Tahririyat elektron manziliga kelgan bir maktub juda ta’sirli. Xat muallifi xalqimizning urf-odatlari bilan bog‘liq eng og‘riqli mavzulardan birini ko‘targan.
«Assalomu alaykum. Yaqinda mahallamizda bo‘lgan bir ish sizga maktub yozishga undadi. Maktubimni e’lon qilsangiz, balki insonlar undan xulosa chiqarar.
Yoshi oltmishga borib qolgan mahalladoshimizning uch o‘g‘li bor edi. To‘ng‘ich o‘g‘li bundan 10 yilcha avval 19–20 yoshlarda buyrak qurishi kasalligiga chalinadi. Shifokorlar donor bo‘lsa yigitni xorijda arzonroqqa operatsiya qilish mumkinligini, aks holda buyrak topish uchun katta pul kerak bo‘lishini aytishadi.
O‘rtaholdan past darajada bo‘lgan otada aytarli mablag‘ ham, yashab turgan uyidan boshqa sotib pul qilsa bo‘ladigan mulk ham yo‘q edi. Qarindosh-urug‘ va mahalla ahlidan ham operatsiya uchun kerak bo‘ladigan katta mablag‘ni topib bo‘lmasdi.
O‘sha kezlarda viloyat markazlarida qon tozalaydigan tibbiy uskunalar yo‘q, ota-ona o‘g‘lini Toshkentga olib borib kelishga ham mablag‘ topa olmasdi. Shu tariqa ular yigitning joni uzilguncha ezilib o‘tirishdan boshqa choralari qolmaydi.
Yigit vafot etgach, ertasi kundan ma’rakalar boshlandi. Bemor uyida yotganida uning holidan xabar olishga yaramagan uzoq-yaqin tanishlar, qarindoshlar endi fotihaxonlikka kelishardi.
Janozaga uch kun bo‘lganda qo‘y so‘yib «xudoyi» qilishdi. Undan keyin payshanba va yakshanba kunlari fotihaxonliklar bo‘ldi. So‘ng yana bitta qo‘y so‘yib «qirqi»ni o‘tkazishdi. Keyin «o‘likiftor», yil o‘tib «yiloshi» qilindi. Yigitning davolanishi uchun yordam bermaganlar uning ma’rakalarini o‘tkazishi uchun otasiga qarzga pul topib berishdi.
Oradan 5 yil o‘tib ikkinchi o‘g‘ilda ham ikkita buyrak quridi. Akasi bilan sodir bo‘lgan barcha ishlar u bilan takrorlandi. Ota unga buyrak o‘rnatish yoki davolanib turishi uchun mablag‘ topa olmadi. Ammo vafot etgach, janozadan so‘ng o‘tkaziladigan barcha ma’rakalar uchun pul topildi.
Oila boshiga tushadigan sinovlar tugamagan ekan, yaqinda uchinchi o‘g‘ilda ham ikkala buyrak quriy boshlabdi. Otaning chorasizlikdan boshi qotgan. Ona esa o‘g‘li uchun buyragini berishga tayyor, faqat yig‘laydi. Mabodo buyragi o‘g‘liga mos tushmasa yashab turgan uyini sotib bo‘lsa ham o‘g‘lini davolatishga ahd qilgan.
Ota oxirgi yillarda Hindistonga borib buyrak qo‘ydirganlarni topib yo‘l-yo‘riqlarni so‘radi. So‘ng mevazor bog‘ini va hovlisining yarmida shu kasal bo‘lgan o‘g‘li uchun qurilgan uyni sotdi. Ammo o‘shanda ham rejadagi mablag‘ bo‘lmadi. Safarga jo‘nab ketishdan oldin esa...
Mahalladoshim jo‘nab ketganda men uyda emasdim. U «safarga chiqishidan avval qon chiqarish kerak», deb bozordan qo‘y sotib olibdi. So‘ng uni so‘yib, dasturxon yozibdi va mahalla ahliga ehson beribdi. Safardan qaytib bu xabarni eshitgach birov boshimga gurzi bilan urganday bo‘ldi.
To‘ng‘ichi va o‘rtancha o‘g‘li dardga chalinganda ularni davolatish uchun mahalladoshim pul topa olmagandi. Kenja o‘g‘lini davolatishga ham odamlardan qarz va yordam so‘rab pul topolmagach, bog‘i va mulkini sotdi. Qolaversa, hali o‘g‘liga yangi buyrak qo‘ydirgandan keyin ham ko‘rikka borib kelib turish uchun unga ancha mablag‘ kerak bo‘ladi.
Shuning uchun hozir mahalladoshim bir so‘mni ham tejab ishlatishi lozim. Ammo u buni o‘ylamay «safarga chiqishimdan oldin qon chiqarishim va ehson berishim kerak», deb halitdan pulning bir qismini sarflab yuboryapti.
Agar mahalladoshimning boshiga og‘ir kun tushmaganida va u oilasi ehtiyojidan ortgan puliga ehson qilib berganda barakalla derdim. Ammo hozirgi holatda uning ehson qilishini nima deb atashni bilmayman.
Menga eng yomon ta’sir qilgani, mahalladoshim o‘g‘lining dardida nima qilayotganini bilmayapti. Ammo chorasizlikdan mol-mulkini, yerini sotib o‘g‘lini davolatishga olib ketayotgan odamga mahallada ham «bu ishing to‘g‘ri emas», deydigan kishi topilmabdi. Mahalladoshlar uning ishi noto‘g‘ri ekanligini aytmagani yetmaganday, ehsonga borib qo‘y go‘shti va yog‘idan pishirilgan oshni paqqos tushirishibdi.
Bugun katta dabdabalar bilan to‘y qilayotganlarni tushunsa bo‘lar, ko‘pchilik bu uchun bir necha yil pul yig‘adi, tayyorgarlik ko‘radi. Ammo kasallik va o‘lim qo‘qqisdan keladi va o‘sha paytda istalgan odamning qo‘lida mablag‘ bo‘lmasligi mumkin. Ana shunday holatda boshiga og‘ir kun tushgan odamga imkoni yetguncha yordam berish o‘rniga, uning o‘rinsiz qilayotgan ma’rakasida qatnashib, oshini yeyish — bu insofsizlikdan boshqa narsa emas».
Ushbu maktubni o‘qib ko‘z o‘ngimdan bolasining ta’lim-tarbiyasiga e’tibor bermasdan ma’rakabozlikni yaxshi ko‘radigan, qo‘shnisi och-yupun o‘tirganda taniqli mashshoqni olib kelib, katta pul sarflab ko‘pkarilik to‘y beradigan yurtdoshlarim o‘tdi.
Bugun O‘zbekistonning istalgan qishlog‘iga borib, duch kelgan xonadonga kirib so‘rang — yuvinadigan joyning o‘zi yo‘q, bori ham bir ahvolda. «Ha endi odamlarning qo‘li kalta, hammom qurib, uning ichini tuzukroq qilib jihozlashga puli yo‘q, nima qilsin?» deyishingiz mumkin.
Ammo aksariyat odamlar farzandi sog‘lom o‘sishi uchun lozim bo‘lgan hammomni qurib, jihozlamaydi, bostirmada yuvinadi. Lekin bolasining sunnat to‘yida qarz olib bo‘lsa ham dabdabali osh beradi. Agar xohlasa bitta «ma’rakacha»ning puli hammom qilib qo‘yishga yetadi.
Qizchasi kasalmand, ayolini sog‘lig‘i ham haminqadar, ularning davolanishi uchun pul sarflamaydi, lekin o‘g‘lining sunnat to‘yini zo‘r qilib o‘tkazish uchun yig‘yapti.
Bolasi arzimagan pul turadigan kitobga yoki oyiga arzimagan to‘lovi bo‘lgan qo‘shimcha to‘garakka pul so‘rasa bermaydi. Ammo odamlardan ortda qolmay, deya keraksiz ma’rakaga bir dunyo pul sarflaydi.
O‘zi mahallada kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turadi, lekin otasi yoki onasi qazo qilsa aza marosimlarini qarz olib bo‘lsa-da, eldan kam qilmasdan o‘tkazadi. Ana shunday holatda «siz shu ma’rakalarni yengilroq o‘tkazavering, falon-falon ma’rakalarni qilmasangiz ham bo‘laveradi» deb nasihat qilinsa «boshqalardan mening nima kamim bor?» deb qovog‘ini uyadi.
O‘tgan yil pandemiyada maxsus komissiya to‘y va boshqa ma’rakalar 30 kishidan oshiq bo‘lmagan holda o‘tkazilishini belgilaganda 80 ga kirgan cholning tuman hokimligi binosiga janjal qilib kelganiga o‘zim guvoh bo‘lganman. U hokimdan nevarasining sunnat to‘yiga ko‘proq odam chaqirishiga ruxsat berilishini so‘rab kelgandi.
Biz ma’rakabozlik kasalligiga kecha yo bugun chalinmadik. Bundan 100 avval ham shunday bo‘lganmiz. Taniqli ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy 1915 yilda yozgan «Bizni kemirguvchi illatlar» maqolasida aynan xalqning ma’rakabozligini ham tanqid qilgandi.
«Nikoh, xatna, bu ikki balo shundog‘ qattiq bir illatki, o‘lmaguncha qutulub bo‘lmaydur. Shaharlarda o‘rtahol, ya’ni o‘turarg‘a xona va bog‘i bor bir kishi nikoh uchun ikki ming so‘m sarf etar va o‘g‘ul xatnasi uchun hech bo‘lmaganda ming so‘m. Har bir benavo kishi bu mavridlarga 200 so‘mdan 1000 so‘mgacha sarf etar. Boy va zo‘raki boylar esa besh ming, o‘n minglab sarf etar. Oxiri nima bo‘lur?
Bir do‘konchi, bir gulkor, bir faqirhol, bir kosib uchun bu to‘y va ta’ziyalar o‘lumdan qatig‘durki, muning uchun bechora har kun o‘lur. Har kun o‘lgon ila-da qutulmas. O‘zidan so‘ngra ahlu ayolig‘a bu yo‘qsullik va bu musibatni meros qo‘yar. Xo‘b, yaxshi, o‘z molini to‘y va ta’ziyag‘a isrof etsun, barbod etsun, ko‘zi chiqsun. Hay, bonka oqchasini, birov pulini na uchun barbod etar. Bu devonalikni u tarafi emasmi?» deb kuyunib yozgandi Behbudiy.
Gapning indallosi shuki, bu xalqni ma’rakabozlik balosidan qanday qutqarish mumkin, bilmayman. Har kimning o‘ziga insof bersin deyishdan o‘zga chora yo‘q.
Shuhrat Shokirjonov