24 yanvardan keyin OTMlarda ta’lim onlayn formatga o‘tkazilmaydi - vazirlik

O‘zbekiston 16:58 / 10.01.2022 13275

24 yanvardan keyin ta’lim jarayonlari onlayn formatga o‘tkazilmaydi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma’lum qildi.

“24 yanvardan keyin ta’lim jarayonlari onlayn formatga o‘tkazilmaydi. Yakuniy nazorat imtihonlari o‘z vaqtida bo‘lib o‘tadi”, dedi Abduvali Xoliqov.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Rahimjon Hakimovning aytishicha, mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlarida kunduzgi tarzda ta’lim olayotgan talabalarning 70 foizi koronavirusga qarshi ixtiyoriy tarzda emlangan.

Avvalroq, O‘zbekistonda talabalarga qishki ta’til muddati 13 kunga uzaytirilgandi.

Ma’lum qilinishicha, 24 yanvarga qadar moliyaviy mustaqillikka erishgan hamda kredit-modul tizimiga o‘tgan barcha OTMlar rahbariyati va professor-o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar olib boriladi. 

Shuningdek, talaba-o‘quvchilarga o‘z uylaridan ta’lim muassasalariga qaytishlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia hamda temir yo‘l chiptalari tarif qismidan 50 foiz miqdorida chegirma berilishi muddati ham 2022 yilning 24 yanvariga qadar uzaytirildi.

Bundan tashqari, 2022 yilning 11 yanvarigacha bo‘lgan muddatga xarid qilingan avia va temir yo‘l chiptalari bepul tarzda tegishli muddatga almashtirib beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: