Surxondaryo viloyati Uzun tumanida fuqarolarning chorva mollarini olib ketib pulini bermagan qassobga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
2021 yil 15 dekabr kuni tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasining xabariga ko‘ra, 2021 yil 27 sentabr kuni Uzun tumani Bahoriston mahallasida yashovchi X.Elmurod tumanning Qarashik mahallasida yashovchi S.G‘ulomning narxi 12 million 260 ming so‘mlik 1 bosh qoramolini so‘yib, go‘shtini sotib berishini aytib, ushbu go‘shtning pullarini bermasdan o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgani aniqlangan.
Bundan tashqari, X.Elmurod 2021 yil sentyabr oyida fuqaro J.Normurodning 65 million 775 ming so‘mlik 5 bosh qoramolini, S.Sanjarning 59 million 261 ming so‘mlik 6 bosh qoramolini va L.Latifning 15 million 978 ming so‘mlik 2 bosh qoramolini so‘yib go‘shtini sotib berishini aytib olib ketgan va pullarini bermasdan o‘zining ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Qayd etilishicha, 2021 yil 15 dekabr kuni X.Elmurodga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.