Sirdaryoda qasddan odam o‘ldirgan va bosqinchilik qilgan shaxs 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jamiyat 19:32 / 07.01.2022 2447

Sirdaryoda qasddan odam o‘ldirgan va bosqinchilik qilgan shaxs 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 18 mart kuni qimor o‘yinlari sababli 35 million so‘m qarz bo‘lgan X.M. xolasining uyiga borib, pichoq yordamida eshikni buzib kirmoqchi bo‘lganda uy ichida bo‘lgan xolavachchasi borligini sezib qolgan.

Xolavachchasi eshikni ochib, uni ichkariga taklif etgan va namoz o‘qiy boshlagan. Vaziyatdan foydalangan X.M. namoz o‘qiyotgan xolavachchasiga o‘n marta pichoq bilan zarba bergan. So‘ng uni boshini yostiq bilan yopib, bo‘g‘a boshlagan. Oqibatda jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari olib, vafot etgan.

Jabrlanuvchining yordam so‘rab baqirganini pastki qavatda yashovchi qo‘shni ayol eshitib qolgan. Unga yordam berish uchun yuqoriga chiqqan. X.M. eshik oldida unga ham pichoq urmoqchi bo‘lgan, ammo ulgurmasdan qochib ketgan. Olib borilgan tezkor qidiruv natijasida X.M. Sirdaryo viloyatida ushlangan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining hukmi bilan X.M. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» va «i» bandlari hamda 164-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan aybdor deb topilgan. Qasddan odam o‘ldirish va bosqinchilik jinoyatlarini sodir etgan X.M.ga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: