2022 yil 4 yanvar kuni kechki soat taxminan 20:00larda Namangan-Toshkent yo‘nalishida kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi Nasim Shomatov uch yigitni Toshkent shahriga olib borib qo‘yish uchun 360 000 so‘mga kelishadi.
Toshkent viloyat IIBdagi manbaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, «Kobalt» rusumli avtomashina Toshkent viloyati Ohangaron tumaniga yetganida, yo‘lovchilar haydovchiga jismoniy kuch ishlatib, bo‘yin sohasidan bo‘g‘ib hushidan ketkazgan.
Aholi yashash punktidan uzoqda bo‘lgan keng dala maydoni atrofida jabrlanuvchining qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, og‘iz sohasini skotch yordamida yopib, unga tegishli bo‘lgan 500 dollar miqdoridagi pullar, REDMI NOTE-9 markali telefon, bosh va oyoq kiyimlarini olib, bog‘langan haydovchini avtomashina yukxonasiga joylashtirib, Jizzax tomon yo‘lda davom etishadi.
Jinoyatchilar Jizzax shahri hududida avtomashinani yo‘l chetida qoldirib yashirinishadi.
Jabrlanuvchi esa o‘z sa’y-harakatlari bilan qo‘l-oyoqlarini yechib, yukxona ichidan chiqib oladi va holat yuzasidan yaqin atrofda joylashgan Jizzax shahar IIB 3-sonli IIBga murojaat qiladi.
Olib borilgan surishtiruvlar natijasida bu jinoyatni qotillikda gumonlanayotgan va qidiruvda bo‘lgan shaxslar sodir etgani ayon bo‘ladi.
Ulug‘bek Adashev 1992 yilda tug‘ilgan, Namangan viloyati Namangan tumani «Tepaqo‘rg‘on» MFYda yashab, bir necha bor sudlangan (so‘nggi marta 2019 yil yozida JIB Namangan shahar sudi tomonidan JKning 169 m. 3 q. «a» b., 168 m. 3 q. «b» b., 227 m. 2 q. bilan aybdor deb topilib, 5 yil-u 6 oy muddatga OMQ jazosi tayinlangan, bugungi kunda sudlanganlik holati tugallanmagan), 2021 yil 29 dekabr kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 44-sonli Jazoni ijro etish manzil koloniyasidan qochgan va qidiruvga berilgan.
Azizbek Mahkamov 1987 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona viloyati Beshariq tumani «Zarqaynar» MFYda yashaydi. Muqaddam bir necha marta sudlangan (so‘nggi marta 2017 yil aprelida JIB Beshariq tuman sudi tomonidan JKning 169 m. 3 q. «a» b., 25-169 m. 3 q. «a» b., 164 m. 3 q. «v» b., 25-222 m. 2 q. «v» b. bilan aybdor deb topilib, 8 yil-u 2 oy muddatga OMQ jazosi tayinlangan, bugungi kunda sudlanganlik holati tugallanmagan), 2021 yil 29 dekabr kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi 44-sonli Jazoni ijro etish manzil koloniyasidan qochgan va qidiruvga berilgan.
Umidjon Isoqjonov 1997 yilda tug‘ilgan, Namangan viloyati Chust tumani Mirishkor ko‘chasida yashaydi. Muqaddam bir necha marta sudlangan (so‘nggi marta 2016 yil aprelida JIB To‘raqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan JKning 169 m. 3 q. «a» b. bilan aybdor deb topilib, 6 yil-u 6 oy muddatga OMQ jazosi tayinlangan, bugungi kunda sudlanganlik holati tugallanmagan), 2021 yil 29 dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 43-sonli Jazoni ijro etish manzil koloniyasidan qochgan va qidiruvga berilgan.
Hozirda jinoyat yuzasidan qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.