Urgutda fuqarolardan o‘zi yo‘q gazga to‘lov undirilgan. Mas’ul tashkilot rahbari muammoni bartaraf etishga va’da berdi

Jamiyat 14:02 / 13.01.2022 9895

Kun.uz mavzuni o‘rganish maqsadida Urgut tumanida bo‘lib, fuqarolar bilan suhbatlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qayroqli mahallasida tabiiy gaz tarmoqdan butunlay uzib qo‘yilmagan. Ammo bir necha yillardan beri bosim pasayib ketishi natijasida aholi og‘ir vaziyatga tushib qolyapti. O‘rganish davomida qog‘ozdagina “kelib turgan” gaz biror xonadonni isitayotganiga guvoh bo‘lmadik.

Fuqarolar tabiiy gaz o‘z bosimi bilan oqib kelmagani sababli maxsus havo tortadigan uskunalardan foydalanishlarini yashirib o‘tirmadi. “Kimning uyidagi “motor” kuchli bo‘lsa, o‘shangagina gaz boradi. Chunki bosimning o‘zi past, hech kim baraka topmayapti” deyishdi biz bilan suhbatlashganlar.

2021 yilning oktyabr oyi oxirlarida mahallaga tabiiy gaz berilganini aytmoqda Dilbar Mamatova. Ammo gaz nari borsa ikki-uch kun o‘z bosimi bilan kelib turgan. U o‘tgan yilning noyabr oyida 430 ming so‘m to‘lagan. “Endi bu yog‘iga gazdan qarzdorligimiz to‘g‘risida xabarlar kelaveradi” dedi Dilbar opa.

Biz Dilbar Mamatovaning uyiga tortilgan tabiiy gaz bosimini bilish maqsadida gugurt chaqib ko‘rdik. Qizig‘i, olov yonish u yoqda tursin, quvur ichkarisiga havo tortib, olovni o‘chirib qo‘ydi. Demak, kimdir havo tortadigan qurilma yordamidan foydalanyapti. “Yashirmayman, mana, bizda ham motorcha bor, qo‘shsak bir soat deganda tabiiy gaz keladi. Uyam istagan paytda o‘chib qoladi” dedi Dilbar opa.

Anglash mumkinki, Qayroqlida tabiiy gaz bosimi past bo‘lgani uchun ko‘pchilik havo tortkichning kuchlirog‘ini xarid qilishga o‘tgan. Bu xavfli aslida. Chunki bunday qurilmadan foydalanish kechasi tabiiy gaz o‘chib-yonish ehtimolini oshiradi.

Xudoynazar Ashurov ham shu paytgacha havo tortuvchi qurilma yordamidan foydalangani va so‘nggi kunlarda umuman gaz kelmay qolganini ma’lum qildi. Xudoynazar aka 3,5*5 kvadrat metr xonani isitish uchun oyiga 285 ming so‘mdan to‘lab kelgan.

Qayroqliliklar har yili havo isib ketgach, ariza berib tabiiy gazni uzdirishlarini ma’lum qilishdi. Aks holda, yonmagan gaz uchun qishin-yozin to‘lov qilishga majbur bo‘lisharkan.

Mahallada nari borsa uch-to‘rt xonadon eski gaz hisoblagichni uzdirmagan. Sababi, “schyotchik”siz umumme’yorlar bilan hisoblaganda albatta iste’molchi zarar ko‘radi. Sherali Umarov “schyotchik”ni oldirmaganligi sababli boshqalar qatori tabiiy gazdan qarz bo‘lib qolmayapti. Chunki har qanday vaziyatda bunday “bosim” bilan oyiga 250-350 ming so‘mlik tabiiy gaz yoqish mumkin emas.

Bir so‘z bilan aytganda, mas’ullar tomonidan “schyotchik” o‘rnatib berilmay turib, aholi ortiqcha mablag‘ to‘layotgani bu iste’molchining aybi emas.

Vaziyat bo‘yicha “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Ansor Muhammadiyevdan izoh oldik.

Muhammadiyev Qayroqli mahallasida tabiiy gaz bosimining pastligi bilan bog‘liq muammodan shu vaqtga bexabar bo‘lganini aytdi. “Biz ushbu muammoni tezlik bilan o‘rganib chiqamiz va ijobiy yechim topamiz. Zarurat bo‘lsa, tabiiy gaz bosimini oshirib berishga imkoniyatimiz yetarli”.

Filial rahbari gaz hisoblagich masalasiga ham oydinlik kiritdi.

“Aholini elektron gaz hisoblagichlar bilan ta’minlash bepul va bu “Hududgaz” AJ tomonidan amalga oshiriladi. Viloyatda 281 ming aholi xonadonlarida gaz hisoblagich o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 146 mingtasi o‘rnatib bo‘lindi. Asosan “qizil” hududlar, ya’ni tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lgan tuman-shaharlarni birinchi navbatda ta’minlayapmiz. Urgut tumani Qayroqli mahallasidagi vaziyat va aholining murojaatini inobatga olamiz va ko‘pi bilan ikki-uch kun ichida gaz hisoblagichlarni o‘rnatishga kirishamiz” dedi filial direktori.

Urgutdagi muammoga yechim borligi aytilmoqda. Aytish mumkinki, Qayroqlida bu “boshog‘ri” paydo bo‘lganiga bir necha yillar bo‘lgan. Qolaversa, shu vaqtga qadar “schyotchik” o‘rnatilmagani sababli qarzdorlik ortgan. Mas’ullar o‘rganish davomida ushbu jihatga ham alohida e’tibor qaratishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

P/S: Maqola yozilish asnosida murojaatchilar bilan telefon orqali bog‘landik. Ular “Hududgaz Samarqand” filiali direktori Ansor Muhammadiyev Qayroqliga borib, iste’molchilar bilan uchrashganini ma’lum qilishdi. Mahallaga elektron gaz hisoblagichlar yetkazib borilgani va xonadonlarga o‘rnatilayotgani tasdiqlandi. Urgutdan tez orada tabiiy gaz bosimi ko‘tarilgani bilan bog‘liq xushxabar kelishiga umid qilib qolamiz.

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri
Suratlar muallifi: Faxriddin HOTAMOV.

Ko‘proq yangiliklar: