Xususiy maktablarga ta’tilni 24 yanvarga qadar uzaytirish tavsiya etildi

O‘zbekiston 09:57 / 10.01.2022 3275

2022 yil 24 yanvarga qadar mamlakatdagi barcha umumta’lim maktablari pedagog-o‘qituvchilarning xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarini tashkil etish belgilangan.

Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi xabariga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlarida ham qishki ta’til muddatini 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirish, ularning rahbar va pedagog kadrlarini xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida masofaviy ta’lim shakllarini qo‘llagan holda malaka oshirish kurslariga jalb etish maqsadga muvofiq ekani aytiladi.

“Qishki ta’til davrida o‘quvchilarga oziq-ovqat berilmasligi hamda boshqa sarf-xarajatlar qilinmasligini inobatga olgan holda, ularning ota-onalaridan shu muddatlar uchun to‘lov undirilmasligi tavsiya etiladi.

Shuningdek, ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida ular uchun tashkil qilinayotgan onlayn fan olimpiadalar, intellektual o‘yinlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bellashuvlar va turli tanlovlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadga muvofiq”, deyiladi ma’lumotda.

Avvalroq, Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda maktablarda ham qishki ta’til 24 yanvarga qadar uzaytirilganini ma’lum qilgandi.

6 yanvar kuni Oliy ta’lim vazirligi talabalar uchun qishki ta’til muddati uzaytirilgani haqida xabar bergan, Xalq ta’limi vazirligi esa o‘quvchilar odatdagi kabi 11 yanvardan maktablarga qaytishini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: