotexnika, biotibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligi ta’kidlandi.
Hozirgi kunga kelib parrandachilik, baliqchilik, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. So‘nggi 5 yil ichida esa, O‘zbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 baravar ko‘paydi.
Tadbir dasturi doirasida investitsiyalarni jalb qilishning eng istiqbolli yo‘nalishlari hamda ustuvor tarmoqlarda O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va tayyor loyiha takliflari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari o‘zaro manfaatli aniq kelishuvlarga erishish maqsadida forum ishtirokchilarini yaqin va samarali hamkorlikka chaqirdi.
Forum yakunlari bo‘yicha Eron va O‘zbekiston ishbilarmonlari o‘rtasida qiymati qariyb 200 million dollarlik qator investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.