O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Mehnat shuhrati»ordeni sohibi, taniqli dramaturg, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sharof Boshbekov 2022 yilning 26 yanvar kuni olamdan o‘tdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar qildi.
Sharof Boshbekov 1951 yil 4 yanvarda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani G‘ubir qishlog‘ida tug‘ilgan. 1974 yili Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutini tamomlagan. O‘qishni tugatgach, Muqimiy nomidagi davlat musiqali teatri, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida faoliyat ko‘rsatgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (1983—1985), O‘zbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida (1986—1987) adabiy xodim bo‘lib xizmat qildi.
Sharof Boshbekov yozuvchilik ijodini 1980 yilda «Taqdir eshigi» nomli komediya bilan boshlagan. Shundan so‘ng adibning birin-ketin yozilgan «G» varianti» (1981), «G‘urur» (1982), «Jumboq» (1986) hikoyalari, «Tikansiz tipratikanlar», «Musiqa sayyorasi», «Tentak farishtalar», «Tushov uzgan tulporlar» (1983) dramasi, «Eshik qoqqan kim?» (1987), «Eski shahar gavroshlari» (1998), «Temir xotin» (1989) kabi jiddiy komediyalari o‘zbek dramaturgiyasi xazinasini boyitdi. «Temir xotin» komediyasi nafaqat respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qo‘yildi. Mazkur asar avval Respublika miqyosida o‘tkazilgan teatr festivalida bosh sovrin – «Gran-pri»ni qo‘lga kiritdi, so‘ngra Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida o‘tkazilgan teatr festivalining mutlaq g‘olibi, deb topildi. Ushbu pesa asosida badiiy film, operetta ishlandi. Asar 1989 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Maqsud Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq topildi.
Sharof Boshbekov ssenariysi asosida «Ma’ruf va Sharif», «Yuzsiz» (1993), «Tilla bola» (1994) kabi filmlar yaratildi. U «Masxaraboz» (1996), «Farhod va Shirin» filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissyor sifatida ishtirok etdi. Uning ssenariysi asosida «Charxpalak» teleseriali suratga olingan. Bundan tashqari, «Tentak farishtalar» (1995), «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» (1996) kabi sahna asarlari ham respublika teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi.
Hajviy hikoyalari «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining «Yilning eng yaxshi hajviy asari» (1982) mukofotiga munosib ko‘rilgan. «Mushtum» jurnalida e’lon qilingan «Buyuk maqtanchoqlik», «Buyuk qo‘rqoqlik», «Buyuk baxtiyorlik» nomli publitsistik maqolalariga jurnalning «Yilning eng yaxshi publitsistik asari» (1992) mukofoti berilgan.
Mustaqillik yillari «O‘yin» (2002), «Doka ro‘molning qurishi» (2004) telefilm ssenariylarini yozdi, «So‘qmoq» (2003), «Mehr va mauzer» (2007) kinoqissalarini yaratdi. «Eshik qoqqan kim bo‘ldi?» (1989), «Falakning gardishi» (2009), «Musofir bo‘lmaguncha» (2009), «Tentak farishta» (2010), «Charxpalak» (2017), «Tanlangan asarlar» («2021») kabi to‘plamlari nashr etilgan.
Adib drama va kinoqissalardan iborat «Tanlangan asarlar» kitobi uchun 2021 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Yilning eng yaxshi asari» tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
Sharof Boshbekov 1996 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni, 2001 yili «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.
«O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi ko‘p sonli a’zolari va adabiyot muxlislari nomidan adibning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi», — deyiladi xabarda.