1,5 “limon” tikilgan biznes - paket va qadoq ishlab chiqarish korxonasiga sayohat

Business class 18:49 / 08.02.2022 352485

Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan sellofan paket va qadoq ishlab chiqaruvchi Maya Plast zavodi uch qismga bo‘linadi. Dastlabki bosqichda Rossiyadan keltirilgan va mahalliy xomashyodan oddiy sellofan ishlab chiqariladi, ikkinchi bosqichda unga dizayn muhrlanadi va yakunda qadoq-paketlar tayyor holatga keltiriladi.

Kompaniya asoschisi Asror Toirov Maya Plast’ning dunyoga kelish tarixi bilan o‘rtoqlashdi.

“O‘zim tadbirkorlar oilasida tug‘ilganman. Yashashimiz yaxshi edi. Dadam o‘qisin, dunyoqarashi kengaysin deb Amerikaga o‘qishga jo‘natgan. Lekin oilaviy biznesimiz kasodga uchrab, O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldim. Ukam bilan birga ota kasbni o‘rganib, yordamga kirishdik.

Avvallari biznesda hamma narsa mumkin, bu shunchaki ish deb tushunardim. Vaqti kelganda savdoga yolg‘on ham aralashib ketardi. Lekin Islom ruhimga o‘zgarish olib kirdi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining kitoblarini o‘qib, hayotimga va biznesga tatbiq eta boshladim. Halollikda baraka borligiga o‘zimiz guvoh bo‘ldik. Uylanish davrlari kelib, otamdan oq fotiha olgan holda o‘zim alohida kompaniyaga asos soldim”, deydi u.

Bugungi kunda yaxshi tanilgan ko‘plab brendlarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan Maya Plast kompaniyasi o‘z mijozlariga yuqori sifatdagi sellofan paket va ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlariga bejirim ko‘rinishdagi qadoqlarni taklif qilyapti. Narxlar buyurtma hajmiga qarab belgilanishi, salmog‘i yirik kelishuvlarga bonus sifatida dizayn va qolip tayyorlash ishlari bepul amalga oshirib berilar ekan. Korxonada 50 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda.

Bu turdagi biznesga qay darajada talab va ehtiyoj bor ekaniga qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, bozorda shu yo‘nalishning o‘zida raqobatchilar yetarlicha topilar ekan. Aytishlaricha, ularning katta-kichikligi uskunalarning turi, xizmatning sifati va bir vaqtda bajarib berilayotgan ish ko‘lamiga qarab farqlanadi.

“Buyurtmalar ko‘paygani sari, kattaroq sarmoya kerak bo‘la boshladi. Sinfdoshim Otabek Yusupov bilan sherikchilikda ishni davom ettirdik. Alhamdulillah, Alloh o‘zi ishlarimizni oson qildi. Yildan yilga kengayib boraverdik. Shu kunga qadar qariyb 1,4 million AQSh dollari kompaniya rivojiga tikildi. Shu yil 700 ming dollarlik, 2024 yilgacha esa 2 million yevrolik uskuna xarid qilib, yanada sifatli xizmat ko‘rsatishni mo‘ljal qilib turibmiz”, — deydi kompaniya asoschisi.

Kompaniyaga aloqador xarajat, savdo aylanmasi va boshqa ishlab chiqarishga doir raqamlar, narxlar haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatuvga joyladik. YouTube’da to‘liq videoni tomosha qiling va izoh qoldiring. Eng qiziq, original fikr egalaridan 5 kishiga Maya Plast brendidan maxsus sovg‘a va Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblaridan hadya qilinadi. Business Class loyihasini kuzatib boring, kelgusi sonida za’faron yetishtirish sohasi haqida hikoya qilamiz.

 

Mualliflar:
Eldor Abdulvohid,
Ibrohim Samatov
 
Tasvirchilar:
Nuriddin Nursaidov,
Mahmud Soliyev

“Maya Plast” bilan aloqa:

+998 99 850 60 02

Saytmayaplast.uz

Ko‘proq yangiliklar: