Toshkent shahar hokimligi nihoyat sud qarorini ijro etadimi?

O‘zbekiston 12:25 / 07.01.2022 14291

O‘zbekiston Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 1 fevraldagi qarori ustidan poytaxt hokimligi kiritgan kassatsiya shikoyatini ko‘rib chiqib, masala yuzasidan so‘ngso‘zni aytdi.

Sudlov hay’atiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan, hokimlik MChJga ko‘rgan zararlarining o‘rnini to‘la hajmda qoplab bermagani, 0,55 gektar yer maydoni o‘rniga 0,15 gektar yer maydoni ajratilgani, MChJga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan 2035 m2 savdo maydoni (avtosalon) binosi o‘rniga teng qiymatda kompensatsiya tariqasida boshqa mol-mulk yoki yer maydoni yoxud pul mablag‘i berilmaganini inobatga olib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, da’vo talabini qanoatlantirishda moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llagan holda qonuniy qaror qabul qilgan.

Mazkur qarorda “Tulpor” MChJga buzilgan mol-mulki uchun 2 mlrd 21 mln 683 ming so‘m tovon puli to‘lash belgilangan edi. Biroq shahar hokimligi turli vajlar, xususan, Oliy sudga kassatsiya shikoyati kiritish bilan jarayonni ortga surib kelayotgandi.

Kun.uz bu mavzu borasida dastlab “12+3=55? Toshkent shahar hokimligi o‘z vaqtida 1 mln dollar bo‘lgan mulk uchun tovon pulini to‘lamayapti” sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqola e’lon qilgan edi.

Keyinroq, “Biriga qaymoq, biriga to‘qmoq!” Shahar hokimligi tovon puli to‘lashda ikki xil standartga yo‘l qo‘yayotgan ko‘rinadi” sarlavhali tahliliy chiqish qilindi. Unda hokimlik ayrim tadbirkorlik sub’yektlariga tovon puli to‘lashda turlicha yo‘l tutayotgani haqida so‘z boradi.

2021 yil 15 dekabr sanasida “«Bular bilan 10 yildan beri talashyapman». Toshkentda tadbirkor shahar hokimligidan tovon pulini ololmayapti” sarlavhasi bilan yana bir maqola e’lon qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2020 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 2021 yilning oxirigacha hokimlikning “snos”lar bo‘yicha barcha qarzlari qoplanishini ta’kidlagandi.

Shu yilning avgustida esa Shavkat Mirziyoyev hokimliklar “snos”lar natijasida 349 nafar tadbirkordan 123 milliard so‘mga qarzdorligini ma’lum qilib, hududlar hokimlarini 1 sentyabrga qadar qarzdorliklardan qutulish kerakligi haqida ogohlantirgandi.

Moliya vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 2021 yilda “snos”lar uchun mulkdorlarga 1 trilliondan ortiq pul to‘langan. 2022 yilda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan to‘lanadigan kompensatsiyalar uchun budjetdan 500 milliard so‘m ajratilishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: