Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yuk mashinasi ag‘darilib ketgan. Oqibatda haydovchi tan jarohatlari olgan. Bu haqda IIV YHXBB xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 6 fevral kuni soat 10:10larda, M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi 84-kilometrida og‘ir yuk ortib ketayotgan mashina ag‘darilib ketgan.
1987 yilda tug‘ilgan haydovchi M.Y. boshqaruvida bo‘lgan Volvo rusumli yuk mashinasi Toshkent-Kattaqo‘rg‘on yo‘nalishida ketayotganda boshqaruvni yo‘qotgan va ag‘darilib ketgan. Oqibatda mashinaga yuklangan mahsulotlarga zarar yetgan, shuningdek, haydovchi tan jarohatlari olgan.
Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.