Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida qarz tufayli kelib chiqqan janjal odam o‘limi bilan yakun topgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 5 yanvar kuni soat 13:20 larda Shahrisabz tumani “Loliston” MFYda yashovchi aka-uka F.Sh. va F.M. tanishi Shahrisabz shahar, “Kulollik” MFYda yashovchi R.Z. bilan Shahrisabz shahar “Oqsaroy” MFYda joylashgan ustaxona oldida ilgaridan o‘rtalarida bo‘lgan qarz yuzasidan kelib chiqqan adovat tufayli janjallashib qolgan.
Z.R. Sh.F.ga qarzni qaytarishini aytib, uni turli so‘zlar bilan haqorat qilib, o‘zaro tortishib qolishgan. Sh.F.ning jahli chiqib, uni o‘ldirish maqsadida ustaxonada bo‘lgan temir quvur va pichoq olib, Z.R.ni orqasidan quvib borib, temir quvur bilan uni urib yiqitgan.
Z.R. o‘zini himoya qilish maqsadida yonida bo‘lgan pichog‘ini qo‘liga olgan vaqtida Sh.F. temir quvur bilan Z.R.ning qo‘liga urgan va pichoq yerga tushib ketgan.
Sh.F. va Z.R.ning janjalini kuzatib turgan Sh.F.ning akasi M.F. janjal bo‘layotgan joyga yetib kelib, Z.R.ning bosh sohasiga bir necha marotaba qo‘lida bo‘lgan yog‘och kaltak bilan qasddan urgan.
Shu vaqtda Sh.F. yerda yotgan pichoqni olib, Z.R.ning chap ko‘krak yon sohasiga va ko‘krak o‘ng yon sohasiga ikki marotaba sanchgan. O‘zining yonida bo‘lgan pichoq bilan yerga qarab yotib qolgan Z.R.ning orqa ko‘krak sohasiga 8 marotaba pichoq sanchgan. Oqibatda, Z.R. og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.