Xorazmda harbiylar tadbirkorning baliq ko‘lini tortib olganmi?

Jamiyat 17:24 / 10.01.2022 18195

Xorazm viloyati Yangiariq tumanida 10 yildan beri tadbirkor foydalanib kelgan ko‘l harbiy qismga olib berilgan. Qonun bo‘yicha sud orqali olinishi kerak bo‘lgan yer hokim qarori bilan qaytarib olingan.

Kun.uz'ga murojaat bilan kelgan “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligi yuriskonsulti G‘ayrat Sobirov sudlarda davom etgan kurashda xo‘jalikning mag‘lub bo‘lishiga mudofaa vazirining Oliy sud raisi Kozimjon Komilov nomiga yo‘llagan “iltimosi” sabab bo‘lganini iddao qilmoqda.

Yer qanday asoslarga ko‘ra qaytarib olindi?

2010 yilda Yangiariq tumani hokimining qarori bilan Ostona qishlog‘i hududidan 25,1 gektar yer maydoni “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligiga baliq ko‘li tashkil qilish uchun ajratib beriladi.

2020 yil noyabr oyida Urganch harbiy prokuraturasi Xorazm viloyati Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasiga Yangiariq tumanidagi 53008-sonli harbiy qism yerlarini o‘rganish bo‘yicha topshiriq beradi.

Kadastr boshqarmasi holatni o‘rganib, fermerga ajratilgan 25,1 gektar yer maydoni avval 53008-sonli harbiy qismga tegishli bo‘lgani haqida xulosa qiladi va Yangiariq tuman hokimligiga hududni harbiy qism ixtiyoriga qaytarish choralarini ko‘rish haqida taqdimnoma kiritadi.

Taqdimnomaga asosan, Yangiariq tuman hokimining 2020 yil 26 noyabrdagi 1690q-sonli qarori bilan 973-konturdagi 25,1 gektar yer maydoni “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligidan qaytarib olingan.

Hokimning 26.11.2020 yildagi qarori

E’tiborli jihati, yer maydoni aynan qanday asosga ko‘ra harbiy qismga tegishli bo‘lgani haqida xulosa qilingani noma’lum.

Chunki tadbirkor qo‘lidagi xaritada fermer xo‘jaligidan olib qo‘yilgan yer harbiy qism hududiga kirmasligi ko‘rinadi (bu haqida maqola davomida batafsil).

Voqealar rivoji

Yuqorida aytilganidek, 2020 yil 26 noyabrda Yangiariq tuman hokimi M.Xudoyberganov kadastr boshqarmasi taqdimnomasiga asosan 1690q-sonli qaror chiqarib, fermer xo‘jaligiga yer ajratilishi haqidagi qarorni bekor qilgan. “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligi ma’muriy sudga ariza kiritgan va sudning 2021 yil 23 martdagi qarori bilan hokimning ana shu (1690q-sonli) qarori haqiqiy emas deb topilgan. Ya’ni fermer ilk sudda yutib chiqqan.

Biroq, Yangiariqdagi yerga oid nizoga nimagadir shu tumanning prokurori emas, Urganch shahri prokurori aralashgan va sudning bu qarori ustidan apellyatsiya tartibida protest kiritgan. Viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga qaytarilgan. Ya’ni ikkinchi sud fermerning ziyoniga qaror chiqargan.

Urganch tumanlararo ma’muriy sudi ishni qayta ko‘rib chiqib, Yangiariq tuman hokimining 1690q-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish bilan birga, tegishli tashkilotlarga Kadastr boshqarmasining taqdimnomasini qayta ko‘rib chiqish majburiyatini ham yuklagan. Ya’ni uchinchi sudda yana fermer yutib chiqqan.

Biroq bu g‘alaba ko‘pga cho‘zilmagan: hokimlik 2021 yil 1 iyunda yangi qaror chiqarib, yana bir marta “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligidan yerni qaytarib olgan.

Hokimning 2021 yil 1 iyundagi 810q-son qarori

Shundan so‘ng, fermer xo‘jaligi rahbari hokimning mana shu qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘rab, yana sudga ariza kiritgan. Ariza dastlab Urganch tumanlararo ma’muriy sudida, keyinchalik viloyat ma’muriy sudida rad etilgan.

Bosh prokuratura hokimlik va sudlarni nohaq deb topdi

Ishni o‘rganib chiqqan Bosh prokuratura tadbirkordan yerni qaytarib olinishida bir nechta qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘yilganini aniqlagan va 2021 yil 30 oktyabr kuni Oliy sudga ishni kassatsiya tartibida ko‘rish to‘g‘risida protest kiritgan.

Bosh prokuratura o‘z protestida hokimlik va quyi sudlar yo‘l qo‘ygan quyidagi jiddiy qonunbuzilishi holatlarini sanab o‘tgan:

1. Yer kodeksining 24-moddasi 9-qismida, yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshirilishi belgilangan.

Yangiariq tuman hokimligi va “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligi o‘rtasida 15.12.2010 yilda yerni uzoq muddatga ijaraga berish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mazkur shartnoma qonuniy kuchda bo‘lib, sudning qarori bilan haqiqiy emas, deb topilmagan bo‘lsa-da, sudlar tomonidan bu holatga e’tibor qaratilmagan.

2. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 59-moddasiga muvofiq, manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda, ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Shaxs ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim.

“Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligi nizoli ko‘l atrofida dala shiyponi, yordamchi binolar va omborxona qurgan, bu qurilishlarga nisbatan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan. Fermer xo‘jaligi o‘z hisobidan nizoli ko‘lga qadar 5 km simyog‘ochlar o‘rnatib, elektr toki olib kelib, “Ipoteka bank”dan olingan 1,5 mlrd so‘m kredit mablag‘i evaziga suv to‘sish inshootini qurib bitkazgan.

Shuningdek, “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligi tomonidan nizoli ko‘ldan 10 yil davomida foydalanib kelingan, baliqchilik faoliyati uchun jami 7 mlrd so‘mdan ortiq investitsiya kiritilgan.

Bunday holatda “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligining ishonchi himoya qilinishi hamda ma’muriy hujjatni bekor qilish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lsa-da, masala hokim qarori bilan hal qilib qo‘yilgan.

3. Yer kodeksining 38-moddasiga ko‘ra (21.04.2021 yildagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda), kodeksning 36-moddasi 1-qismining 6-11-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, yer to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan boshqa hollarda yerlardan foydalanish nazoratini amalga oshiruvchi organ yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan ogohlantirganidan keyin yer uchastkasini olib qo‘yish haqida taqdimnoma kiritadi.

Yer uchastkasini bergan organ taqdimnoma asosida bir oylik muddatda uni olib qo‘yish haqida sudga da’vo arizasi kiritadi.

Ushbu kodeksning 36-moddasi 4-qismiga ko‘ra, mazkur modda birinchi qismining 1, 2, 3 va 5-bandlarida ko‘rsatilgan hollarda yerga bo‘lgan huquq tegishincha viloyatlar, Toshkent shahar hokimlarining qarorlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tugatiladi.

Shunga qaramasdan, tadbirkorning yerga bo‘lgan huquqi Xorazm viloyati yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining 18.11.2020 yildagi taqdimnomasi bo‘yicha sudga ariza bilan murojaat qilmasdan, tuman hokimining 01.06.2021 yildagi 810q-sonli qarori bilan bekor qilgan.

4. “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligining arizasiga asosan, Bosh prokuratura tomonidan tuzilgan ishchi guruhning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida 53008-harbiy qismning yer maydonlari chegaralarini aniqlash bo‘yicha 2008 yilda rasmiylashtirilgan xaritaning asl nusxasi mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, xarita bo‘yicha nizoli ko‘l maydoni harbiy qismga tegishli emasligi ma’lum bo‘lgan.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri yer tuzishni ilmiy loyihalashtirish institutining 2010 yildagi Yangiariq tumani Ostona massivida yerlarni yo‘qlamadan (inventarizatsiyadan) o‘tkazish hujjatlari va xaritasida nizoli ko‘l maydonining 20 gektar qismi “Sanjar baliqchi” fermer xo‘jaligiga, 40 gektar qismi harbiy qismga tegishli bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Yangiariq tuman hokimining 25.11.2010 yildagi 653-sonli qarori bilan mazkur ko‘l maydoni “Sanjar baliqchi” fermer xo‘jaligidan zaxiraga olinib, tuman hokimining 03.12.2010 yildagi 823/27-sonli qarori bilan “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligiga berilgan.

Shuningdek, Yangiariq tuman hokimining 13.01.2007 yildagi 14-sonli qarori bilan 53008-harbiy qismga ajratilgan yer maydonlari miqdori harbiy qism xaritasiga qarab maxsus elektron dastur yordamida (masshtablarga asosan) o‘lchab ko‘rilganda, tuman hokimligi qarori bilan ajratilgan yer maydoniga nisbatan jami 154,3 gektar. yer maydoni, shundan ko‘l maydoni joylashgan Ostona massividan ajratilgan yer maydoniga nisbatan 141,1 gektar yer maydon ortiqcha ekani ham aniqlangan.

Bundan tashqari, Yer kodeksining 31-moddasiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.

Ushbu kodeksning 32-moddasi 4-qismiga ko‘ra, yer uchastkasining tasdiqlangan plani yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarning ajralmas qismi bo‘lib qoladi.

Biroq o‘rganishda 53008-harbiy qismga tegishli kadastr hujjatlarida harbiy qismga yer maydonining topografik kartalari, o‘lchov dalolatnomalari qilinmagani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, Bosh prokuratura protestiga ko‘ra, sudlar tomonidan nizoli ko‘l maydoni aynan kimga tegishli bo‘lgani holatiga oydinlik kiritilmagan.

Ammo, Oliy sudning sudya U.Xolov raisligidagi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati 30 noyabrdagi ajrimi bilan protestni rad etib, quyi instansiya sudlari qarorlarini o‘z kuchida qoldirgan.

Nizo harbiy qism foydasiga hal bo‘ldi. Ishga mudofaa vaziri aralashganmi?

Fermer xo‘jaligi rahbari Ibragim Sobirov barcha sud instansiyalari uning zarariga qaror chiqarganiga mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovning 2021 yil 15 aprel kuni Oliy sud raisi Kozim Komilovga yo‘llagan xati sabab bo‘lganini aytmoqda.

Xatda vazir Oliy sud raisidan “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligi bilan 53008-sonli harbiy qism o‘rtasida ma’muriy va iqtisodiy sudlarda davom etayotgan sudlarda “adolatli qaror qabul qilinishini o‘z nazoratiga olishni” so‘ragan.

Vazirning xati

Sudyalarning mustaqil ekani, ularning faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi qonun bilan belgilab qo‘yilganiga qaramay, vazir Oliy sud raisidan quyi instansiya sudlari qabul qiladigan qarorni nazoratga olishni so‘rashi qanchalik to‘g‘ri?

“Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga ko‘ra, sudyalar mustaqildir, faqat qonunga bo‘ysunadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Boshqacha aytganda, tuman sudyalari qaror qabul qilishda barchadan, jumladan Oliy sud raisidan ham mustaqildir.

Harbiylar qanday fikrda?

Mudofaa vazirligi, Shimoli-G‘arbiy harbiy okrugi (ShG‘HO) bergan izohga ko‘ra, “Yangiariq Oxun” fermer xo‘jaligiga yer ajratish to‘g‘risidagi 2010 yilda chiqarilgan qaror mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lgan. Buning sababi fermer xo‘jaligiga ajratilgan yer maydoni 53008-sonli harbiy qism hududiga qarashli bo‘lgani bilan izohlangan. Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi Yer kodeksi va yerlardan foydalanishga doir boshqa ko‘plab qonunlarni buzib, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazganlikda ayblangan.

Shu o‘rinda yuqoridagi savolni yana bir eslash o‘rinli: harbiy qism nizoli yer maydoniga da’vo qilishda kadastr organining xulosasiga tayanyapti, biroq kadastr organi xulosasiga nima asos bo‘lgani ma’lum emas.

Qolaversa, “harbiy qism hududini 10 yil davomida g‘ayriqonuniy egallab kelgan” bo‘lsa, shuncha yillar ichida qanday qilib bunga harbiy qism yo‘l qo‘yib bergan?

ShG‘HO Kun.uz'ga taqdim etgan o‘z axborotida mojaro paytida yuzaga kelgan yana bir voqeaga urg‘u bergan. Fermer xo‘jaligi xodimlari va ko‘lni qo‘riqlayotgan harbiylar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik vaqtida, xo‘jalik rahbari ov miltig‘idan o‘q uzgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Sud natijasi hozircha noma’lum.

Hozirgi vaqtda ish yana Oliy sudning kassatsiya instansiyasida, fermer xo‘jaligining shikoyatiga asosan qayta ko‘rilishi kutilmoqda. Fermer xo‘jaligi a’zolari toki vaziyat prezident administratsiyasi e’tiboriga tushmas ekan, nizo sudda adolatli ko‘rib chiqilishiga shubha bilan qarashmoqda.

Temur Tursunboyev,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: