Qashqadaryo viloyati IIB YHXB rahbariyati xodimlarga 20 tadan protokol tuzish majburiyatini yuklagani aytilmoqda

O‘zbekiston 10:52 / 10.01.2022 19256

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati IIB YHXB rahbariyati xodimlarga 20 tadan protokol tuzish majburiyatini yuklagani aytilgan audio tarqaldi. IIV YHXBB matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, audioyozuvdagi ovoz Qashqadaryo viloyati IIB YHXB boshlig‘ining o‘rinbosari Shahriddin Qo‘shoqov va navbatchi E.Alimovniki bo‘lib, audioyozuv yuzasidan IIV JXD YHXX tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi belgilangan.

Tarqalgan audioyozuvda ikki kishining buyrug‘i berilgan. Ulardan biri «Barcha shahar va tuman rahbari diqqatiga, har bir xodim barcha qoidabuzarliklar bo‘yicha yigirmatadan protokol tuzib topshiradi», degan.

«Ish natijalariga e’tibor beringlar, xodimlaringizni qattiq kontrol qilinglar. Hurmatli rahbarlar, mast bo‘yicha ishimiz pasayib ketgan. Mast bo‘yicha ish qilmayapsizlar. Bitta Chiroqchi tumani yaxshi natija ko‘rsatgan. Hamma shahar va tumanlarga taalluqli. Rahbar tomonidan mast bo‘yicha har kuni bittadan topshiriq berildi. Albatta kechqurun chaqirib yoki jazolab, qattiq gapirib bajartirish kerakmi?» deydi ikkinchi ovoz.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangiyo‘lda «uchastkavoy»lardan kuniga 2tadan fuqaroni jarimaga tortish talab qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati Quva tumanida profilaktika inspektori tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari o‘z molxonasi qurilishida inspektorlarni ishlatgani, ulardan 55 ming so‘mdan pul yig‘ib olgani, haydovchilarni jarimaga tortish bo‘yicha «plan» belgilaganini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: