«Bu namoyish emas» – Namanganda odamlar yo‘lni yopib qo‘ygani tasvirlangan videoga izoh berildi

O‘zbekiston 21:04 / 10.01.2022 29738

Videoda shahar ko‘chalarida ko‘p sonli odamlar bir tomonga qarab tartibsiz harakatlanayotgani, bu esa mashinalar harakatiga xalaqit berayotgani ko‘ringan.

9 yanvar kuni tarmoqda ushbu video «Namanganda odamlar yo‘lni yopib qo‘ydi» mazmunida tarqaldi va o‘rinsiz shov-shuv keltirib chiqardi. Aslida kadrlar 31 dekabr kuni olingani ma’lum bo‘ldi. Tasvirdagi odamlar esa yangi yil bayrami munosabati bilan shahardagi «Afsonalar vodiysi» istirohat bog‘ida o‘rnatilgan archa atrofida to‘planish uchun shoshilgan. Bu haqda Namangan viloyat IIB rasmiy saytida ma’lumot berildi. Xabarda aytilishicha, videodagi holatda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari odamlarni tarqatayotgan bo‘lgan.

«Namangan shahriga viloyatning barcha tumanlaridan 1 000 nafarga yaqin fuqarolar istirohat bog‘iga tashrif buyurib, archa atrofida to‘planishgan. 2021 yilning 31 dekabr kuni viloyat hududida norozilik chiqishlari va namoyishlar, ko‘ngilsiz xolatlar sodir etilmagan», deyiladi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, archa atrofida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 253 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari jalb qilingan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ham ushbu holatga munosabat bildirar ekan «piar uchun chiqarilgan materiallar insonlar orasida xatarli vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkin»ligidan ogohlantirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda «Yangi yil bayrami» tadbirlari munosabati bilan joriy yilning 1 yanvarga o‘tar kechasi Namangan shahrining «Afsonalar vodiysi» istirohat bog‘iga sayrga to‘plangan odamlar videotasvirlari turli talqinlar bilan, go‘yoki fuqarolar «namoyish» uyushtirganligi sifatida tarqalmoqda.

Namangan viloyati IIB mazkur holatga o‘z vaqtida rasmiy axborot berganiga qaramasdan, ijtimoiy tarmoqlarda bu ma’lumot chetlab o‘tilmoqda.

Barcha ijtimoiy tarmoq faollari va blogerlarni ogohlantiramiz: noxolis va yolg‘on axborot tarqatmang. Axborot tarqatish tartibiga rioya qiling. Jamoat nazorati to‘g‘risidagi qonun talabiga ko‘ra tarqatayotgan axborotingiz xolis va tekshirilgan bo‘lishi shart. Sizning piar ortidagi shoshma-shosharligingiz, fuqarolar o‘rtasida xavotirli vaziyatlarni yuzaga keltirishi mumkinligini aslo unutmang», deb yozdi IIV rasmiysi o‘z kanalida.

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2022-moddasi (Yolg‘on axborot tarqatish) ikkinchi qismiga ko‘ra jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internetda tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: