«Yevropaliklar Osiyo futboli qanchalik qiyin ekanini tushunishmaydi». Shota Arveladze Angliyada ilk intervyusini berdi

Sport 20:24 / 28.01.2022 12259

 — Shota, «Hall Siti»ga xush kelibsan. Nimalarni his qilyapsan?

 — Juda ham xursandman. Avvalo, menga ushbu imkoniyatni berganlarga minnatdorchilik bildiraman. O‘ylashimcha, futbol olamidagi istalgan odam Angliya chempionatida faoliyat olib borishni istaydi. Butun oilamiz – otam, onam mening bu yerda ekanligimdan faxrlanishmoqda. Birinchi uchrashuvni sabrsizlik bilan kutmoqdaman. Bugundan ushbu klubda faoliyat boshlayapman va jamoadagi barchani ko‘rishdan mamnunman.

 — «Hall Siti»da seni nima o‘ziga jalb etdi?

 — Angliya futboli atmosferasini his qilib ko‘rish imkoniyati. Men bu yerda bobolari qo‘lini ushlab olgan yosh bolakaylarning hattoki 4-divizion uchrashuvlariga ham katta qiziqish bilan borishlarini ko‘rganman. Gruziyada ulg‘ayganman, birinchi marotaba 6 yoshimda, 1979 yilda futbol ko‘rish uchun maydonga borganimni eslayman. O‘shanda otam va bobom meni «Dinamo Tbilisi» — «Liverpul» bellashuviga olib borishgandi. Bizning jamoa ularni 3:0 hisobida yengishga muvaffaq bo‘lgandi. O‘shanda yomg‘ir yog‘ayotgandi, odamlar maydonga oqib kelardi va otam menga, meni mahkamroq ushlab ol, deb qayta-qayta aytardi. Shunday qilib men futbolga mehr qo‘yganman va bunga ingliz jamoasi ham o‘ziga xos turtki bo‘lgandi.

 — Niderlandiya, Isroil, Turkiya va O‘zbekistonda murabbiylik faoliyati olib borishga ulgurding. Ushbu davlatlarda orttirgan tajribang haqida nima deya olasan?

 — Afsuski, hanuzgacha o‘z ona tilim, gruzin tilida murabbiylik qilmaganman. Va albatta, men kabi yosh murabbiy uchun turli ligalar, turli madaniyat juda foydali va professional sifatida o‘sishimga yordam beradi. O‘ylashimcha, kichik faoliyatim davomida bir qator to‘g‘ri qarorlar qila oldim va shuning uchun menga «Hall Siti»da ishlash imkonini taqdim etishdi.

Foto: Reuters

 — Sen Lui Van Gal, Dik Advokat va Ronald Kuman singari tajribali murabbiylar bilan ishlagansan. Ulardan nimalarni o‘rganganman, deya olasan?

 — Aytib o‘tishim kerakki, ulardan hech narsani ko‘chirib olishni istamayman. Hech qachon bunday qilmaganman ham. Lekin ulardan minnatdorman. Biz ikki turlicha davr murabbiylarimiz. Doim ham bir xil uslub barcha jamoalarda ish beravermaydi. Har bir jamoani boshqarishda yangi reja, dastur ishlab chiqish kerak. Lui bilan birga ishlagan vaqtimda undan ko‘p narsalarni o‘rganganman. O‘z navbatida, siz aytgan murabbiylar bilan tortishib qolgan vaziyatlarim ham bo‘lgan. Biroq ular bilan juda yuqori darajali uchrashuvlarda murabbiylik qilish mas’uliyati, tajribasini his qilishga erishdim.

 — O‘zingni murabbiy sifatida qanday ta’riflagan bo‘larding?

 — Tomoshabop futbol ko‘rsatishni yaxshi ko‘raman. Chunki jamoang muxlislari sening o‘yiningni ko‘rish uchun kelishni istashlari kerak. Men futbolchilardan o‘zlaridagi eng kuchli jihatlarni ko‘rsatishlarini so‘rayman va ularga ortiqcha bosim o‘tkazishni yoqtirmayman. Menimcha, eng muhim narsa bu — hurmat va uni o‘zaro munosabatlarda saqlab qolish juda muhim.

 — So‘nggi ish joying — O‘zbekistonda 5ta titul yutishga erishding va mana shu paytdagi hissiyotlaring haqida gapirsang?

 — Avvalo, O‘zbekistondan ketish juda og‘ir bo‘lganini aytib o‘tishim kerak. Albatta, Yevropada odamlar u yerdagi futbolni kuchli deb o‘ylashmaydi va qanday kuchli chempionat bo‘lishi mumkinligi haqida tasavvurga ega emas. Qatar Amerika kubogida o‘ynamoqchi bo‘ldi, Janubiy Koreya va Yaponiyani yutish Yevropaning kuchli jamoalari uchun ham yaxshigina muammo tug‘diradi. Shu orqali ham bilib olish mumkinki, Osiyoda kuchli futbol o‘ynashadi. «Paxtakor» Osiyoning grand jamoalaridan biri. Sobiq SSSR davridan beri ushbu klubni bilardim va bu klubda ishlash men uchun o‘ziga xos yangi chaqiriq bo‘ldi. Bolaligimda «Dinamo Tbilisi» va «Paxtakor» bitta ligada o‘ynardi va ularni yaxshi bilar edim.

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekistonda ishlash birmuncha og‘ir. Quyoshli o‘lka, namlik juda yuqori va futbolchilar tezda charchab qoladi, sekin harakat qiladi. Eng muhimi, ular futbolni juda ham sevishadi. Yomg‘ir bo‘lsin, shamol bo‘lsin, futbolchilaringiz o‘z ishini sevsa, ko‘ngildagidek ishlaysiz. Bu 3,5 yillik o‘zga olamdagi tajriba orttirishdek o‘tdi. Ushbu klubda men bilan faoliyat olib borgan barchaga rahmat aytaman. Rahbariyat ham juda yaxshi edi. Biz ishladik va muvaffaqiyatlar o‘z-o‘zidan kela boshladi. Ligada yetakchi edik. Chempionlar ligasida yarimfinal uchun bir qadam yetmadi. Qisqasi, yomon jamoa emasdik.

 — «Hall Siti»da yangi g‘alabalar qozonishga qanchalik ishtiyoq sezyapsan?

 — Qanchalik energiyaga to‘la ekanligimni ko‘rsatib berishim qiyin, lekin buni amalda namoyish etishga harakat qilaman. Bu yerda juda ham kuchli mutaxassislar ishlaydi va bu yerda ishlash o‘ziga xos zavq bag‘ishlaydi. Shunday ekan, motivatsiyaga to‘lib turibman, bu jamoa ko‘p narsalarga qodir ekanini ko‘rsatib berishni istayman. 

— Klubdagi futbolchilardan ko‘ngling to‘qmi?

 — Bizda bir qancha tajribali va aksariyat yosh futbolchilar mavjud. Ular birgalikda yaxshi jamoaga aylanishlari mumkin. Har bir chiziqda balansni ushlay olsak, yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin. Ijodkorlik ko‘p masalani hal qiladi. Raqibni o‘z harakatlarimiz bilan hayratlantirib qo‘yishimiz kerak. Muxlislar mana shunday chiroyli o‘yinni ko‘rishni yaxshi ko‘rishadi va biz ularga o‘zlari xohlagan futbolni namoyish etib berishimiz kerak. 

Foto: Uber Eats

— Joriy mavsum va kelajak uchun rejalaring qanday?

 — Jamoa birmuncha og‘ir kunlarni boshidan kechirmoqda. Kecha klub boshqaruvini topshirgan mutaxassislarga ham xizmatlari uchun rahmat aytamiz. Oldinda kuchli raqiblar kutib turibdi, ammo bu hali imkon borligini anglatadi. Ishonamanki, biz bu yerda barchasini yaxshi tarafga o‘zgartirish uchun faoliyat boshlayapmiz. Jamoani kuchaytirishimiz kerak. Buni muxlislarning ko‘magisiz qila olmaymiz. 

— Futbolchilik faoliyatingda «Reyndjers» va «Ayaks» safida ko‘plab gollar urgansan. «Hall Siti»da hujumkorlikka qanchalik e’tibor qaratasan?

 — Bilasizmi, maydonda mashg‘ulot o‘tkazayotganimda futbolchilarim o‘rniga o‘zim darvozaga zarba berib yuborishdan o‘zimni arang to‘xtatib qolaman. Jamoa hujumchilariga aytadigan ko‘p gaplarim bor, ularda shakllanmagan xislatlarni ochishga harakat qilib ko‘ramiz. Ulardan 20, 25 va balki 30 yoshga kattaman. O‘ylashimcha, ular mendan nimanidir o‘rgana olishadi.

Foto: AP

— Sening birinchi bellashuving «Suonsi»ga qarshi shanba, 29 yanvar sanasida bo‘lib o‘tadi. Xo‘sh, ushbu bellashuvdan nimalarni kutyapsan?

 — Angliyaning yuqori darajali klublaridan birida boshqa bir katta an’analarga ega jamoaga qarshi debyutingni o‘tkazish juda yoqimli. Uchrashuvni sabrsizlik bilan kutyapman. Muxlislarga hujumkor va yaxshi o‘yinni va’da qila olaman. Ularni tribunalarda ko‘rishni juda ham istaymiz. Jamoa g‘alaba uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga tayyor.

Abdulbasit Valixonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: