Omikron: yangi shtammning «qulay» va noqulay jihatlari, davolash usullari hamda ehtimoliy karantin haqida

O‘zbekiston 21:49 / 10.01.2022 47620

10 yanvar kuni AOKA majlislar zalida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik holat yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbir yakunida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Habibulla Oqilov Kun.uz muxbirining yangi shtamm – omikron va u bilan bog‘liq qator savollariga javob qaytardi.

— 7 yanvar kuni O‘zbekistonda omikron bilan kasallangan dastlabki bemor aniqlandi. Aytingchi, bu shtammning boshqalaridan farqli jihatlari nimada?

— Belgilari bo‘yicha deltadan deyarli farq qilmaydi. Bu turda tomoqdagi xirillash, beldagi og‘riq, umumiy holsizlik va har ikki bemordan bittasida tana haroratining ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Tekshiruvlarda ham ularning aniqlanishi bo‘yicha deyarli farq ko‘rinmaydi.

Bizda hozircha bir bemor aniqlandi va uni kuzatyapmiz. Xorijdagi hamkasblarimizning aytishicha esa, uning kechishi avvalgi shtammlardan ko‘ra yengilroq, asorati kam, ammo tarqalishi juda tez.

— Bu shtamm qanday bemorlarda og‘ir, qaysilarida esa yengil o‘tadi?

— Omikronning deltadan farqi shundaki, u kasallikni avvalroq boshdan o‘tkazgan va emlangan bemorlarda ham aniqlanmoqda. U yosh bemorlarda nisbatan yengilroq, yoshi katta va yondosh kasalliklari bor, masalan, gipertoniya, qand, onkologik kasalligi bor va og‘ir vaznli bemorlarda esa og‘irroq kechmoqda.

— Men ko‘plab shifokorlar bilan gaplashyapman, ular hali bu shtamm bilan kurash usullari haqida ma’lumotga ega emas. Sizlar bu shtammning O‘zbekistonga qachondir kirib kelishini bilardingiz, lekin nega shifokorlar bunga yaxshi tayyorgarlikdan o‘tkazilmadi?

— Ma’lumotlar berilyapti. Biz xorijdagi hamkasblarimiz bilan yangi ma’lumotlar bo‘yicha aloqada bo‘lib turibmiz. O‘zimizda hozircha tajriba yo‘q. Bu juda tez tarqalayotgan tur — 21 noyabrda Janubiy Afrikada ilk bemor u bilan kasallangan bo‘lsa, 10 yanvarga kelib u butun dunyoni egalladi.

U juda tez tarqalmoqda. Biz hozircha ochiq davlatmiz va bizga juda ko‘p xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston fuqarolari kirib kelmoqda. Ular bilan kirgan bo‘lishi kerak.

— Savolni boshqacha shaklda qo‘yaman, xo‘p vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar yangi to‘lqinga qanday tayyorlandi?

— Albatta yangi to‘lqin. Biz bu to‘lqinning boshida turibmiz. Bizdagi xotirjamlik shundaki, bizda emlanganlar soni ko‘proq. Shundan kelib chiqqan holda holat o‘tgan yillardagi kabi og‘ir bo‘lmasligini bashorat qilyapmiz.

Ikkinchidan, bu shtammga tayyorgarligimiz o‘tgan yilga nisbatan ancha baland. Bu shtammni davolash usuli avvalgilaridan umuman farq qilmaydi. Bugun bizda 12 ta klinika ishlayapti, ertaga 36 va indinga kerak bo‘lsa, yana 116 ta klinikani ochishga tayyormiz.

Bu klinikalarda eng yomon ssenariylarga ham tayyorgarlik ko‘rilgan.

— Davolash markazlari yetarli bo‘lmay qolsa, odamlar uyda ham davolanishadi. Xo‘sh, omikrondan uyda davolanish usullari qanday bo‘ladi?

— Omikronning «yaxshi tomoni» 98 foiz bemorlar uy sharoitida davolanadi.  Faqat 2 foiz bemorlar shifoxonada davolanadi. O‘ylashimcha, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda ham farq qilmaydi.

— Jiddiy karantin tartibi O‘zbekistonda qanday holatda qaytishi mumkin?

— Buni qonun qoidalari o‘zgarmaydi. Bu jarayonda ikkilanish davri bor. Unga ko‘ra, kasallanish holatlari ikki barobar oshish davri. Bu o‘rta hisobda ikki hafta va undan uzoq bo‘lsa, karantinga hech qanday asos yo‘q. Bu ko‘rsatkich ikki kunga kelib qolsa, shunda karantin qoidalari kuchaytiriladi.

— O‘tgan yili vaksinatsiya jarayonida ayrim vaksinalar yoki ularning turli bosqichdagi dozalari yetmay qoldi. Hozirda bu borada holatimiz qanday?

— Hozir vaksina bo‘yicha umuman savol yo‘q. Hozir fuqaroda tanlashga imkoniyat bor. Hozir hamma partiyadagi vaksinalar zaxirasi mavjud.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: