Eng serdaromad YouTube blogerlari va yangi smartfonlar – hafta texnologik dayjesti

Fan-texnika 16:34 / 16.01.2022 127084

Honor buklanuvchi smartfonini taqdim etdi

Xitoyning Honor kompaniyasi Honor Magic V deb nomlangan birinchi buklanuvchi smartfonini taqdim etdi.

Foto: Honor

Qurilma 2272x1984 piksel bo‘lgan 20 santimetrli ichki displey bilan jihozlangan. Uning tashqi displeyi 16,4 santimetr bo‘lib, 2560x1080 pikselga teng.

Smartfonning qalinligi 6,7 mm va uzunligi 141,1 mm. Buklangan holda esa o‘lchami mos ravishda 14,3 mm va 72,7 mm.

Gadjet Snapdragon 8 Gen 1 protsessori va 4750 mA/s batareyaga ega. Batareya 15 daqiqa ichida 50 foiz quvvat oladi.

Smartfonning operativ xotirasi 12Gb, ichki xotirasi esa 256 yoki 512 Gb.

Honor Magic V uchta 50 megapikselli kamera va 42 megapikselli selfi-obektiv bilan jihozlangan.

Smartfon narxi 9999 yuanni (1575 dollar) tashkil etadi.

Xiaomi'dan 12ta yangi smartfon

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi 12ta yangi smartfoni ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Xiaomiui sayti xabar berdi.

Qurilmalar turli - Xiaomi, Redmi va Poco brendlari ostida ishlab chiqariladi.

Sayt manbasining so‘zlariga ko‘ra, barcha modellar aprel oyida taqdim etiladi.

Bo‘lajak taqdimot to‘g‘risida kompaniyaning Hindistondagi boshqaruvchi direktori va vitse-prezidenti Manu Kumar Jayn ham ma’lumot bergan. U Redmi Note turkumidagi yangi smartfon tizerini namoyish etgan.

Eng serdaromad YouTube blogerlari

Forbes jurnali o‘tgan yil natijalari bo‘yicha YouTube platformasida eng ko‘p daromad topgan blogerlar reytingini e’lon qildi.

Reytingda birinchi o‘rinni 23 yoshli Jimmi Donaldson (MrBeast nomi bilan tanilgan) egalladi – uning daromadi 2021 yilda 54 mln dollarni tashkil etgan. Yil natijalariga ko‘ra, Donaldsonning roliklari 10 mlrd martadan ortiq ko‘rilgan.

Ikkinchi o‘ringa aktyor, bokschi va bloger Jyeyk Pol joylashdi – uning daromadi 45 mln dollarga teng bo‘lgan.

Uchinchi o‘rindan joy egallagan geymer Markiplier esa o‘tgan yili 38 mln dollar ishlagan.

Evergrande’ning birinchi elektromobili

Xitoyning Evergrande kompaniyasi o‘zining birinchi elektromobili Hengchi 5’ni taqdim qildi. Elektromobilni ishlab chiqarish belgilangan muddatdan 12 kun oldin yakunlangan.

Foto: Getty Images

Avvalroq, bir necha modellardagi elektromobillar taqdim etilgan bo‘lsa-da, hozircha faqat Hengchi 5’ni ishlab chiqarish boshlangan. Elektromobil bir quvvatlanishda taxminan 700 kilometr masofaga harakatlana oladi, narxi esa 31,4 ming dollarni tashkil etadi.

Kiberhujumga uchragan Ukraina hukumati

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi va boshqa bir qator davlat idoralari veb-saytlari kiberhujumga uchradi.

«Ukrainlar! Sizning barcha shaxsiy ma’lumotlaringiz umumiy tarmoqqa yuklandi. Kompyuterdagi barcha ma’lumotlar yo‘q qilindi, ularni qayta tiklashning iloji yo‘q. Qo‘rqing va bundanda yomonini kuting», deyiladi Ukraina TIV rasmiy saytida paydo bo‘lgan ukrain, rus va polyak tillaridagi ogohlantirish xabarida.

Ukraina Xavfsizlik xizmati dastlabki dalillarga ega, kiberhujum ortida Rossiya maxfiy xizmati bilan bog‘liq bo‘lgan xakerlik guruhlari turgan bo‘lishi mumkin.

Insonga ko‘chirib o‘tkazilgan hayvon yuragi

Amerikalik shifokorlar birinchi marta 57 yoshli Devid Bennetga genetik jihatdan o‘zgartirilgan cho‘chqaning yuragini muvaffaqiyatli transplantatsiya qildi.

Foto: Tom Jemski/UMSOM Public Affairs

Operatsiya sakkiz soat davom etgan. Shifokorlarning aytishicha, bemorning ahvoli yaxshi. 

Transplantatsiya qilingan organ regenerativ tibbiyot sohasidagi ishlanmalarga ixtisoslashgan Amerikaning Revivicor kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan.

Donor hayvonda o‘tkazilgan genetik modifikatsiyalarga transplantatsiyadan keyin yurakning kengayishiga yo‘l qo‘ymaydigan o‘sish genini bloklash, shuningdek, uning bemor organizmida yaxshiroq ildiz otishi uchun cho‘chqa genomiga bir necha inson genlarini qo‘shish kabilar kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: