Tunnel devorlaridan suv oqayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan keyin ko‘pchilik quruvchilarni qurilish ishlarini sifatsiz olib borishda aybladi.
Kun.uz tunnelning yomg‘irdan keyingi holatini tasvirga oldi.
Darhaqiqat, tunnel ostida suv oqib tushgan izlarni ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan keyin yangi terilgan bezak plitalari orasidan suv qanday sizib tushgani haqidagi savollar paydo bo‘ldi.
Gap shundaki, bezak plitalari qorishma (rastvor) bilan emas, maxsus temir konstruksiyaga mahkamlanib terilgan. Ya’ni orasi ochiq va u yerdan suv bemalol oqishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, suv yuqorida joylashgan ariqdan toshib chiqib, yangi gul ekilgan tuproqli joydan sizib o‘tib, tunnel tomonga oqqan.
Shu sabab tunnel ostida suv to‘planib qolgan joylarni uchratish mumkin. Qurilish ishlari hali to‘liq yakunlanmagan. Obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Yo‘l belgilari ham endi o‘rnatilmoqda. Piyodalar Bo‘stonsaroy ko‘chasini kesib o‘tishi uchun yer ostida barpo etilayotgan o‘tish joyida ham bezak ishlari olib borilmoqda.
Ko‘prik qurilishini olib borgan «Ko‘prikqurilish» tresti 1-otryad direktor o‘rinbosari Azim Bekmirzayevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ko‘prikdan suv toshib chiqishiga lotoklar va drenaj tizimi hali nihoyasiga yetmagani, borlariga esa chiqindi tiqilishi sabab bo‘lgan.
«Ushbu suv sizib chiqish hodisasi tunnel va ko‘prikning konstruktiv qismiga zarar yetkazmaydi, uning cho‘kishiga olib kelmaydi. Chunki, ko‘prik qurilishida svay qoziqlari qoqilgan, ko‘plab temir-beton ishlari bajarilgan. Lotoklardan toshib chiqqan suv ham beton sirt yuzasi bo‘ylab, nishablik tomon yurgan, gruntga singmagan», — dedi u.
Qurilish ishlari davom etmoqda va yanvar oyi oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Trest vakilining ma’lum qilishicha, hali ko‘prikdagi asfaltning bir qismi qirqib olinib, qurilish standartlariga mos ravishda to‘sinlarning ikki tomoniga deformatsion montaj choklari o‘rnatiladi.
Ayni paytda birinchi navbatda yana suv sizib chiqmasligi uchun ariqlar va suv yurish yo‘llari holati qaytadan ko‘rib chiqiladi.
Bekmirzayevning so‘zlariga ko‘ra, 31 dekabr kuni Samarqandning eng muhim chorrahasida qator oylardan buyon kuzatilayotgan tirbandlikning oldini olish uchun faqat yo‘lning tayyor bo‘lgan qatnov qismi ochilgan, qolgan ishlar esa davom ettiriladi.
Qurilishga ajratilgan pullar 64 milliard so‘mdan 143 milliard so‘mgacha oshganiga ham izoh berildi. Uning ma’lum qilishicha, hukumat qarorida nazarda tutilgan 64 milliard so‘m – qurilish ishlarini boshlash uchun boshlang‘ich mablag‘ bo‘lgan. Qurilish-montaj ishlarini olib borish jarayonida qurilish ishlari hajmi va unga mos ravishda smetasi ham ortib borgan.
Kun.uz muxbiri Bo‘stonsaroy ko‘chasida barpo etilgan galereyada va uning Ro‘dakiy ko‘chasi bilan kesishmasida barpo etilgan yo‘l o‘tkazgich va tunnel atrofida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari ayrim joylarda sifatsiz bajarilganiga guvoh bo‘ldi.
Bo‘stonsaroy ko‘chasidagi galereya ko‘prikning ikki yonidagi tuproq ko‘tarmasi yomg‘irda ivib, yorilib yotibdi. Quruvchilarning aytishicha, tez kunlarda yo‘lning bu ikki qismidagi ko‘tarma armokarkasli beton bilan yopiladi.
Shuhrat Shokirjonov, O‘tkir Jalolxonov,
Kun.uz muxbirlari.