«Qaynoq nuqta»larda jang tajribasini orttirgan terrorchi guruhlarning qurolli tajovuziga uchradik – Qozog‘iston TIV

Jahon 11:36 / 10.01.2022 16589

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakatda favqulodda holat joriy etilgandan keyingi hodisalar qator xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan yuzaki va biryoqlama talqin etilmoqda.

«Mang‘istau viloyatida va mamlakatning barcha yirik shaharlarida tinch mitinglar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilarning talablari to‘liq qanoatlantirildi. Biroq bu vaziyatdan terroristik, ekstremistik va jinoiy guruhlar tomonidan keskinlik va zo‘ravonlikni kuchaytirish maqsadida foydalanildi. Shu sabab bilan mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi.

Olmaota va mamlakatning boshqa bir qator viloyatlarida sodir bo‘lgan voqealar ko‘rsatdiki, Qozog‘iston xorijda tayyorgarlikdan o‘tgan, yaxshi muvofiqlashtirilgan terrorchi guruhlar tomonidan qurolli tajovuzga uchragan. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, hujumlarni amalga oshirganlar orasida islomiy radikal guruhlar tarkibida «qaynoq nuqta»larda jang tajribasini orttirgan shaxslar mavjud. Ayni paytda huquq-tartibot idoralari va Qozog‘iston Respublikasi Qurolli kuchlari ba’zi xorijiy OAVlar talqin qilganidek, “tinch namoyishchilar” bilan emas, balki terrorchilar bilan to‘qnash kelishmoqda.

Bunday vaziyatda Qozog‘iston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan (KXShT) yordam so‘rashga majbur bo‘ldi va vaziyatni barqarorlashtirish uchun umumiy soni 2500 nafarga yaqin tinchlikparvar kuchlar yuborildi. Ularning vazifasi strategik obektlarni qo‘riqlash va Qozog‘iston huquq-tartibot kuchlarini himoya qilishni o‘z ichiga oladi.

Ta’kidlash joizki, terrorchi guruhlarga qarshi asosiy harbiy amaliyotlar huquq-tartibot idoralari va Qozog‘iston Qurolli kuchlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

KXShT tinchlikparvar kuchlari mamlakatda vaqtincha bo‘ladi va Qozog‘iston tomonining birinchi iltimosi bilan, vaziyat barqarorlashganidan keyin mamlakatni tark etadi.

Qayd etish kerakki, o‘tgan davr mobaynida tinch namoyishchilarga hech qanday tazyiqlar o‘tkazilmadi.

Huquq-tartibot idoralariga ushbu holatning sabablarini keng ko‘lamda tekshirish, uning natijalarini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish topshirildi.

Qozog‘iston tomonining demokratiya va konstitutsiyaviy tuzumni islomiy radikallar va terrorchilardan himoya qilishga bo‘lgan pozitsiyasi qat’iy!

Afsuski, to‘qnashuvlar natijasida huquq-tartibot idoralari xodimlari va harbiy xizmatchilar orasida ham, tinch aholi orasida ham qurbonlar bor.

Shu munosabat bilan 2022 yil 10 yanvar sanasi mamlakatda umumxalq motam kuni deb e’lon qilindi», deyiladi bayonotda.

Ko‘proq yangiliklar: