Toshkent arxitektura-qurilish instituti universitetga aylantiriladi

O‘zbekiston 07:40 / 28.01.2022 3347

Prezidentning “Toshkent arxitektura-qurilish institutini transformatsiya qilish va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti Toshkent arxitektura-qurilish universiteti deb qayta nomlanadi.

Belgilanishicha:

  • universitetni transformatsiya qilish orqali jahondagi nufuzli universitetlarning (Top-1000) ilg‘or ma’muriy, ta’lim va ilmiy-tadqiqot tizimlari joriy etiladi;
  • universitet arxitektura va qurilish sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
  • universitetda ta’lim jarayoni «fan — ta’lim — ishlab chiqarish integratsiyasi» tamoyili asosida tashkil etilib, talabalar muhandislik, loyihalashtirish, ishlab chiqarish hamda ilmiy-tadqiqot markazlari yoki tashkilotlariga biriktiriladi;
  • universitetda yangi formatdagi o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi.

Quyidagilar universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • arxitektura, qurilish va muhandislik sohasidagi xalqaro tan olingan tashkilotlar reytinglaridagi dunyoning eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga (Top-1000) kirishini ta’minlash;
  • arxitektura, qurilish va muhandislik sohalari ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozoridagi raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, shuningdek, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • arxitektura, qurilish va muhandislik sohalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion izlanish va tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini, shu jumladan raqamli va boshqa zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish;
  • ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda ta’limni boshqarishni avtomatlashtirish va har tomonlama tahlil qilib borish tizimini yaratish, elektron resurslar va masofaviy ta’lim texnologiyalarini yanada rivojlantirish;
  • ta’lim jarayonida xorijiy tillarda olib boriladigan guruhlar ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish choralarini ko‘rish;
  • ish beruvchilarning fikrini o‘rganish asosida ta’lim sifatini oshirish, tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan zaruriy choralar ko‘rish;
  • professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirishni hamda bitiruvchilarni chet elda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish maqsadida, yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
  • kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, tizimdagi akademik litsey hamda sohaning professional ta’lim muassasalari ta’lim dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash;
  • o‘quv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida korxona va tashkilotlar bilan birgalikda talabalarning amaliyotini tegishli soha tashkilotlarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • arxitektura, qurilish va muhandislik sohalari uchun ilg‘or xorijiy tajriba asosida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish.

Universitetga asosiy faoliyatidan tashqari uy-joy hamda sanoat qurilishi bo‘yicha obektlar va komplekslarni loyihalash, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, obektlarning muhandislik tarmoqlari hamda tizimlarini loyihalashtirish, bino va inshootlarning texnik holatini tekshirish, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va tijoratlashtirish faoliyatlari bilan xo‘jalik asosida faoliyat ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: