Birinchisi ham, oxirgisi ham emas: Lukashenkoning “xurmacha” bayonotlari

Jahon 16:51 / 14.01.2022 48802

Nima emish, Qozog‘istondagi voqealardan O‘zbekiston kerakli xulosalarni chiqarishi kerak ekan. Qozog‘istonda to‘polonni keltirib chiqarganlar endi O‘zbekistonga nazar tashlab turgani haqida ma’lumotlar bor emish.

Gap shundaki bu Lukashenkoning qovun tushirishi bilan bog‘liq birinchi holat emas va oxirgisi ham bo‘lmasligini taxmin qilish mumkin.

Bugungi ko‘rsatuvimizda Belarusni 27 yildan beri uzluksiz boshqarib kelayotgan, oxirgi saylovdagi g‘alabasi o‘z xalqi va ko‘plab davlatlar tomonidan tan olinmagan siyosatchining kulgi va tanqidlarga sabab bo‘lgan bayonotlarini yodga olamiz.

***

Lukashenko Belarus kolxozlaridan biriga safari chog‘ida iqtisodiy bilimi qay darajada ekanini ko‘rsatgan: inflatsiyani yengish uchun xalq orasida o‘zaro savdo-sotiqni natura shaklda amalga oshirishni taklif qilgan.

“Insonlar pul o‘rniga natura ko‘rinishida to‘lov qilishlari mumkin. Chunki hozir inflatsiya dahshatli”.

Fashist Gitler, alqangan Gitler

Belarus prezidenti nemischa tartib-tamoyil haqida gapirarkan, bir chiqishida Gitlerni fashist ekanini yodga olsa, ikkinchisida uni alqaydi.

“... chunki hokimiyat tepasida fashist edi!”

“Nemischa tartib-tamoyil asrlar osha shakllangan edi, Gitler hokimiyati davrida bu o‘zining eng yuqori nuqtasiga chiqdi”.

Saylovlar soxtalashtirilgani rost

Davlat rahbari muxolifat va saylovlar haqida so‘zlarkan, saylovlar natijalari soxtalashtirilganini ro‘y-rost tan olgan payt ham bo‘lgan.

“Ha biz, so‘nggi saylovlar natijalarini soxtalashtirdik. Men buni g‘arbdagilarga aytganman. Xalq prezident Lukashenkoga 93,5 foiz saylovchi ovoz berdi. Aytishdiki, bu yevropacha ko‘rsatkich emas. Biz 86 qildikmi?”

“Abadiy prezidentlik” da’vosi

Yig‘ilishlardan birida esa, prezidentlik mazasini totib ko‘rganini, shu bois istaganicha prezident bo‘lishini ta’kidlaydi.

“O‘zlaringizni bosib olinglar, janoblar, Lukashenkoni surib chetga chiqarib qo‘ysa bo‘ladigan odam emas. U prezidentlik nonini totib ko‘rdi. Agar butun dunyo qarshi chiqqan taqdirdayam, u prezident bo‘lishni istasa, bo‘ladi”.

Davlat rahbari darajasida irqiy kamsitish

Lukashenko jahon siyosatidagi ayrim liderlar bayonotlari yuzasidan ham o‘z fikrini bildirib boradi. Xususan, AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaning BMTdagi chiqishiga quyidagicha baho bergandi:

“Axir yaqinginada qora tanli insonlar Amerikada qul emasmidi, endi esa, qandaydir vasiylik haqida gapirmoqda”.

Rossiya – do‘stmi yo dushman?

Rossiya–Belarus ittifoq davlati haqida so‘zlar ekan, goh Rossiyani ayblasa, gohida uning istagini amalga oshirishga shayligini aytgan, boshqa bir paytda esa o‘zini Rossiyaning birinchi prezidenti deb tariflaydi.

“Rossiya referendum o‘tkazishga rozi bo‘lmadi, kechirasizlar-ku, u ittifoqchilik shartnomasini yo‘q qildi”.

“Agar Rossiya bizdan yer ostiga kirib ularga foyda keltirishimizni istasa, biz ularning istagini amalga oshiramiz”.

“Siz olimlarni bilmadimku-ya, lekin men Rossiyaning birinchi prezidenti sifatida, bunga qo‘l ura olmayman”.

Baliqni baliq bilan ye!

Prezident Belarus xalqiga tez-tez maslahat ham berib turadi.

“Kartoshkani go‘sht bilan tanovul qilib nima qilasan? Selyodkani baliq bilan ye. Kechqurun go‘shtni bu bulba (kartoshka) bilan paqqos tushirib, uxlashga yotasanmi?”

Koronavirus ham, cho‘chqa grippi ham...

U ba’zida, sog‘liqni saqlash tizimlari qayd qilgan kasalliklarni tan olishni istamaydi yoki ko‘z yumadi. Koronavirus pandemiyasi paytida ham niqob taqish shartligini shubha ostiga olgandi. Undan avvalroq esa cho‘chqa grippiga ishonmasligini namoyon qilgandi.

“Cho‘chqa grippidan saqlanish uchun, keling, doka niqob, ishton-trusini yuzimizda taqib yuramiz”.

Chandiq qani, o‘rtoq Lukashenko?

Qahramonimiz o‘zini alqashni juda yaxshi ko‘radi, ammo ba’zida haddan oshirib yuboradi. U hokkeyda yuzi 4 marta yorilganini ta’kidlaydi, bizda esa savol tug‘ildi: Yuzingizda chandiqlar ko‘rinmaydimi?

“Hokkey o‘ynashni boshladim. Muz ustidagi yengil harakatlar. Albatta, yuzimni 4 marta yorib tashlashdi, keyin tikishdi”.

Jiddiy savolga kelganda, gapni aylantirish

Lavhamiz so‘nggida, o‘rtoq Lukashenko jurnalistlarning noqulay savollariga chap berishni ham qoyilmaqom qilib uddalishini ta’kidlamoqchimiz.

– Kechirasiz, jurnalistik nuqtayi nazaridan qat’iyroq savol bermoqchiman.

(Jiddiy savolligini eshitgan Lukashenko gapni burishni uddalaydi).

– Balki, sizga qahva berishsin?! Siz qahva ichasizmi?

– Yo‘q, biz har bir soniyamizni...– Demak, qahva ichasizlar... Yaxshisi, keling, yangi damlangan choy. Bizga shamollab qolmasliklari uchun malinali murabbo va choy keltiring.

Xullas, mana shunaqa gaplar. Bir bog‘dan kelsa, bir tog‘dan keladi Belarus prezidenti. Shunday ekan, uning bayonotlarini juda jiddiy olish yaramaydi.

Tolib Rahmatov

Ko‘proq yangiliklar: