«Yovvoyi Arman». Bokschining qozoq mafiyasi yetakchisiga aylanishi tarixi

Jahon 16:04 / 13.01.2022 67704

Arman Dikiy o‘zi shundoq ham jinoyat olamining mashhur shaxslaridan biri edi. Qozog‘istondagi tartibsizliklar paytida u yana diqqat markaziga chiqdi. Endigina 37 yoshga kirgan yigit bu qadar tezlik bilan katta ta’sirga ega shaxsga aylanishi alohida tarixga ega.

Boksdan jinoyat olamiga

Chimkentdagi kambag‘al oilada tug‘ilgan Arman Jumageldiyev bolaligidan boksga qiziqadi va bu sport turida qator muvaffaqiyatlarga erishadi. Garchi gavdasi ulkan va texnikasi yaxshi bo‘lmasa-da, qaytmasligi va chayirligi bilan murabbiylar e’tiborini qozonadi. U o‘z faoliyati davomida 16 ta medal olishga muvaffaq bo‘lgan va ularning 10 tasi oltin medallardir. Eng ko‘zga ko‘rinarli yutug‘i – jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgani bo‘lgan.

Boks bergan ishonch uni asta-sekin «ko‘cha» sari yetaklaydi va jinoyat olamiga u ko‘pchilik qatori o‘zaro mojarolar (kriminal razborkalar) orqali kirib keladi. Har qanday tortishuvlarda bir-ikki og‘iz so‘zdan keyin mushtini paydar-pay ishga solishi va hech kimni ayamasligi tufayli u «Dikiy» («Yovvoyi») yoki «Besheniy» («Quturgan») laqablarini oladi.

Kriminal avtoritetga aylanishi

Professional boksdan chetlashish ortidan Chimkent ko‘chalarida sarguzasht izlab kezish ham kuchayadi. Chapdastligi tufayli uni bozorlardagi mojarolarni yechishga, qarz undiruvlarida hakamlik qilishga chaqira boshlaydilar va asta-sekin bu shaharda o‘ziga xos shaxs shakllana boradi. Arman Dikiy nomining o‘ziyoq ko‘chadagi ko‘p masalalar yechimida kalit vazifasini o‘tay boshlaydi va Jumageldiyev o‘z atrofiga tarafdorlarini to‘plab, har qanday topshiriqni bajarishga tayyor guruh yaratadi.

Uning huquqni muhofaza qilish organlari nazariga tushishi ilk bor 2003 yilda yuz beradi. Arman yoki unga tegishli odamlar ko‘chada ikki yigitni do‘pposlab, bor-budini shilib olishda, kamiga birining qorniga o‘q uzib, og‘ir jarohat yetkazishda ayblanadi. Lekin tergov juda sust olib boriladi va negadir sudgacha yetib bormaydi.

Dikiyning ikkinchi bor «xat»ga tushishi 2005 yilda yuz beradi. U paytlar Jumageldiyev prezident Nazarboyevning faol tarafdorlaridan biri edi va «millat otasi»ga qarshi aytilgan har qanday gapga mushtlari bilan javob berishga o‘rgangandi. O‘shanda «Turist» mehmonxonasi zalida qozoq muxolifati tadbiri bo‘lishi kerak edi. Arman boshliq talonchilar mehmonxonaga bostirib kirishadi va hammayoqni ostin-ustun qilib tashlashadi. Tadbir ishtirokchilari do‘pposlanadi, yetakchilar qochib qolib, jarohatsiz qutulishadi. Qizig‘i, yaqqol videolavhalar, guvohlar va arizalarga qaramay yana Arman «shartli muddat» bilan qutulib qoladi va erkinlikda qolaveradi.

Jazosiz qolishdan ruhlangan yigit keyingi safar mo‘ljalni katta olib yuboradi va jiddiy pand yeydi. 2008 yilda u Chimkentning eng boy odamlaridan biri, «Pivo qiroli» To‘xtar Tuleshov bilan qasdlashadi. Mojaro sababi bo‘yicha turli taxminlar keltiriladi – kimdir biznes talashuvi desa, yana kimdir Tuleshovning o‘g‘li va Arman o‘rtasidagi ziddiyat degan fikr bildiradi.

Mana shu ikkinchi taxmin bo‘yicha ayrim ma’lumotlar bor: Arman dam olayotgan restoranlardan biriga To‘xtar Tuleshovning o‘g‘li o‘z tansoqchilari bilan kirib keladi va shovqin ko‘taradi. Bu Dikiyga yoqmaydi. Ziddiyat yakkama-yakka jangga chiqishga taklif bilan davom etadi. Ammo «Pivo qiroli»ning o‘g‘li o‘zini u bilan mushtlashishga loyiq ko‘rmaydi va o‘rniga chechen tansoqchisini chiqaradi. Kelishuvga ko‘ra Arman g‘olib chiqsa, raqibining tilla soatini olishi kerak bo‘ladi. Mushtlashuv qanday yakunlangani noma’lum. Lekin Arman o‘zini g‘olib hisoblaydi va soatni talab qiladi. Tuleshov rad etgach, Arman uning yuzini bejab tashlaydi.

O‘g‘lining ahvolini ko‘rgan ota g‘azabga minadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tuleshov yana bir kriminal avtoritet – Askar Yerubayevga «masalani zudlik bilan hal etish»ni topshiradi. Armanning ikki yaqin do‘sti bir kunda otib o‘ldiriladi, uning o‘zi Qirg‘izistonga qochadi va ma’lum vaqt panada yuradi.

Oradan yarim yil o‘tmay Askar Yerubayev va ukasi Chimkentda shafqatsizlarcha otib tashlanadi. Qo‘lga tushgan killer jinoyatni o‘z bo‘yniga olgan bo‘lsa-da, hamma buning ortida kim turganini bilardi. O‘sha yili yurtiga qaytgan Jumageldiyev darhol hibsga olinadi.

Xalqaro darajaga chiqish

Qamoq Arman uchun ikki tomonlama foydali bo‘ladi. Chimkentda uning tarafdorlari va dushmanlari o‘rtasida jiddiy urushning oldi olinadi. Ikkinchi tarafdan, u MDH va qator boshqa davlatlarda katta obro‘ga ega, Guli laqabli «Qonundagi o‘g‘ri» («Vor v zakone») Nodir Salifov bilan tanishadi. Guli Armanni yoqtirib qoladi va o‘z qanoti ostiga oladi. Gulining rahnamoligi ostida u tez orada «Qonundagi o‘g‘ri» maqomini olishi va toj kiyishi kutilayotgandi. Ammo bu maqomni hanuz egallay olgani yo‘q. Holatni Arman hazil aralash «Qozoq elidan o‘g‘rilar emas, bahodirlar yetishib chiqadi» deya ta’riflaydi.

Qamoqdan chiqqanidan so‘ng Jumageldiyev rahnamosi in qurgan Turkiyaga yo‘l oladi va o‘sha yerda hashamatli hayot kechira boshlaydi. Internet orqali shuhrat qozonishni o‘rganadi, Instagram'da suratlar joylab, obunachilarini ko‘paytiradi.

Ammo tez orada juda jiddiy vaziyatga tushadi. O‘zining qimmatbaho villada nishonlanayotgan tug‘ilgan kunida Arman Guli chaqirgan mehmonlardan biri – Kvejoyevich laqabi bilan mashhur «Qonundagi o‘g‘ri» Guram Chixladze bilan kelishmay qoladi va uning yuziga musht tushiradi. MDH va boshqa davlatlar jinoyat olamida o‘ziga xos maqomga ega bo‘lgan Kvejoyevich uchun bu juda og‘ir zarba bo‘ladi – u holatni tojdor o‘g‘riga qandaydir bir betayin qo‘l ko‘targani bilan izohlaydi va juda jiddiy o‘ch olishini bildiradi. Kvejoyevich 2020 yil fevralida Armanni va bu holatga yo‘l qo‘ygan Gulini jazolash uchun 17 nafar killer bilan Turkiya hududiga kirib keladi. Turk maxsus xizmatlarining hushyorligi bilangina ular hibs qilinadi va jiddiy urushning oldi olinadi. Lekin baribir shu yilning yozida Guli otib o‘ldiriladi.

Siyosat sari qadamlar

Ijtimoiy yo‘nalishdagi chiqishlari bilan tarmoqlarda obro‘ qozonishning mazasini totgan Arman pandemiya paytida Qozog‘istonga bepul dori-darmonlar yuborib, juda ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ladi. Obunachilari soni keskin ko‘payadi, unga atab she’rlar yoziladi, qo‘shiqlar kuylanadi. Qozoq shou-biznesi vakillari Arman Dikiy bilan tushgan suratlarini tarqatib maqtanishni odat qilishadi. Uning o‘zi chetdan turib mamlakatdagi holat bo‘yicha tobora ko‘proq va jiddiyroq fikr bildira boshlaydi.

2022 yil boshida Qozog‘istondagi notinchlik sabab Arman yana diqqat markaziga chiqdi va dastlab namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi. Zudlik bilan Qozog‘istonga yetib kelgan Jumageldiyev namoyishchilar yetakchiligini olishga intiladi va baland minbarlardan turib turli chaqiriqlar aytdi. Ammo namoyishchilar ko‘p holatda uni tushunmadilar, ergashmadilar va hatto to‘polonda kaltakladilar.

Ko‘p o‘tmay namoyishlar haqiqiy tartibsizliklar va xaosga aylandi. «Bu endi tinch namoyish emas, haqiqiy boshboshdoqlik va provokatsiya. Biz 100 yillik qul bo‘ldik, bu ketishda mustaqilligimizni boy beramiz va yana 100 yil qul bo‘lamiz», deya bayonot berdi Arman Dikiy. Ko‘p o‘tmay Arman Dikiy hibsga olindi va uning yonidan ko‘p miqdorda qurollar topilgani ma’lum qilindi.

Toshkent bilan ziddiyat

Tasdiqlanmagan va uzuq-yuluq ma’lumotlarga ko‘ra Arman Dikiy o‘tgan yili kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan kriminal avtoritetlar bilan juda jiddiy mojaroda ularni do‘pposlab, katta mablag‘ni bo‘ynilariga ilib ketgan. Ammo bu borada rasmiy ma’lumot berilmagan, jinoyat olami vakillari esa odat bo‘yicha holatni oshkor qilmagan.

Albatta, Arman Dikiy o‘zini xalqparvar va odil inson sifatida namoyon qilishga harakat qiladi va jinoyat olamidagi rahnamolarini birodarlar deb ataydi. Ammo bu olam baribir ezgulikka xizmat qilmasligi allaqachon isbotini topgan.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: