FMO va “Ipak Yo‘li” banki O‘zbekistonda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun 50 mln AQSh dollarlik shartnoma imzoladi

O‘zbekiston 09:00 / 07.01.2022 2089

“Ipak Yo‘li” banki Niderlandiyaning tadbirkorlikni rivojlantirish banki (FMO) tomonidan O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun qiymati 50 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan mablag‘larni jalb qildi.

Navbatdagi hamkorlik dasturi doirasida ajratilgan kredit mablag‘lari multivaluta ko‘rinishida taqdim etiladi, bu esa kredit mablag‘larini AQSh dollarida hamda milliy valutada jalb etilishi mumkinligini anglatadi.

FMO'ning investitsiyalar bo‘yicha direktori Uib-Yan de Ryuyter shunday dedi: “Biz “Ipak Yo‘li” Banki bilan ko‘p yillik aloqalarimizni so‘nggi yuqori samaraga ega kelishuv orqali mustahkamlashdan mamnunmiz. Ajratilayotgan kredit mablag‘lari asosan “yashil” loyihalarni hamda moliyalashtirishga ehtiyoji bo‘lgan yosh tadbirkorlarni va ayol tadbirkorlarni, qolaversa qishloq xo‘jaligi va mikro sektorda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi, bu esa “Ipak Yo‘li” Banki missiyasi bizning “Yashil moliyalashtirish” hamda “Tengsizlikni qisqartirish” dasturlarimizga mos kelishidan dalolat beradi.”

Imzolangan shartnomaga muvofiq, Bank kredit mablag‘larni kichik va o‘rta biznes sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiradi va o‘z navbatida energiya samaradorligini, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Bank tomonidan mamlakatdagi yosh tadbirkorlar, shuningdek, ayol tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirish uchun moliya mablag‘lari ajratiladi.

– Erishilgan mazkur kelishuv bizning hamkorligimiz doirasida yana bir ahamiyatli voqea sanalib, O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Jalb qilingan kredit mablag‘lari “Ipak Yo‘li” Bankining kelgusidagi rivojiga xizmat qiladi hamda xususiy korxonalar orasida energiya resurslaridan samarali foydalanilishini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shishga yordam beradi. Shuni ta’kidlash joizki, kredit mablag‘lari tufayli Bank yosh tadbirkorlar va ayol tadbirkorlar rahbarligi ostidagi xususiy korxonalarda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga yordam beradi, - izohladi Bankning Boshqaruvi raisi Saidabror Saidahmedov.

“Ipak Yo‘li” bankining FMO bilan hamkorligi 2013 yildan boshlab mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun qiymati 13 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan kredit liniyasi taqdim etilishidan boshlangan. Keyingi yillarda banklar o‘rtasida qiymati 78 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan yana 4 ta shartnoma imzolangan.


Ma’lumot uchun: FMO – Niderlandiya tadbirkorlikni rivojlantirish banki. Yetakchi investorlardan biri sifatida FMO rivojlanayotgan davlatlar hamda rivojlanayotgan bozorlarda xususiy sektorning barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi. FMO bankiga ko‘ra, kuchli xususiy sektor iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish asosi hisoblanadi va u insonlarga o‘z ko‘nikmalaridan foydalanib, turmush sifatini yaxshilash uchun imkoniyat yaratish borasida 50 yillik ish tajribasiga ega. FMO diqqatini rivojlanishga katta ta’sir ko‘rsatuvchi uchta sektorga qaratadi: moliya institutlari, energetika va agrobiznes, oziq-ovqat va suv ta’minot. 85 ta mamlakatni qamrab olgan 9,3 mlrd. yevroga teng portfel bilan dunyodagi xususiy sektorni ikki tomonlama rivojlantiruvchi yirik banklardan biri hisoblanadi.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: www.fmo.nl

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: