Xitoyning «sun’iy quyosh» loyihasi, kuzovining rangi o‘zgaradigan BMW – hafta texnologik dayjesti

Fan-texnika 13:34 / 09.01.2022 130659

Kuzovining rangi o‘zgaradigan BMW

BMW kompaniyasi Las-Vegasdagi CES 2022 ko‘rgazmasida innovatsion bo‘yoq sxemasiga ega iX elektr krossoverini namoyish etdi.

Foto: BMW

Birgina tugmachani bosish bilan BMW iX kuzovining rangi o‘zgaradi.

Kompaniya shuningdek, iX M60 elektr krossoverining kuchaytirilgan versiyasini ham taqdim etdi.

Elektromobilning motori quvvati 619 ot kuchiga teng. U 3,8 soniya ichida tezligini soatiga 100 kilometrga yetkaza oladi.

Xitoyning «sun’iy quyosh» loyihasi

Xitoyning EAST termoyadroviy reaktori sinovdan o‘tkazildi, deb xabar berdi Sinxua agentligi.

Foto: Sinxua

Qayd etilishicha, qurilma plazmasi Quyoshdan besh baravar kuchliroq qizigan va “sun’iy quyosh” 1056 soniya yoki 17 daqiqa ishlagan.

Ushbu loyihadan maqsad, cheksiz sof energiya ishlab chiqarishdir.

Agentlikning ta’kidlashicha, termoyadroviy energiya xavfli chiqindi ajratib chiqarmaydi, «sun’iy quyosh» uchun kerakli xomashyo esa Yer yuzida cheklanmagan miqdorda topiladi. Yonilg‘i sifatida vodorod izotoplaridan foydalaniladi.

Loyiha Xitoyga 943 milliard dollarga tushgan.

Eng qimmat kompaniyalar reytingi

Amerika IT-konsernlari dunyoning eng qimmat kompaniyalari ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda.

Foto: Reuters

Bozor qiymati qariyb 3 trln dollarga yetgan Apple ro‘yxatda birinchi pog‘onada joylashdi. Kompaniyaning bir dona aksiyasi narxi bir yil ichida 31 foizga oshgan.

Microsoft ro‘yxatda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Kompaniya aksiyalari yil davomida 52 foizga qimmatlashgan, bozor qiymati esa 2,57 trln dollar deb baholanmoqda.

Uchinchi o‘ringa joylashgan Alphabet kompaniyasining bozor qiymati 1,96 trln dollarga yetgan.

Ikki yil avval dunyo reytingida birinchi o‘rinda bo‘lgan Saudiya Arabistonining Saudi Aramco kompaniyasi to‘rtinchi o‘ringa tushgan. 

Undan keyingi o‘rinni 1,72 trln dollar kapitalizatsiya bilan Amazon egallagan.

Dunyodagi birinchi yog‘och sun’iy yo‘ldosh

Yaponiya 2023 yilda dunyodagi birinchi yog‘och sun’iy yo‘ldoshni uchiradi. Bu haqda Kyodo agentligi ma’lum qildi.

Foto: Kyodo News

Yaponiyalik mutaxassislarning fikricha, kosmik apparatni 10 santimetrlik kichik kvadrat shaklida qurish rejalashtirilmoqda. Sun’iy yo‘ldoshning tashqi qatlami yog‘ochdan ishlanadi. Uning tashqi tomonida quyosh batareyalari, ichki qismida esa antennali elektron jihozlar o‘rnatiladi.

Qayd etilishicha, sun’iy yo‘ldoshlarni yog‘ochdan ishlash arzonroq. Hozirgi sun’iy yo‘ldoshlar alyuminiydan qilingan.

Kioto universiteti professori Doining so‘zlariga ko‘ra, agar reja amalga oshirilsa, koinotga qiziquvchi bolalar ham o‘zlarining sun’iy yo‘ldoshlarini yaratishlari mumkin bo‘ladi.

Sony ham elektromobillar ishlab chiqarmoqchi

Sony elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha bo‘linmasini tashkil etadi. Bu haqda kompaniya matbuot relizida aytilmoqda.

Foto: Sony

Kompaniya rahbari Ken’itiro Yosida Las-Vegasdagi Consumer Electronics Show ko‘rgazmasida elektromobillar bozoriga kirish rejalashtirilganini e’lon qildi.

«Biz Sony elektromobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz», — dedi u.

Sony 2020 yildagi ko‘rgazmada Vision-S elektromobili prototipini namoyish etgandi. O‘sha yilning dekabrida elektromobil Yevropa yo‘llarida sinovdan o‘tkazildi.

Buyuk Britaniya gipertovushli raketa ishlab chiqishni rejalashtirmoqda

Rossiyada gipertovushli raketalar mavjudligi bois London gipertovushli qurol ishlab chiqishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘i Toni Radakin ma’lum qildi.

«Bizda bunday raketalar yo‘q, ammo bo‘lishi shart», — dedi Radakin.

U shuningdek, oxirgi 20 yil ichida Rossiya suvosti kemalarining faolligi misli ko‘rilmagan darajada oshganini aytdi. Radakinning so‘zlariga ko‘ra, bu suvosti kabellari tizimiga xavf solishi mumkin.

«Dunyodagi axborot va trafikning katta qismi aynan ular orqali o‘tadi», — dedi Radakin. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yil dekabrda Rossiya «Tsirkon» gipertovushli raketalarini sinovdan o‘tkazganini ma’lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: