Chigit voqeasi: Qashqadaryo hokimligining asl yuzi ochilmoqda

O‘zbekiston 16:02 / 06.01.2022 53591

Chiroqchi tumanidagi “Umakay” postida kattaqo‘rg‘onlik tadbirkorlarga tegishli chigit YPX xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingani va bu topshiriq Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan berilgani haqida bir nechta maqola e’lon qilindi.

Kun.uz muxbiri voqea joyidan maxsus reportaj tayyorladi.

Umuman, chigit voqeasi yuzaga chiqqach, dastlab Qashqadaryo viloyati hokimligining dastlabki pozitsiyasi bugunga kelib butunlay o‘zgacha tus olyapti. Ya’ni hokimlik endi vaziyatni boshqa tomonga burishga harakat qilayotgani oydinlashib qoldi.

Xususan, hokimlik Telegram-kanalida 4 yanvar kuni munosabat e’lon qilingandi. Unda holat hokimlik tomonidan atroflicha o‘rganilgani, “Maroqand Gold Oil Ekstraksiya” MChJ olib ketayotgan chigit mahsuloti bo‘yicha QR-kodga ega hisobvaraq-faktura bo‘lmagani va taqdim etilgan hujjatlarda shubha tug‘ilgani sababli qonuniy ravishda vaqtincha saqlovga olingani bayon qilingan. Shuningdek, tadbirkorlar elektron imzo bilan tasdiqlanmagan elektron hisobvaraq-fakturasining qog‘oz nusxasini taqdim etmagani aytilgan.

Mantiqni qarang, o‘zi elektron hisobvaraq bo‘lsa-yu, uning yana qog‘oz nusxasi taqdim qilinsa!

Amaldagi qoidalarga ko‘ra, elektron hisobvaraq-fakturani sotib oluvchi shu zahoti tasdiqlashi shart emas. Buning uchun 10 kun muddat berilgan. Sotib oluvchi hatto fakturani tasdiqlamaslikka ham haqli. 10 kun ichida tasdiqlamasa yoki rad etmasa, elektron hisobvaraq-faktura avtomatik ravishda tasdiqlangan hisoblanadi.

Demak, tadbirkorlarning yuki kamida ertasi kuni yoki hokimlik holatni o‘rganib chiqqan zahoti qo‘yib yuborilishi kerak edi. Chunki bugunga kelib ushbu oldi-sotdi noqonuniy bo‘lmagani, hujjatlar ham mavjudligiga hech qanday shubha qolmadi.

Endi Qashqadaryo viloyati hokimligi vaziyatni 180 darajaga o‘zgartirmoqchi bo‘lyapti. Viloyat hokimligi axborot xizmati bizga “Oq Saroy Klaster” MChJning xatini taqdim etdi. Bu xatda jamiyat texnik chigit o‘rniga 2022 yil hosili uchun ekilishi rejalashtirilgan urug‘lik chigitini yuklab yuborgani qayd etilgan.

“Oqsaroy klaster” MChJ tomonidan ushbu xatolikka yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rilgan holda, kelib chiqqan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida chigit yuklangan yuk mashinalarini “Umakay” muntazam yo‘l patrul maskanida ma’lum muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risida xabar qilindi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, zaxira urug‘lik chigit qaytarib olinib, “Maroqand Gold Oil Ekstraksiya” MChJ yog‘ korxonasiga 10 kun muddatda birja savdolarida yutib olingan texnik chigitni yuklab berish yuzasidan kelishib olindi”, deyiladi munosabatda.

Shuningdek, barcha zarar “Oqsaroy klaster” MChJ tomonidan qoplab berilishi ma’lum qilingan.

Ochig‘i, o‘nlab, yigirmalab savollarni keltirishdan naf yo‘q bu vaziyatda. Aniq fakt shuki, YPX xodimlari viloyat hokimining topshirig‘i bilan chigitni to‘xtatgani bo‘yicha rad etib bo‘lmas fakt (video) ham bor. Yukni to‘xtatishda hujjatlar bahona qilingani ham ochiq haqiqat. Vaziyatni yumshatish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryo hokimi bilan gaplashgani, tadbirkorlarning o‘zi ham yukni qo‘yib yuborishni so‘rab bir necha marta postga, hokimiyatga borgani va o‘sha paytda qilingan munosabatni eslashning o‘zi kifoya.

Kun.uz “Maroqand Gold Oil Ekstraksiya” rahbarlari bilan bog‘landi. Tadbirkorlarga ham klaster xodimlari urug‘lik chigitni bilmasdan yuklab yuborishganini aytgan. Vaholanki, urug‘lik chigit zaxirasi alohida saqlanib, hududdan chiqayotganda mahsulotdan namuna olinadi. Shuningdek, urug‘lik chigit dorilangan bo‘ladi va rangidanoq farq qiladi. Va eng asosiysi, urug‘lik chigit deyilayotgan o‘sha yuz tonnalik “zaxira” ayni vaqtdayam “Umakay” postida chirib boryapti. Undan namuna olish va masalaga oydinlik kiritish uchun odamdan ko‘p narsa talab qilinmaydi, albatta.

Darvoqe, biz surishtiruvimizda yana bir korxona – “Kattakurgan Yog Moy” MChJga tegishli yuz tonna mahsulot ham 2021 yilning 30 dekabr kuni yuklangan bo‘lsa-da, jo‘natib yuborilmayotgani haqida xabar bergandik. Yuk mashinalarida kechagina turgan mahsulot bugun tushirib olingani aytilmoqda. Xo‘sh, bu chigit ham urug‘lik uchun mo‘ljallanganmidi?

Bir so‘z bilan aytganda, tasodiflar bunchalik ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Yuqoridagi ikki munosabatning bir-biriga zidligi Qashqadaryo viloyati hokimligining asl yuzini ochib qo‘ydi.

Kun.uz holat yuzasidan surishtiruvlarini davom ettiradi va mavzuga yana qaytadi.  

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: