Fanlar bo‘yicha xalqaro imtihonlarni endi O‘zbekistonda ham topshirish mumkin. Bu nima uchun muhim?

Jamiyat 18:52 / 07.01.2022 9821

Imtihonning ahamiyati va o‘tkazilish tartibi haqida Prezident ta’lim muassasalari agentligi Maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari Gavhar Ishimova Kun.uz'ga bergan intervyusida ma’lumot berdi.

Gavhar Ishimova  / Foto: Kun.uz

— A-level sertifikati nima, u O‘zbekistondagi o‘quvchiga qanday imtiyoz beradi?

— Xorijiy OTMlar biznikidek fan kesimida imtihon o‘tkazmaydi. Ular xalqaro tan olingan sertifikatlarga ega nomzodlarni o‘qishga qabul qiladi. Ana shunday sertifikatlardan biri Cambridge Assessment tashkiloti tomonidan beriladigan A-level hisoblanadi. Buni qo‘lga kiritgan nomzod xorijiy OTMlarga imtihon topshirib yurmaydi, shu sertifikat uning bilimini ko‘rsatadi.

A-level 1750dan ortiq OTMlarda tan olingan va top-20talik universitetlar ham sertifikatni qabul qiladi.

— A-level uchun imtihonlar qayerda o‘tkaziladi?

— Shu paytgacha o‘zbekistonliklar bu imtihonni topshirish uchun Cambridge Assessment tan olgan markaz qaysi davlatda bo‘lsa, o‘sha yerga borib, imtihon topshirar edi. Endi bu imkoniyat o‘zimizda paydo bo‘ladi. Yaqinda Nukus, Xiva, Namangan va Toshkentdagi prezident maktablari Cambridge Assessment tomonidan xalqaro imtihonlarni o‘tkazish markazi deb tan olindi. U yerga respublika bo‘yicha istagan o‘quvchi borib, imtihon topshirishi mumkin.

— O‘zbekistonda A-level imtihonini o‘tkazishga qanday ehtiyoj bor edi?

— Prezident maktabi o‘quvchilarining 88 foiziga xorijiy universitetlardan taklifnoma keldi. Bunda ulardagi A-level sertifikati muhim rol o‘ynadi. Shundan keyin bizga ko‘pchilik sertifikatni qanday olish bo‘yicha murojaat qilishni boshlashdi. Shu sabab Cambridge Assessment akkreditatsiyasidan o‘tgan va xalqaro markaz tomonidan tan olingan 4ta hududdagi prezident maktabida imtihonni tashkillashtiramiz. Keyingi o‘quv yilidan esa 14ta hududda ham imtihon topshirish mumkin bo‘ladi.

— Imtihonni topshirish uchun yosh chegarasi belgilanganmi?

— Cambridge Assessment A-level'dan tashqari AS va IGCSE sertifikatlarini ham beradi. Bular ham ma’lum bir xorijiy universitetlarga kirishda talab qilinadi. A-level'ni topshirish uchun ko‘proq bilim va malaka kerak. Prezident maktablari o‘quvchilari IGCSE'ni 8–9-, AS'ni 10-, va A-level'ni 11-sinfda topshirishadi.

Lekin chetdan kelgan talabgorlar nechanchi sinfda o‘qishidan qat’i nazar, o‘z bilimi va xohishiga qarab, istalgan turdagi imtihonni topshirishi mumkin. Cambridge Assessment yosh chegarasi bo‘yicha hech qanday cheklov qo‘ymagan.

— Talabgorlar qaysi fanlardan imtihon topshirishi va imtihonga qanday tayyorlanishi haqida ma’lumot bera olasizmi?

— Cambridge Assessment imtihon uchun 50dan ortiq turdagi fanni taqdim etadi, talabgor esa 3tadan 5tagacha fan tanlaydi. Savollar tashkilot dasturlari asosida tuziladi va dasturlar har yili e’lon qilinadi. Har bir dastur yildan yilga takomillashtiriladi. Shuning uchun qaysi yilgi dastur asosida tayyorlangan bo‘lsangiz, sizga shu yildagi dastur bo‘yicha tuzilgan savollar beriladi. Bu dasturlarni tashkilot saytidan olish mumkin.

Talabgor ingliz tilini bilish darajasidan tashqari, tanlagan faniga oid atama va terminlarni to‘g‘ri o‘zlashtirishi kerak. Shuni tavsiya qilardikki, har yili imtihonlar o‘tganidan keyin, savollar internetga joylab boriladi. Nomzod shu savollarni o‘qib, imtihon topshirish uchun o‘zida ko‘nikma hosil qilsa bo‘ladi. Savollar o‘quvchining xotirasini aniqlashni maqsad qilmagan. O‘quvchining bilimi, ko‘nikma va malakasi baholanadi. Ayrim aniq fanlardan laboratoriya ishlari ham beriladi. Shu narsa imtihonga oltin standart maqom berilishiga sabab bo‘lgan.

— Imtihonlar qay tartibda va qachon o‘tkaziladi?

— Imtihonlar butun dunyoda may-iyun oylarida bo‘lib o‘tadi. Bu mavsumda yiqilganlar uchun oktyabr-noyabr oyida yana imkoniyat beriladi. Imtihon butun dunyoda bir kunda, bir xil soatda o‘tkaziladi. Test onlayn bo‘lmaydi, Cambridge Assessment o‘zi tan olgan, standartlariga javob beradigan markazlarda o‘zi varaqalarini jo‘natadi, ularning o‘z nazoratchilari bo‘ladi.

Imtihonlarda bir xil savollar tarqatiladi. Materiallar tarqalib ketishining oldini olish uchun shunday qilingan. Javoblar avgust oyida pochta orqali yuboriladi. O‘zbekistonda talabgorlarni ro‘yxatga olish 20 yanvardan keyin boshlanadi. Registratsiya bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’lumotlarni agentlik saytiga joylab boramiz.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: