Koronavirusning yangi shtammi homilador ayollarda qanday kechyapti? Akusher-ginekolog bilan suhbat

O‘zbekiston 21:35 / 15.01.2022 31632

Yangi to‘lqin O‘zbekistonga “omikron” shtammining kirib kelishi bilan bog‘liq. Xo‘sh, bu shtamm ayniqsa himoyaga muhtoj toifa – homilador ayollarga qanday ta’sir qilyapti? Kun.uz shu savol bilan 3-son tug‘ruq kompleksi akusher-ginekologi Dinara Matniyozovaga yuzlandi.

“COVID’ga chalingan homilador ayollarning aksariyat qismida kasallik yengil darajada o‘tyapti”

— Muassasamiz koronavirusga chalingan homilador ayollarni davolash tashkil etilgan ilk shifoxona hisoblanadi. 2 yildan buyon kovidga chalingan homiladorlarni davolab kelyapmiz.

Afsuski, so‘nggi kunlarda ular orasida kasallik yuqtirganlar soni ortib bormoqda. Ammo so‘nggi bemorlarimiz, xususan yangi omikron shtammi bilan kasallangan homiladorlarda og‘ir va o‘ta og‘ir holatlar kuzatilmayapti. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarimizning aksariyat qismi kasallikni yengil darajada o‘tkazishyapti.

Biroq, bugun kasallikka chalingan ko‘pchilik homilador ayollar sarosimaga tushib, darrov shifoxonalarga murojaat qilmoqda. Har qancha tushuntirmaylik, tug‘uruqxonada yotib davolanishni istayapti. O‘z navbatida biz ularga kerakli barcha tibbiy xizmatni ko‘rsatyapmiz.

Shifoxonamizda shu vaqtga qadar bu kasallikni yuqtirgan homiladorlarning 10-15 foizigina yengil simptomlar bilan davolangan bo‘lsa, hozirda yotib muolaja olayotganlarning 85-90 foizida nisbatan yengil holat kuzatilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan og‘ir ahvoldagi bemorlarga o‘z vaqtida statsionar tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini cheklashi ham mumkin.

“Homiladorlarda kasallik ko‘payishiga sabab – vaksina olmaganlik”

— Homiladorlar orasida kasallikka chalinish ko‘payishiga sabab – ularning koronavirusga qarshi emlanmaganliklarida. Bundan tashqari, fiziologik jihatdan bu paytda ayollarda immunitet pasayishi kuzatiladi. Tibbiy niqob taqmaslik, oraliq masofa saqlamaslik ham bunga sabab bo‘la oladi.

Shuning uchun homiladorlikni rejalashtirayotgan vaqtda avvalo kasallikka qarshi emlanish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Kasallikning og‘ir kechishi va yomon asoratlarga sabab bo‘lishining oldi olinadi.

Nafaqat homiladorlar, balki barcha uchun hamon dolzarb bo‘lgan sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish, imkon qadar odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslik, sog‘lom turmush tarziga amal qilishni maslahat beraman.

“Vahima qilib, kuchli dorilar qabul qilish – tug‘ilajak bolalar hayotiga xavf soladi”

— Eng muhimi – agar kasallik belgilari kuzatilsa, yoki tekshiruv natijalari infeksiya mavjudligini ko‘rsatganda vahimaga berilmaslik kerak. Bunday paytda aynan oilaviy shifokorga murojaat qilish va o‘zboshimchalik bilan dori-darmonlarni qabul qilmaslik lozim. Barcha tavsiyalar o‘rnida qo‘llansa, kasallik og‘ir darajaga o‘tmasdan, uy sharoitida davolanish ham mumkin.

Vahimaga berilib, kasalxonaga yotib, shifokordan turli keraksiz muolajalarni, tomchi ukollarni talab qilish vaziyatni battar og‘irlashtiradi. Afsuski, bemorlarimiz shunday tomchi ukollarni, kuchli dori vositalari qabul qilishni tezda tuzalish omili sifatida ko‘rishadi. Bu esa o‘z navbatida tug‘ilajak go‘dakning salomatligi uchun xavfli. Oqibatda bo‘lg‘usi onalar nafaqat o‘zlarining, balki farzandlarining ham hayotini nojo‘ya ta’sirlar ostida qoldirishlari mumkin.

Har bir kasallikni davolashning o‘z standartlari bor. Jumladan, koronavirus infeksiyasini davolashda ham uning yengil yoki og‘ir darajada ekaniga qarab davo muolajalari qo‘llaniladi. Ayrim holatlarda shifokordan ortiqcha dorilar, muolajalar yozishni talab qilish noo‘rin. Ayni paytda shifokorlarning vaqtini ham bekorga sarflamaslik boshqa bemorlarning ham shifo topishiga sabab bo‘ladi.

Ba’zi holatlarda kovidga chalingan homilador ayollarning yaqinlari bemorni shifoxonaga yotqizishni talab qilishadi. Ammo undagi yengil darajadagi kasallikni uy sharoitida, oilaviy shifokor bilan hamkorlikda davolasa ham bo‘ladi.

Shu sababli amaliyotchi shifokor sifatida xalqimizdan, xususan, homilador ayollarimizdan, ularning yaqinlaridan ortiqcha vahimaga berilmaslikni so‘ragan bo‘lardim.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: