O‘qituvchilik juda mas’uliyatli va sharfli kasb bo‘lib, rivojlangan davlatlarda eng yuqori haq to‘lanadigan mutaxassisliklardan biri hisoblanadi. Ularning davlat rivoji va taraqqiyoti uchun qo‘shayotgan hissasi munosib qadrlanadi.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tahlillari bo‘yicha, o‘qituvchilar eng ko‘p maosh oladigan davlatlar reytingi quyidagicha (kamida 15 yillik ish tajribasiga ega boshlang‘ich maktab o‘qituvchisining yillik o‘rtacha ish haqi):
1. Lyuksemburg –101 360 dollar;
2. Germaniya – 80 407 dollar;
3. Kanada – 71 664 dollar;
4. Niderlandiya –71 024 dollar;
5. Avstraliya – 65 658 dollar;
6. Irlandiya – 62 313 dollar;
7. AQSh – 62 102 dollar;
8. Daniya – 60 185 dollar;
9. Koreya Respublikasi – 59 103 dollar;
10. Avstriya – 55 142 dollar;
11. Yangi Zelandiya – 53 247 dollar;
12. Norvegiya – 51 352 dollar;
13. Ispaniya – 49 898 dollar;
14. Yaponiya – 49 498 dollar;
15. Shvetsiya – 47 664 dollar;
16. Sloveniya – 45 857 dollar;
17. Portugaliya – 44 802 dollar;
18. Finlandiya – 44,180 dollar;
19. Islandiya – 42 024 dollar;
20. Kolumbiya – 39 961 dollar.
Shuningdek, ta’lim tizimidagi ba’zi farqlar sabab Shveytsariya reytingga kiritilmagan bo‘lsa-da, u yerda ham o‘qituvchilar oyligi juda yuqori bo‘lib, ular yiliga o‘rtacha 94 500 dollar daromad topishadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya umumta’lim maktablarida ishlaydigan o‘qituvchilarning o‘rtacha ish haqi oyiga 778 dollarni tashkil qiladi. Qo‘shni Qozog‘istonda esa o‘qituvchilar ish tajribasi va malakasiga qarab o‘rtacha 499,5 dollardan 874,8 dollargacha maosh olishadi.
Ko‘plab davlatlarda o‘qituvchilarning ish haqi quyidagi omillarga bog‘liq:
- o‘qituvchining malakasi va tajribasi;
- dars soatlari miqdori;
- ta’lim muassasasining turi;
- maktabning reytingi.
O‘zbekistonda ta’lim fidoyilari qancha pul topishadi?
2021 yilning yakunlari bo‘yicha, O‘zbekistondagi eng past o‘rtacha ish haqi ta’lim (2,3 million so‘m), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida (2,1 million so‘m) qayd etilgan.
E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari miqdori kishi boshiga 1 oyga 498 ming so‘mni tashkil etadi. Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan. Bundan kelib chiqiladigan bo‘lsa, ta’lim sohasida faoliyat yuritadigan, oilada turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi bilan yashovchi va yakka o‘zi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi insonlar (ko‘plab erkak o‘qituvchilarning oilalari) deyarli kambag‘allik chegarasida hayot kechirayotganini anglash mumkin.
Ta’lim sohasidagi o‘rtacha maoshlar respublika miqyosidagi o‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichidan 28 foizga kamroq (O‘zbekistonda 2021 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 3,2 mln so‘mni tashkil qilgan).
Ma’lumot uchun, statistikaga ko‘ra, korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning 37,6 foizi ta’lim sohasiga to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekistonda oxirgi marta 2021 yilning 1 sentyabrida ish haqi, pensiya miqdori va stipendiyalar oshirilgandi. Ayni paytda o‘qituvchilarning lavozimi va malaka darajasidan kelib chiqib olayotgan oyliklari miqdori quyidagicha:
Maktab direktori:
- 3 mln 185 ming 70 so‘m (400 o‘quvchigacha);
- 3 mln 400 ming 886 so‘m (401-880 o‘quvchigacha);
- 3 mln 606 ming 259 so‘m (881-1600 o‘quvchigacha);
- 3 mln 814 ming 781 so‘m (1600dan ortiq).
Direktor o‘rinbosarlari:
- 2 mln 974 ming 763 so‘m (400 o‘quvchigacha);
- 3 mln 185 ming 70 so‘m (401-880 o‘quvchigacha);
- 3 mln 400 ming 886 so‘m (881-1600 o‘quvchigacha);
- 3 mln 606 ming 259 so‘m (1600dan ortiq).
Direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari:
- 1 mln 376 ming 802 so‘m (401-880 o‘quvchigacha);
- 1 mln 496 ming 631 so‘m (881-1600 o‘quvchigacha);
- 1 mln 621 ming so‘m (1600dan ortiq).
Shuningdek:
- O‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi – 2 mln 149 ming 436 so‘m;
- Mutaxassis o‘qituvchi – 2 mln 299 ming 438 so‘m;
- Ikkinchi toifali o‘qituvchi – 2 mln 574 ming 348 so‘m;
- Birinchi toifali o‘qituvchi – 2 mln 868 ming 608 so‘m;
- Oliy toifali o‘qituvchi – 3 mln 170 ming 10 so‘m.
Bundan tashqari:
- Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari – 2 mln 299 ming 438 so‘m;
- Yoshlar yetakchisi – 2 mln 299 ming 438 so‘m;
- Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi – 2 299 438 so‘m;
- Psixolog – 2 mln 69 ming 494 so‘m;
- Maktab laboranti (1 st)– 1 mln 137 ming 632 so‘m;
- Kadrlar bo‘yicha menejyer (inspektor) – 865 ming 553 so‘m;
- Kutubxonachi (o‘rta maxsus) – 1 mln 94 ming 227 so‘m;
- Kutubxona mudiri (o‘rta maxsus) – 1 mln 261 ming 866 so‘m;
- Kutubxonachi (oliy ma’lumotli) – 1 mln 151 ming 816 so‘m;
- Kutubxona mudiri (oliy ma’lumotli) – 1 mln 376 ming 802 so‘m.
Keyingi 5 yillik taraqqiyot strategiyasida malakali o‘qituvchilarning oyligini bosqichma-bosqich 1000 dollar ekvivalentiga yetkazish reja qilingan.