“Trastbank” korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistonda bank tizimida birinchi bo‘lib ISO 37001 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi

Jamiyat 17:20 / 18.02.2022 8881

“Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki 1994 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistondagi yetakchi banklardan biriga aylandi. Ushbu moliya muassasasida barcha turdagi bank mahsulotlari va xizmatlari taqdim etilib, filiallar tarmog‘i kengaytirildi. Mazkur jarayonda zamonaviy amaliyot va xalqaro standartlar talablari qo‘llanilmoqda. Bu esa mijozlar va biznes hamkorlar ishonchini oqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bilamizki, korrupsiya eng dolzarb muammolardan sanaladi. U jiddiy ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi hamda tashkilotlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.

Shu jihatdan, “Trastbank” XABda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Mazkur ishlarning samarasi o‘laroq “Trastbank” ISO 37001:2016 xalqaro standartiga muvofiqligini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, O‘zbekistonda bank tizimida birinchi bo‘lib ushbu sertifikatga ega bo‘ldi. Bugun xalqaro ekspertlar tomonidan Bank rahbariyatiga mazkur sertifikat topshirildi.

ISO 37001:2016 – tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashning samarali tizimini yaratishning xalqaro usullarini o‘zida jamlagan, korrupsiyaga qarshi mukammal boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan xalqaro standartdir. U korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini ishlab chiqish, joriy etish, tahlil qilish va takomillashtirish uchun talab va ko‘rsatmalarni belgilaydi. Buni nazorat qilish va muvofiqlashtirish uchun Bankda korrupsiyaga qarshi maxsus xizmat tashkil etilgan bo‘lib, unda mutaxassislar barcha zaruriy tayyorgarlikdan o‘tgan va tegishli malakaga ega.

Ta’kidlash joizki, Bankda ISO 37001 standarti talablarini hayotga tatbiq etishdan maqsad – xodimlarning halolligini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholiga bank xizmatlari ko‘rsatishning shaffof va samarali tizimini yaratishdan iborat. Zero, “Trastbank” – ishonch bilan yuzma-yuz!

"Trastbank" XAB Axborot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: