Transformatsiya
Mahallaga davlat tomonidan e’tibor kuchayib borayotgan bir paytda tizim haqida, unda maosh olib ishlayotgan xodimlar faoliyati xususida bildirilayotgan salbiy fikrlarning sababi nimada? Nega ayrim chiqishlarda o‘ta keskin, hatto noloyiq so‘zlar ishlatilmoqda?
Tizimni isloh etish yo‘lidagi harakatlar, oxirgi ikki yil davomida amalga oshirilgan ishlar va shu kunlardagi o‘zgarishlar aynan mahallani fuqarolarga yanada yaqinlashtirishga, har bir oilaning dardiga darmon bo‘lishiga imkon yaratishga, uning jozibadorligini oshirishga qaratilgan emasmi?
Ko‘p asrlik tarixga ega hamda o‘zaro ishonch, ijtimoiy muloqot va birgalikdagi mas’uliyatga asoslangan mahalladoshlik, birodarlik tuyg‘ulari hukmron bo‘lgan mahalla tizimi keyingi yillar davomida shaklan va mazmunan o‘zgardi.
Ayniqsa, 2020 yilning 18 fevralida davlatimiz rahbarining «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va unga muvofiq Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorining e’lon qilinishi munosabati bilan bunday o‘zgarishlar yanada chuqurlashdi.
Endi mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimi joriy etildi. Profilaktika inspektori ham raisga o‘rinbosar, deb e’lon qilindi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini zimmasidagi vazifalar keskin oshdi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman (shahar) bo‘limi va tegishli sektor yuboradigan topshiriqlar, turli yig‘ilishlar ham ko‘paydi. Yozuv-chizuv va har xil ko‘rinishdagi ishlar oshib-toshib ketganligiga qaramasdan, mas’ul kotib shtati tugatildi. Shunday sharoitda qanday yo‘l tutildi? Deyarli hamma mas’ul kotiblar mahalla raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik (OTT) masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi.
Ayrim mutasaddilarning OTT masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari o‘z vazifalarini uddalay olmaganligi tufayli yangi — hokim yordamchisi lavozimi joriy etilganligi haqidagi gaplarini hazm qilish og‘ir. Chunki bu o‘rinbosarlar mahallada har xil hujjat-u jadvallar tayyorlash va yuqori tashkilotlarga yuborish va shaxsan olib borib topshirish bilan shug‘ullandi. Ya’ni ular avvalgidek kotiblik vazifasini bajarib keldi. Shu sababli ularning obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bilan shug‘ullanishga vaqti ham, imkoni ham bo‘lmadi.
Yuz bergan o‘zgarishlar tufayli aksariyat hollarda mahallaga hokimliklarning bo‘linmasi, davlat idorasi sifatida qaraladigan bo‘ldi. Nafaqat hokimlig-u sektorlar, balki turli davlat tashkilotlari va boshqaruv idoralari o‘z zimmalaridagi vazifalarni bajarishni mahallaga yuklatadigan bo‘lishdi. Bu asossiz da’vo emas. Kimga kerak bo‘lsa, murojaat qilsin, istaganicha misollar keltirishim mumkin.
Jadvalbozlik, tayinsiz hisobotlar
Mahalla raislari yuqori tashkilotlar topshiriqlarini keskin kamaytirish orqali aholi bilan ishlash, ular dardini eshitish, muammolarini hal etish uchun vaqt qoldirishni so‘rab, murojaat bilan chiqishmoqda.
Nafaqat turli xil hisobot-u jadvallar to‘ldirish, balki mahallada nechta it va mushuk borligi, tomorqalarda qancha daraxt bo‘lib, qanday ekin ekilganligi haqida yil davomida bir necha marta suratli hisobot, har xil so‘rovnomalar o‘tkazib, blankalar to‘ldirish va surati bilan sektor va bo‘limga yuborish kabi ko‘plab vazifalar mahalla xodimlarining asosiy vaqtini olmoqda.
Natijada, fuqarolar bilan ishlashga vaqt va imkoniyat qolmayapti. Aholining MFY raisi va uning o‘rinbosarlari faoliyatidan noroziligining bosh sababi ham ana shunda. Negadir ijtimoiy tarmoqlarda va Telegram messenjerining «Mahalla muammolari» guruhida bildirilayotgan tanqidiy fikr va takliflarga deyarli e’tibor bo‘lmayapti.
Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar ular mahalla raisini, rais ularni tanimasligini, mahalla mavjudligini sezmayotganliklarini bildirib, «bizga mahalla nimaga kerak?» degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.
Telegram messenjerining «Mahalla muammolari» guruhida mahalla xodimlaridan birining quyidagi iltijosiga e’tibor qarataylik:
«Jadvallarni kamaytiringlar! Bir-biridan «noyob» jadvallarni to‘ldirish bilan ovora bo‘lgan vaqtimizda, qaysidir notinch oila bizni kutayotgan bo‘ladi. Nima ahvol bu jadvalbozlik? Bir oyda bir marta jadval so‘rang. Ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtiraylik, ajrimlarni, notinch oilalarni, jinoyatchilikni kamaytiraylik, desangiz, jadvallarga barham bering. Agar shu ketish bo‘lsa, vaziyat yaxshilanmaydi. Chunki biz salbiy holatlarning oldini olish bilan emas, jadval to‘ldirish bilan ovora bo‘lyapmiz».
Demak, qog‘ozbozlikka chek qo‘yilmas yoki u keskin kamaytirilmas ekan, mahallani aholiga yaqinlashtirishning iloji bo‘lmaydi.
Nima qilish kerak?
Quyida Telegram messenjeridagi «Mahalla muammolari» guruhiga yuborilgan takliflardan ayrimlari keltirilgan.
Mahallaning faoliyati fuqarolardan tushgan shikoyatlar soni bilan baholanishi lozim. Shunda mahalla xodimlari mahalladagi mavjud muammolarni hal etishga asosiy e’tibor qaratadi va fuqarolarning yuqori tashkilotlarga shikoyat yo‘llashiga hojat qolmaydi yoki shikoyatlar soni keskin kamayadi.
Agar mahalla zimmasiga hozirgidek vazifalar yuklatiladigan bo‘lsa, mas’ul kotib (ish yurituvchi) shtat birligini tiklash zarur. Tashkilot kotibsiz qanday faoliyat yuritadi? O‘nlab jadval-u statistik ma’lumotlar, yig‘ilish bayonlari tayyorlash, kirish-chiqish xatlari, ularga javoblar, xatlarni nazoratga olish, har xil shikoyatlar-u arizalar qabul qilish, kitoblarni yuritish, hujjatlarning saqlanishi kabi ishlarni kim bajaradi?
«Bola puli»ni tayinlash tuman (shahar) Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi (BTPJ)ga o‘tganligiga qaramasdan, hujjatlarni mahalla qabul qilib, BTPJga yetkazadi. Mahalla xodimlari kimga va nima uchun nafaqa tayinlanganligi yoki tayinlamaganligidan bexabar qoladi. Arizasi qondirilmagan fuqarolar mahalladan norozi bo‘ladi. Shu sababli hujjatlarni BTPJning o‘zi olsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Mahalla tizimida xar bir tuman (shahar) kesimida psixolog shtati ajratilishi taklif etilmoqda. Mahalla xodimlari har bir shaxsning ruhiyatidagi o‘zgarish, kechinmalarni bila olmaydi. Shu sababli salbiy holatlarning oldini olishda psixolog kerak.
Mahalla xodimlari tomonidan ularning ishi rejalashtirilganligi, kunlik, haftalik, oylik rejalar tuzish talabi qo‘yilayotganligi o‘rinsiz ekanligi haqida fikrlar bildirilmoqda. Mahalla xodimlarining kundalik ishi o‘ziga bog‘liq bo‘lmaganligi uchun rejalashtirishni bekor qilish va ularning faoliyatiga baho berishni mahalla aholisi o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazish orqali amalga oshirish taklifi o‘rtaga tashlanmoqda.
Mahallalarda tayinlangan hokim yordamchilari lavozimini mahalla raisining iqtisodiy masalalar bo‘yicha yordamchisi, deb atash to‘g‘riroq bo‘lishi haqida fikrlar mavjud.
Profilaktika inspektori va posbonlarning faqatgina mahalla ishlarini bajarishlari kerakligi haqidagi talab amalda bajarilmayotganligi bo‘yicha aytilayotgan gap-so‘zlar e’tiborsiz qolib ketmoqda. Profilaktika inspektori tungi navbatchilik va undan keyingi hordiq soatlari, turli yig‘ilishlar va topshiriqlardan qolgan vaqtini mahalla ishlariga sarflamoqda.
Posbon esa to‘la mahalladan uzoqlashdi. Posbonni mahallaga qaytarish lozim. Agar posbon mahallada o‘z zimmasidagi vazifalarni to‘laqonli bajarsa, mahalla raisi bilan birgalikda mas’uliyatni his qilgan holda ishlasa, yoshlar yetakchisi degan yangi lavozimga hojat qolmasdi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi va sektordan yuboriladigan topshiriqlarni qisqa muddatda bajarish talab etilayotganligi mahalla xodimlarining ishga bo‘lgan munosabatiga salbiy ta’sir qilmoqda. «Zudlik bilan bajaring», «Tezda to‘ldirib, suratlari bilan qog‘oz variantini yetkazing», kabi chaqiriqlar bilan keladigan talablar ba’zan bir kunda bir nechtani tashkil etadi.
Bundan ham yomoni, yuborilgan bir jadvalni to‘ldirib berganingizdan biroz o‘tib, uning o‘zgartirilgan boshqa shaklini jo‘natishadi. Shuncha qilgan ishingiz bir tiyin bo‘ladi. Yoki ba’zan bo‘lim va sektor yuborgan bir xil jadval bir-biridan farq qiladi va shunda qaysi birini to‘ldirishni bilmaysiz.
Ha, shunday muammolar haddan ko‘p. Balki mahalla tizimini isloh qilishga kirishishdan avval tizimda ko‘p yillar mehnat qilayotganlar fikri o‘rganilsa, taklifni «past»dan eshitib, so‘ngra xulosa qilinsa, balki muammolar ham kamayarmidi?
(Davomi bor)
Toshpo‘lat Rahmatullayev,
Samarqand shahar «Bog‘imaydon» MFY raisi, jurnalist