1 fevral kuni Xalq ta’limi vazirligi huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi a’zolarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish avvalida Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi tasdiqlandi.
DEKOS kompaniyasi, «M-faktor» loyihasi asoschisi Hasan Mamasaidov Jamoatchilik kengashning raisi etib saylandi. A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ayubxon Radjiyev Jamoatchilik kengashi kotibi bo‘ldi.
Yangi tarkibda ish boshlagan kengash a’zolari tomonidan ta’limdagi muammolar qizg‘in muhokama etilgan holda, ularni hal etish bo‘yicha yangi tizim va «Yo‘l xarita»sini yaratish taklifi ilgari surildi.
Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov vazirlik huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi maktablarni rivojlantirish, o‘qituvchilar mavqeini oshirish, ta’lim sifatini oshirish, tizimga innovatsion loyihalarni tadbiq etishda Jamoatchilik vakillarining ahamiyatini qayd etdi.
Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi, doimiy ravishda Mustaqil ekspertlar klubini tashkil qilgan holda tizimda mavjud masalalarni ta’lim sohasiga befarq bo‘lmagan fuqarolarni jalb etgan holda hal etishni taklif etdi.
Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibidan xususiy sektor vakillari, blogerlar, deputatlar va faol jamoat vakillari o‘rin olgan.