Toliblar Afg‘onistonning avvalgi hukumatini dunyodagi eng korrupsiyalashgan hukumat deb atadi

Jahon 14:35 / 19.01.2022 10940

Afg‘onistonning sobiq hukumati "dunyodagi eng korrupsiyalashgan" hukumat edi. Tolibon hukumati raisi Muhammad Hasan Oxund Kobulda o‘tayotgan iqtisodiyot bo‘yicha anjumanda ana shunday fikr bildirdi.

"Afg‘onistonning sobiq hukumati "dunyodagi eng korrupsiyalashgan" hukumat edi, sobiq prezident Ashraf G‘ani esa dunyodagi eng korrupsioner ikkinchi odam bo‘lgandi, ammo jahon uni va uning hukumatini himoya qildi", - dedi Oxund.

U noqonuniy ravishda boylik orttirish bo‘yicha birinchi o‘rinda kim turishiga aniqlik kiritmadi.

"Endi Afg‘onistonda korrupsiyaga barham berilgan vaqtda dunyo Afg‘onistonni tan olmayotganining sababi nimada?" – degan savolni berdi Afg‘oniston hukumati rasmiysi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi 20 yil davomida mamlakat iqtisodiyoti "xorijiy yordam hisobiga tirik turgan", hukumat xarajatlarining 75 foizi "tashqaridan moliyalashtirish hisobiga qoplangan".

"Bu yordam samarasiz bo‘ldi va korrupsiyani vujudga keltirdi. Xorijiy yordamning ma’lum bir qismigina foyda keltirdi, mablag‘ning katta qismi turli loyihalarni amalga oshirish bahonasida chetga olib chiqib ketildi", - deb ta’kidladi Oxund.

Ko‘proq yangiliklar: