Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tegishli hujjatlarsiz olib ketilayotgan 32 million so‘mlik biologik faol qo‘shimchalar to‘xtatib qolingan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda Chiroqchi tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbirda avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro T.I. boshqaruvidagi yuk avtomashinasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, avtomashina yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 32 million 200 ming so‘mlik 161 quti biologik faol qo‘shimchalar noqonuniy ravishda olib ketilayotgani aniqlandi.
Shuningdek, Qarshi shahrida o‘tkazilgan tadbirda fuqaro X.I.ga tegishli quti xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, quti ichida kelgusida sotishga mo‘ljallangan 11 million 300 ming so‘mlik biologik faol qo‘shimchalar borligi aniqlandi.
Bundan tashqari, Qarshi shahrida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda, fuqaro X.I. dastlabki qiymati 22 million 500 ming so‘mlik jami 50 dona biologik faol qo‘shimchalarni qonunga zid ravishda sotmoqchi bo‘lgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolindi.
Qayd etilishicha, hozirda aniqlangan ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.