Sirdaryoda sakkiz marta sudlanib, 27 yil qamoqda o‘tirgan 67 yoshli otaxon yana jinoyat sodir etdi

O‘zbekiston 15:14 / 19.01.2022 17881

Guliston shahrida yashovchi, sakkiz marta sudlanib, 27 yil qamoqda o‘tirgan 67 yoshli otaxon yana jinoyat sodir etgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 19 avgust kuni soat 21:30 larda Guliston shahrida yashovchi S.Boboyev mast holatda shu shaharda yashovchi B.Isayevaning yashash xonadoniga devor oshib kirgan.

So‘ng uy eshigidagi osma qulfni buzib, ichkarida turgan 3,5 million so‘mlik “Artel” televizorini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan vaqtda, uy egasining farzandi R.Isayev kelib qolgan. S.Boboyev o‘g‘irlikni oxiriga yetkaza olmay, qochib yashiringan.

Bundan tashqari, 2021 yil 21 avgust kuni soat 10:15 larda Sirdaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “Qoradori-2021” tadbiri davomida S.Boboyevning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, hovlidagi atirgullar orasida uch tup yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli nasha giyohvandlik o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirib kelayotganligi aniqlangan. Uch tup giyohvandlik o‘simliklari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida S.Boboyev qo‘lga olingan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 169-moddasi 4-qismi “a” va 270-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud uni aynan shu moddalar bilan aybdor deb topib, 5 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etgan.

S.Boboyev bundan norozi bo‘lib, keksa yoshini va bu ishlaridan tovba qilganligini vaj qilib, umrining qolgan vaqtini ozodlikda o‘tkazishni so‘rab, apellyatsiya shikoyatini bergan.

Apellyatsiya instansiyasi sudi, birinchi bosqich sudi tomonidan S.Boboyevga jazo tayinlashda qilmishning sababini, uning shaxsini, muqaddam sudlanganini, jinoyatni g‘araz niyatda sodir qilganini, muqaddam sakkiz marotaba sudlanganini, jazoni o‘tash vaqtida yangi jinoyatni qasddan sodir etganini inobatga olib, qonun sanksiyasi nazarida tutilgan eng kam ozodlikdan mahrum qilish jazosidan ham kamroq ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Ko‘proq yangiliklar: