Innovatsion dori vositalari va ularning kasallikning ijobiy natijasiga ta’siri

O‘zbekiston 11:56 / 07.01.2022 4838

So‘nggi yillarda dunyoda yurak-qon tomir kasalliklaridan (YuQK) kasallanish va o‘lim statistikasi sezilarli darajada oshdi. Miokard infarkti va beqaror stenokardiya kabi klinik sharoitlarni birlashtiruvchi yurak ishemik kasalligining zo‘rayishi davri bo‘lgan o‘tkir koronar sindromdan (O‘KS) har yili AQSh va Yevropada 914 mingga yaqin odam vafot etadi. O‘zbekiston yurak-qon tomir patologiyalaridan o‘lim holatlari bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ushbu muammoning kelib chiqish sabablari va uni bartaraf etish yo‘llarini o‘rganish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi a’zosi, professor Kurbanov Ravshanbek Davletovich bilan suhbatlashdik.

Ravshan Kurbanovich, siz qanday fikrdasiz, nima uchun YuQK bugungi kunda mamlakatimizda o‘limning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi?

Darhaqiqat, YuQK o‘limga olib keladigan kasalliklar umumiy sonining deyarli 59 foizini tashkil qiladi. Mamlakatimizda bu ko‘rsatkichlar, masalan, Yevropa, Yaponiya, AQSh va Qozog‘istondagidan yuqori hisoblanadi. Men o‘ylaymanki, bu muammo nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatga ham ega, sababi, ushbu ko‘rsatkichlar YuQK bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish darajasiga, tibbiyot muassasalaridagi jihozlarga, kasallikka o‘z vaqtida tashxis qo‘yilishiga va boshqalarga bog‘liq.

Ilgari tibbiy muolajalarni, xususan, teri osti koronar aralashuvi (TKA), shuntlash, angioplastika kabi muolajalarni faqat kardiologiya markazlarida olish mumkin edi. Oxirgi yillarda Prezidentimiz farmoyishiga ko‘ra, O‘zbekistonning har bir shahridagi O‘KS bilan kasallangan barcha bemorlar eng yaqin shifoxonada trombolizdan o‘tishi mumkin bo‘lgan dastur tayyorladik. Biz uchun bu yutuq va ushbu kasallikka qarshi kurashda terapiyani rivojlantirish yo‘lidagi salmoqli qadamdir. Ishonchimiz komilki, yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamning o‘z vaqtida ko‘rsatilishi, albatta, o‘z samarasini beradi, ammo undan foydalanishi mumkin bo‘lgan bemorlarni qamrab olish darajasini oshirish zarur. Misol uchun, trombolizga muhtoj bo‘lgan bemorlarning atigi 25 foizi davolangan, angioplastika va shuntlashga muhtoj bo‘lgan aholining ulushi atigi 53 foizni tashkil qiladi.

Biz bu ko‘rsatkichlarni oshirish ustida ishlayapmiz. Markazlar va mutaxassislar soni sezilarli darajada, xususan, so‘nggi yillarda deyarli 10 baravarga ortdi, ammo, YuQS bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash uchun bemorlar va mutaxassislar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yish ham dolzarb masala hisoblanadi, masalan, avvalambor poliklinikada o‘z vaqtida tashxis qo‘yish, keyin esa kardiologiya markaziga yoki zaruratga qarab, angiologlarga yuborish.

O‘KSning oldini olish choralari mavjudmi?

Kasallikning oldini olishning 3 ta yondashuvi mavjud.

Birinchisi – hammaga ma’lum yoki populyatsion usullar. Masalan, STT, piyoda yurish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, ratsional ovqatlanish, optimal vaznni nazorat qilish, tamaki chekish va boshqa zararli odatlardan voz kechish.

Oldini olishning ikkinchi chorasi – bu O‘KS, yurak xuruji va insult ko‘rinishidagi asoratlarning oldini olish uchun xavf omillarini aniqlash va ularga qarshi kurashish. Misol uchun, xolesterinning yuqori darajasi, diabet, semizlik bilan kasallangan bemorlar va chekuvchilarda YuQK rivojlanish xavfi yuqori, shuning uchun ularni o‘z sog‘lig‘iga alohida e’tibor berishga ishontirish kerak.

Uchinchi yondashuv – nogironlik rivojlanishi yoki o‘lim bilan yakunlanadigan kasallikning oldini olish bo‘yicha tashxis qo‘yilgan bemorlarni zamonaviy usullarga muvofiq davolash.

Jismoniy faollik – umumiy tavsiya. Ammo jismoniy faollik bemorning yoshi va sog‘lig‘ini hisobga olgan holda dozalanishi kerak.

Umuman olganda, agar bemorlar tavsiyalarga qanday rioya qilishlari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular terapiyaga qanchalik sadoqatli ekanliklari va shifokor tavsiyalariga amal qilishadi?

Bu juda katta muammo. Bemor jiddiy kasallikdan, masalan, shish va nafas qisilishidan aziyat cheksa ham, u oyoqqa turishi va odatdagi holatiga qaytishi bilan darhol terapiyani to‘xtata boshlaydi. Bu, albatta, davolanish butun kursining umumiy natijasiga, kasallikning yakuniy natijasiga, shuningdek, uning qaytalanishiga ta’sir qiladi.

Yaqinda Sanofi O‘zbekiston bozorida Klopidogrel va Atsetilsalitsil kislotasining fiksatsion birikmasi bo‘lgan innovatsion dori vositasini taqdim etdi. Dori vositasining samaradorligi haqida qanday fikrdasiz?

Bu yurak-qon tomir kasalliklari terapiyasida muhim hodisadir: ko‘plab bemorlarimiz antiagregantlarga muhtojligi sir emas. Ularga stenokardiyadan aziyat chekuvchi, miokard infarktini boshidan o‘tkazgan, teri koronar aralashuvi va angioplastikani o‘z boshidan o‘tkazgan insonlar kiradi. Avvallari antiagregant sifatida ular aspirin qabul qilishgan. 2010 yilgacha klopidrogel va antiagregantlar alohida qabul qilingan. 2010 yildan boshlab bemorlar majburiy ravishda ikki martalik antiagregant terapiyaga amal qilishlari lozim bo‘lgan. Odatda, aspirin bilan klopidrogel yoki aspirin bilan tikagrelor qabul qilinadi – bu kombinatsiyalar majburiy hisoblanadi. Har bir kombinatsiya o‘zining afzalliklari va kamchiliklariga ega.

 Ushbu preparatning afzalligi shundan iboratki, bir dona tabletka tarkibida ikki xil dori vositasi mavjud. Bu yerda davolanishning komplayentligi ancha yaxshi. Bemorlarga 5-6 tadan dori vositasi yozib berilganda, komplayentlik pasayadi. Agarda terapiyada ko‘pi bilan 3 xil dori yozilsa, komplayentlik yuqori bo‘ladi. Shuning uchun ham, mening fikrimcha, bu anchagina samarali va xavfsiz kombinatsiya bo‘lib, bemorlarning sifatli davolanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi hamda terapiyaning komplayentligini oshirishga yordam beradi.

Yurak-qon tomir kasalliklarining miqyosi o‘sishi sharoitida kasalliklar profilaktikasiga alohida e’tibor qaratish juda muhim, ya’ni aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda muntazam profilaktik ko‘riklardan o‘tkazish, shuningdek, ham bemorlar, ham shifokorlar bilan ish olib borish barobarida samarali diagnostika va davolanishga moyillikni ta’minlash mumkin. 

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: