Toshkent hayvonot bog‘ida ayol kichkina qizaloqni ayiq voleriga tashlab yubordi. Bog‘ matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, 28 yanvar kuni soat, taxminan, 12:00 larda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra xaloyiqning ko‘z oldida kichkina qizaloqni ayiq qafasiga tashlab yuborgan.
«Zuzu laqabli Kavkaz qo‘ng‘ir ayig‘i o‘z volerida yotib olib, qizaloqni metall to‘siq ustidan otib yuborgan ayol harakatlarini kuzatdi. Mehmonlarimiz va xodimlarimizning urinishlariga qaramasdan, ayolni to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmadi. U bolani yirtqichning qafasiga otib yuborishga erishdi. Zuzu ayig‘imiz sekingina zovurga tushib, qizaloqni hidlab ko‘rdi va undan uzoqlashdi», – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ayiq qizaloqqa zarar yetkazmagan. Shuningdek, «Yirtqichlar» bo‘limi xodimlari tez harakat qilishgan va ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo‘lishgan.
Bola volerdan olib chiqilgan hamda hayvonot bog‘ining hamshirasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Qizaloq yirtqich tishlari va panjalaridan emas, faqat qariyb 5 metr balandlikdan yiqilish tufayli jarohat olgan. Dastlabki ko‘rikda urilishlardan tashqari ko‘zga ko‘rinarli jiddiy shikastlar aniqlanmadi.
Ayni damda bola shifokorlar nazorati ostida.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, ayiqlar voleriga tashlab yuborilgan qiz 3 yoshda bo‘lib, bu ishni sodir etgan uning onasidir.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.