O‘zbekiston | 19:23 / 09.02.2022
11742
4 daqiqa o‘qiladi

“Mahkum tuhmat qilganini sudda tan oldi” - Navoiydagi qamoqxonada ro‘y bergan voqeaga izoh berildi

4 fevral kuni Facebook'da Navoiy viloyatidagi 36-sonli manzil koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan Umid Jonuzoqov o‘z joniga qasd qilgani haqida videomurojaat tarqaldi. IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti murojaat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Foto: Videodan kadr

Dildora Boymurodova ismli foydalanuvchi tomonidan ijtimoiy tarmoqqa joylangan videoda koloniyaning katta tezkor vakili mayor Lochin Xidirov mahkumga bosim o‘tkazgani, shuningdek, undan pul talab qilgani aytiladi.

IIV huzuridagi JIED axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat departament tomonidan o‘rganilgan. Rasmiy munosabatda 1 fevral kuni mahkumlar yotoqxonalarini ko‘zdan kechirish chog‘ida manzil koloniya xodimlari mahkum Umid Jonuzoqov “OPPO” rusumli telefon qurilmasidan foydalanib o‘tirganini ko‘rishgani, xodimlar mahkumlarga telefondan foydalanish taqiqlanganini aytib, uni berishni so‘rashganda, Umid Jonuzoqov xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgani haqida so‘z boradi.

Ta’kidlanishicha, ushbu voqeadan so‘ng Umid Jonuzoqov besh nafar mahkumni yoniga chaqirib koloniya xodimlaridan telefonni qaytarib berishni talab qilgan. Agar talabi bajarilmasa, o‘zini o‘ldirishini aytib tahdid qilgani aytiladi.

“Shundan so‘ng mahkum U.Jonuzoqov o‘zi bilan yashirincha saqlab kelayotgan mahkumlar uchun taqiqlangan o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i va og‘iz bo‘shlig‘ida saqlab kelayotgan lezviya bo‘lagi bilan ikki qo‘li bilak hamda bo‘yin sohasini tilib, o‘ziga tan jarohati yetkazgan.

Hozirda mazkur holat Navoiy maxsus prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, voqea ishtirokchisi bo‘lgan mahkumlar, xodimlar va guvoh mahkumlarning ko‘rsatmalari asosida Zarafshon shahar sudi tomonidan mahkum U.Jonuzoqovga o‘talmay qolgan jazosining qolgan qismini yopiq turdagi koloniyada o‘tash belgilandi.

Sudda mahkum U.Jonuzoqov koloniya katta tezkor vakili mayor Lochin Xidirovga tuhmat qilganini, boshqa mahkumlarning undovi bilan o‘ziga tan jarohati yetkazganini ma’lum qilgan”, deyiladi IIV huzuridagi JIED axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

Qayd etilishicha, 2015 yilning 30 sentyabr kuni jinoyat ishlar bo‘yicha Navoiy shahar sudining hukmiga ko‘ra, mahkum Jonuzoqov Umid Bahronovich Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib bosqinchilik sodir etish) bilan aybli deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudining 2016 yilning 17 noyabridagi ajrimi bilan jazodan ozod etilgan.

Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha jinoyat ishlar bo‘yicha Zarafshon shahar sudining 2018 yil 14 apreldagi hukmiga asosan U.Jonuzoqov JKning 164-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari, 219-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Avvalroq internetda Qashqadaryodagi qamoqxonada mahkum o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqalgan, holatni tekshirgan prokuratura organlari JIEM xodimlari harakatlarida qonun buzilishi holatlari aniqlanmagan deb topgandi.

Mavzuga oid