TIV o‘zbekistonliklar Rossiyada 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tmasdan vaqtincha bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi

Jamiyat 21:45 / 28.01.2022 9357

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobuljonov Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining O‘zbekiston fuqarolariga Rossiyada registratsiya qilish uchun 15 kun berilishi mumkinligi to‘g‘risidagi xabari yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududida va Rossiya fuqarolarining O‘zbekiston hududida bo‘lishlari tartibi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim 2021 yil 17 iyun kuni imzolangan.

Bitimning 1-moddasiga ko‘ra, bir tomon davlati hududida vaqtincha bo‘lib turgan boshqa tomon davlatining fuqarolari 15 kun mobaynida kelish davlatining vakolatli organlarida ro‘yxatdan o‘tish (yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish) majburiyatidan ozod etiladi.

«2022 yil 20 yanvar kuni mazkur xalqaro shartnomani tasdiqlash haqida O‘zbekiston prezidentining qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga mamlakatimiz tomonidan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi haqida tegishli bildirishnomani yubordi», deyiladi xabarda.

Bitimning 4-moddasiga ko‘ra, bitim uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari tomonlar tarafidan bajarilgani to‘g‘risida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali qabul qilingan sanadan kuchga kiradi.

«Shunday qilib, yuqorida ko‘rsatilgan bitim kuchga kirmagan, zero Rossiya tomonidan tegishli davlat ichki tartib-taomillari hali yakunlanmagan», deyiladi O‘zbekiston TIV rasmiy vakili bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: