Adabiyotshunos olim Umarali Normatov vafot etdi

O‘zbekiston 14:27 / 29.01.2022 6234

Bugun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston fan arbobi, O‘zbekiston davlat mukofoti laureati, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Umarali Normatov 91 yoshida vafot etdi.

Umarali Normatov 1931 yilning 3 yanvar sanasida Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Rapqon qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tugatgan. 1952–2010 yillar davomida O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida ishlagan. U ish faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlab, 1976 yildan 2000 yilgacha O‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri lavozimida samarali ish olib bordi. 2011 yilgacha mazkur fakultetning professori sifatida talabalarga saboq berish bilan birga ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qildi.

Olim zamonaviy o‘zbek adabiyoti, xususan, o‘zbek romanchiligi masalalari bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida tanilgan. Filologiya fanlari doktori, professor Umarali Normatovni nafaqat mamlakat, balki Markaziy Osiyo davlatlari filologik yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari ham murabbiy, taniqli adabiyotshunos olim sifatida e’tirof etgan.

Umarali Normatovning shu kungacha 500 dan ortiq maqolasi, 50 ga yaqin adabiy-tanqidiy asari, darslik, o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Adabiyotshunos olimning adabiy-tanqidiy ishlari yaxlit holda zamonaviy adabiy jarayon hamda yangi o‘zbek adabiyoti tarixi, taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, uning qalamiga mansub milliy adabiyotimizning nodir asarlari tahlili, yangi o‘zbek adabiyotning o‘ziga xos xususiyatlari, taraqqiyot tamoyillariga oid ilmiy-nazariy ishlari adabiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan. 

“Munaqqidning “Nasrimiz ufqlari” (1974), “Yetuklik” (1982), “Qalb inqilobi” (1986), “Qodiriy bog‘i” (1996) kitoblari zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligining katta yutug‘i hisoblanadi. Uning “Umidbaxsh tamoyillar”, “Tafakkur yog‘dusi”, “Qahhorni anglash mashaqqati”, “Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat”, “Ustoz ibrati”, “Ijod sehri” kabi kitoblari, matbuotda e’lon qilingan yuzlab adabiy-tanqidiy maqolalarida istiqlol davridagi adabiy jarayonlar sinchkov olim nuqtai nazari bilan yoritib berildi. 

Ayniqsa, 2019 yilda O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan nashr etilgan “Yarim asr porlagan mayoq” kitobi, shuningdek, olimning 2021 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Tanlangan asarlar”i  adabiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi”, deyiladi Yozuvchilar uyushmasi xabarida.

Umarali Normatov 1981 yilda “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan, 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti laureati bo‘lgan, 2011 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Ko‘proq yangiliklar: