Andijon viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan Asaka tumanida 10 ga yaqin ko‘p yillik daraxt kesib yuborilgani haqidagi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.
Qo‘mita inspektori dastlabki surishtiruv ishlarini olib borgan.
“Asaka tumani “Amir Temur” MFY hududidagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va mahalliy davlat hokimiyatining ruxsatnomasi berilmagan. Hududdagi daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun xususiy korxona rahbariyati tomonidan Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinmagan”, deyiladi munosabatda.
Boshqarma holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etayotgani va ushbu qonunbuzarlik holati natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berib borilishini ma’lum qildi.
Kun.uz ma’lumotiga ko‘ra, Asaka tumanida joylashgan «To‘raxon ota» choyxonasi o‘rnidagi qurilish ishlari vaqtida 3–4 kun muqaddam mazkur hududdagi o‘nga yaqin daraxtlar kesilgan. Daraxtlar orasida, kashtan, archa va eldor qarag‘aylari ham bo‘lgan.