Ulug‘bek Muhammadiyev prezident administratsiyasiga qaytdi

O‘zbekiston 21:34 / 14.01.2022 30240

Ulug‘bek Islomovich Muhammadiyev prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.

Ulug‘bek Muhammadiyev 1977 yil Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti (tatbiqiy matematika va huquqshunoslik yo‘nalishlari), prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (xalqaro munosabatlar yo‘nalishi)ni tamomlagan.

2001–2008 yillarda prezident devoni, prezident huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi kotibiyatida mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. 2008–2017 yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi sifatida faoliyat yuritgan.

Keyinroq davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lgan, 2018–2020 yillarda prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2020 yil yozida Davlat xizmatlari agentligiga rahbar etib tayinlangandi.

Ma’lumot uchun, 2020 yil kuzida uning o‘rniga Baxtiyor Islomov prezident maslahatchisi Tursinxon Xudoyberganovning birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: